Ayrim qilmishlar uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinyapti

Senatning 7-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
Bugungi kunda ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar ijtimoiy ahamiyatini yo‘qotgan va ularning soni keskin kamaygan. Shu bilan bir vaqtda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir nechta moddasida ayni bir ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilangan. Shu bois ushbu Qonun ularni muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilganligi qayd etildi.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ayrim huquqbuzarliklar uchun qilmishning xususiyatidan, jazolashdan ko‘zlangan maqsadga erishish uchun yetarlilik nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda ma’muriy javobgarlikni bekor qilishga qaratilgan tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, MJtKning:
- 73 moddasi (Zararli moddalar va qorishmalarga oid operatsiyalarni kema hujjatlarida qayd etish majburiyatlarini bajarmaslik) – 2019-2023 yilning 6 oyida birorta huquqbuzarlik sodir etilmagan;
- 141-moddasi (Transport vositalaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish) – 2019-yilda 19 ta, 2020-yilda 20 ta, 2021 va 2022-yillarda 1 tadan ish ko‘rilgan, oxirgi ikki yilda esa birorta huquqbuzarlik sodir etilmagan;
- 151-moddaning 1-qismi (Ruxsatsiz radiouzatkich shoxobchasi o‘rnatish va (yoki) undan foydalanish, shuningdek abonentlik qurilmasini elektr aloqa tarmoqlariga ulash);
- 156-moddasi (Avtomat telefonlarni shikastlantirish).
Shuningdek, ayni bir qilmish, ya’ni tamaki mahsulotini belgilanmagan joylarda iste’mol qilish uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning turli moddalarida nazarda tutilgan javobgarlik alohida moddada (56/1-modda) aks ettirilmoqda.
Bundan tashqari, Kodeksning ayrim moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishga jabrlanuvchining arizasi bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning boshqa moddalariga ham yuqoridagi o‘zgartirish va qo‘shimchalardan hamda Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturidan kelib chiqqan holda tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter