Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avtomobil zavodi, yo‘l va futbol — Hokim savollarga javob berdi

Avtomobil zavodi, yo‘l va futbol — Hokim savollarga javob berdi

Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilgan ishlar va 2021 yil rejalari bo‘yicha xalqqa hisobot berib o‘tdi. Hisobotdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida hokim jurnalistlar tomonidan berilgan bir qator savollarga javob berib o‘tdi. Bu haqda Xabar.uz muxbiri xabar berib o‘tdi.

— Namangan shahri kengaymoqda, ko‘pqavatli uylar qurilyapti. Ammo muammo shundaki, ko‘chalar ancha tor va tirbandliklar yuzaga kelyapti. Yo‘llarni kengaytirish rejasi bormi?
— Darhaqiqat yo‘llarimiz torligi ko‘rinib qoldi, ayniqsa qurilish ishlari olib borilayotgan ko‘chalarda tirbandliklar kelib chiqmoqda. Xususan, «Hamrox» ko‘chasida uylar qurilishi boshlangan, ammo ko‘cha kengaymay qolib ketdi. Aholimiz shundan norozi bo‘lyapti. Vaziyatni o‘nglash uchun ishlar olib borilmoqda, bir qator loyihalar boshlangan. Shuningdek markaziy ko‘chalardan tashqari ichki yo‘llarni ham tuzatamiz.

Shahardagi 7 ta asosiy ko‘chalarda tubdan ta’mirlash ishlari bajariladi. Bu ishlarni 2020 yilda amalga oshirishni ko‘zlagan edik, ammo pandemiya tufayli to‘xtab qoldi.

— Pandemiya yana bir muammoni keltirib chiqardi - ko‘plab mehnat muhojirlari xorijga keta olmay, qolib ketdi. Ularni ish bilan ta’minlash qanday ketmoqda?
— Biz IIB bilan birga mehnat muhojirlarini o‘rganish ishlarini olib bordik. Natijada viloyatdan chetga chiqib mehnat qilayotgan 63 ming fuqaro borligi aniqlandi. Ulardan Rossiyada 33 ming nafari ishlasa, yana 19 mingi Qozog‘istonda mehnat qilyapti. Bundan tashqari 51 ming nafar fuqaro pandemiya tufayli qaytib kelgan. Ularning 77 foizini ish bilan ta’minlashga erishdik. Namanganda band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi monomarkaz ochildi va Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda 500 kishilik o‘quv kursi tashkil etildi. O‘rganishga ko‘ra aksariyat muhojirlar qurilish sohasida ishlari qayd etildi. Biz o‘quv kurslarida yuqori malakali usta tayyorlashni yo‘lga qo‘yganmiz. Shuningdek til ham o‘rgatiladi. Ta’kidlash joiz, hozir yuqori malakali ustalarga o‘zimizda ham ish yetarli.

Bizning maqsadimiz — shunchaki chetga yurganlarga telefon qilib, uyga qaytishga undash emas. Balki ish o‘rinlari yaratish orqali oilasi bag‘rida bo‘lishini ta’minlash. Agar biz real ish o‘rni tashkil eta olsak, vatandoshlarimiz ortga qaytadi. Shu yerning o‘zida oilasini bemalol boqa olishsa, hech kim chetga ketishni istamaydi, Rossiyada yurmaydi. Biz nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratishimiz, balki targ‘ib eta olishimiz ham kerak. Hozir ish o‘rinlari haqida turli videoroliklar tayyorlanmoqda.

— Namanganda avtomobilsozlik zavodi qurilishi aytilgan edi. Avvaliga zavod 2019 yilning sentyabrida ochilishi ma’lum qilindi. Ammo nimagadir ishlar to‘xtab qoldi...
— Bu zavod bo‘yicha O‘zbekiston tomoni barcha majburiyatlarni bajargan. Janubiy Koreyadan kelgan investorlar talabiga ko‘ra erkin iqtisodiy zona uchun yer ajratildi, hamkorlik shartnomasi imzolandi. Ammo Janubiy Koreya tomonidan ta’sischilarning o‘zgarishi, pandemiya boshlanib ketgani va shu orqali ularning «faoliyat geografiyasi» o‘zgargani ish to‘xtab qolishiga olib keldi. Hozirda hamkorlik bo‘yicha yangi shartnoma taklif etilgan va biz uni ham imzoladik. Endi esa Janubiy Koreya tomoni imzolashini kutmoqdamiz. Maqsadimiz — loyihani to‘xtatib qo‘ymasdan, davom ettirish. Hamkorimiz shartnomani ko‘rib chiqib, imzolashi uchun hali bir oy vaqt bor. Ulardan javob kutmoqdamiz.

— Namanganning iqtisodi asosan hunarmandchilikka asoslangan. Sohani rivojlantirish uchun nimalar qilinmoqda?
— Prezident bizdan xalq orasiga kirish va o‘rganishni talab qilganda viloyatimizdagi ko‘plab xonadonlarda bo‘ldik. O‘shanda aksariyat xonadonlarda hunarmandchilik rivojlanganini ko‘rdik. Ammo ularning ishi juda kichik hajmda edi. Biz hunarmandlardan nima uchun korxona ochmasliklari haqida so‘radik. Eshitgan eng birinchi muammomiz — yer bo‘ldi. O‘sha vaqtlarda xalqimiz yerni osongina ajratish mumkinligini tasavvur ham qila olmas edi. Oradan biroz vaqt o‘tgach «Orzu» massivida 10 gektarlik sanoat zonasi tashkil etildi. Bu tashabbus Namangan ahli uchun yangilik bo‘ldi. Biz aholiga tadbirkorlik uchun 15 sotixdan 50 sotixgacha yer taklif qildik. Bilasizmi, o‘shanda ochiqchasiga hayron qolganlar bo‘ldi. «Biz ish boshlash uchun yer topa olmas edik, endi hokimiyatning o‘zi bizga yer taklif qiladimi?» degan gaplarni ham eshitdik. Hozir «Orzu» kichik sanoat zonasidagi 22 ta loyihada 2 500 odam ishlamoqda. Prezidentning topshirig‘i shunaqa bo‘ldiki — yirik korxonalar rivoji ham kerak, ammo kichik tadbirkorlik sohalarini bir joyga jamlab, yetarli sharoit yaratib, turli yo‘nalishlarda ishlab chiqarishni tashkil etishning ham ahamiyati katta. Biz bu topshiriqni bajarishga harakat qilyapmiz.

— «Navbahor» futbol klubining viloyat aholisi uchun qadri juda baland. Siz klubni yuritish bo‘yicha strategiyani o‘zgartiramiz, degan edingiz. Bu strategiya qanaqa yo‘nalishda bo‘ladi, ma’lumot bera olasizmi?
—Maqsadimiz — mahalliy yoshlarga e’tibor berish. Yaxshi bilasiz, jamoamiz ushbu mavsumda to‘qqizta yutuqsiz seriyaga barham berib, oxirgi uchta o‘yinda ketma-ket g‘alabaga erishdi. Qolaversa kubokdagi 1/4 o‘yini ham finalga hos kechdi. Hozirda futbolimiz faxri Odil Ahmedov bilan bu borada hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Jamoa boshqaruviga qaysi murabbiy kelmasin, yoshlarga e’tibor qaratiladi. Hozir bosh murabbiylikka nomzodlar bilan muzokara ketmoqda. Yaqinda natijasi e’lon qilinadi. «Navbahor» klubi muxlislar soni va qo‘llab quvvatlashi bo‘yicha yurtimizning yetakchi klublaridan. Bizdan Odil Ahmedov, Aziz Turg‘unboyev, Abbos G‘ulomov va Oston O‘runovlar yetishib chiqqan. Biz ular bilan faxrlanamiz.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring