Bemorning hayoti muhimmi yoki «kimningdir» hurmati?
Albatta bemor hayotida, yo‘qsa, shifokorning oppoq libosga burkanib yurishida ne ma’no, dersiz?! To‘ppa-to‘g‘ri. Biroq Toshkentdagi 7-sonli shahar klinik shifoxonasida buning teskarisi kuzatilayotganiga nima deysiz?! Yana deng, mazkur dargohning xirurgiya bo‘limida! Xirurgiya, ya’niki, jarrohlik — tibbiyotning eng nozik (ko‘plar eng «soqqalik» deyishadi) tizimi hisoblanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, operatsiya xonasini «ikki dunyo chegarasi» deyish mumkin. Bu jarayondagi kichik xato og‘ir oqibatlarga olib kelishi hech gapmas. Katta-kichik xatolar esa nainki jarrohning malakasizligi yoki e’tiborsizligi, balki ichki muhit ta’sirida ham yuz berishi ehtimoli yo‘q emas.
Bugun shahar 7-sonli klinik shifoxonasi xirurgiya bo‘limi ichki muhitida taranglik hukmron. Buning sababi esa eski va yangi avlod jarrohlari o‘rtasidagi munosabatlarga borib taqaladi. Munosabatki, «eskilar» eskicha ishlash tarafdori, «yangilar» esa yangicha...
Xirurgiya bo‘limiga ayni paytda yetmish beshni urib qo‘ygan Mudir rahbarlik qilib kelmoqda. Yigirma yildan buyon! Uning ismi-sharifini ochiqlashdan tiyildik. Avvalo, keksaligi hurmati, bundanam muhimi – shu yoshida ommaviy axborot vositasida ovoza bo‘lgan odamning quda-anda, nabira-abiralar oldidagi holatini ko‘z oldimizga keltirdik... Yoqimsiz-da juda. Hamkasb-u shogirdlari oldida-chi, deysizmi? Sabr qiling, savolingizda quyida javob bor. Qolaversa, gap Mudirning o‘zidagina emas-da.
Xullas, Mudir va shu bo‘limda faoliyat ko‘rsatayotgan yosh jarrohlar o‘rtasidagi munosabatga allaqchon darz ketgan. Sababi, yuqorida qisman aytdik, oddiy va... jiddiy! Mudirdan yosh salaflar noroziligini shunday ifodalaydi: «...yigirma yildan buyon shu dargohda faoliyat ko‘rsatayotganiga qaramay, na jarrohlikda o‘ziga yarasha maktab yaratdi, na malakali shogird chiqardi. Sohadagi yangiliklarga qat’iyan qarshiligini ayting... Yosh, istiqbolli mutaxassislar yo‘liga to‘g‘anoq bo‘laverib, jamoada salbiy muhit shakllanishiga sababchi bo‘lib kelmoqda...».
Ayblovlar zalvorini ko‘rib turibsiz. Xo‘sh, ular qanchalik asosli?
Tirkalayotgan ayblovlarning har biriga alohida to‘xtalib o‘tishga hojat yo‘qday. Inson borki, o‘zaro muomala-munosabatlarda turli tushunmovchilik yoki muammo paydo tug‘ilishi tabiiy. Ikki o‘rtadagi adovat shunday paydo bo‘lishini bilasiz. Adovat esa xolislikka putur yetkazishi aniq. Shu ma’noda noroziliklardagi shaxsiyroq ahamiyat kasb etadigan nuqtalarini nari surib, bevosita umumahamiyat kasb etadigan o‘rinlariga e’tibor bergan ma’qul. Shulardan bittasini olaylik, shuning o‘zi hayrat barmog‘ini tishlash uchun kifoya: «...Sohadagi yangiliklarga qat’iy qarshi».
Bu nimada ko‘rinadi?
Bo‘limning yosh jarrohlari, ayniqsa, Mudirning bemorlarga «laparotomiya operatsiyasi o‘tkazib tashxis qo‘yish» amaliyotidan hamon voz kechmayotganini hazm qilolmayapti. Bu qorin bo‘shlig‘ida qattiq og‘riq sezgan bemor (qorni)ni yorib (!), shundan keyingina tegishli tashxis qo‘yilayotganini anglatadi. E’tibor bering, bemordagi kasallik aniqlanib, shundan keyingina tig‘ tekkizilayotgani yo‘q. Aksincha, tashxis qo‘yish uchun qorin bo‘shlig‘i jarrohlik yo‘li bilan ochilmoqda! Ya’niki, tashxis hali oldinda. Shuning o‘zi bemorning bor-yo‘q sog‘lig‘i battar bo‘lishi ehtimolini oshiradi. Kasallik aniqlangach, jarrohlikning keyingi bosiqchi boshlanadi. Kasallik aniqlanska-ku, xo‘p-xo‘p, aniqlanmasa-chi? Bemorning qorni behuda yorilgani qoladi, xolos. Har qanday holatda ham «kesilgan» bemor tiklanishi uchun uzoq vaqt muolaja olishi zarur. Bu esa, tabiiyki, ortiqcha zarar deganidir: davlatgayam, bemorgayam, uning qimmatli sog‘lig‘igayam...
Hamma balo shundaki, bemorga tig‘ tekkizmay tashxis qo‘yish imkoniyati bor. Shifoxonaga Laparskopiya uskunasi keltirilganiga ancha bo‘lgan. Uni ishlatishning hadisini olgan mutaxassislar ham yetarli (ular orasida xorijda malaka oshirib kelganlar ham bor hatto!). Bu shunday uskunaki, bemorga tig‘ tekkizilmay tashxis qo‘yish imkoniyatini beradi. Hech kim ortiqcha riyozat chekmaydi, sog‘liqqa jiddiy zarar yetishi xavfi yo‘q, qo‘shimcha chiqimlar yonga qolinishi-ku aytmang...
Mudir esa tish-tirnog‘i bilan o‘sha uskuna orqali tashxis qo‘yishga qarshilik qilib, bemorlarning qornini yorishni afzal bilib kelmoqda. Va buni uddalayapti ham.
Bular shunchaki gap emas. Ayni holat o‘z vaqtida Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh xirurgi, tibbiyot fanlari doktori M.Akbarov tomonidan o‘rganilib, tegishli xulosa berilgan. Xulosa mazmuniki, Mudir zamonaviy tashxis hamda davolash texnologiyalari qo‘llanishiga qat’iy to‘sqinlik qilayotgani rost, natijada jarrohlikning an’anaviy yo‘nalishi davom etmoqda. Nima qilmoq kerak? Shifoxonaning xirurgiya bo‘limidagi kadrlar masalasini qayta ko‘rib chiqilmog‘i, birinchi navbatda, Mudirni almashtirish masalasini hal etish shart!
Amalda nima bo‘ldi? Hammasi avvalgidek davom etmoqda. Tayyor zamonaviy uskuna turganiga qaramay, bemorlarning qorni yorilib, keyingina tashxis qo‘yilmoqda, ayni jarayonda shifo izlab o‘z oyog‘i bilan kelgan odam tobutda chiqib ketishidek fojealar ham yo‘q emas (bu endi alohida mavzu). Shu yetmaganiday, biz bilan suhbatlashgan mutaxassisning aytishicha, kasallik tarixini to‘ldirishda ham juda jiddiy kamchiliklar mavjud. Jumladan, yuridik hujjat hisoblangan bemorning kasallik tarixini yosh shifokorlar yozsa-da, unda «katta» jarroh ko‘rigi ko‘rsatilsa-da, uning na imzosi, na o‘z qo‘li bilan yozgan ko‘rigi yo‘q?! Savol tug‘iladi: bemorni jarroh ko‘rganmi o‘zi?
Respublika bosh xirurgining xulosasi esa muallaq qolgan.
Bu nima degan gap, axir?!
Inson hayoti muhimmi yoki Mudirga bo‘lgan kimlarningdir hurmati? (Darvoqe, «hurmat» haqida. Shifoxona jarrohlik bo‘limining aksariyat mutaxassislari Mudirdan norozi bo‘lib shikoyatlar yozayotgani ham unga nisbatan «hurmat»ni bildirib turibdi, aslida. Endi Toshkent davlat Pediatriya instituti talabalarini qarang: Mudirning yurish-tutishi ularning ham alohida «e’tiboriga» sazovor bo‘libdiki, uning operatsiya xonasida bemalol sigaret tutatib(!) o‘tirganini telefonga «naqsh» etishibdi, shovvozlar! Bunchalikmas-da endi?!)
Tibbiyotga davlat tomonidan berilayotgan alohida e’tibor, sohaga ajratilayotgan milliardlar, zamonaviy texnologiyalarini joriy etish haqida tinimsiz gapirilayotganiga qaramay, 7-sonli Toshkent klinik shifoxonasi xirurgiya bo‘limida hamma narsa eski hammom – eski tos shaklida qolayotganining boisi ne?
Bunday turg‘unlikning quvvati nimaga yoki kimlarga borib taqaladi?
Mardona tan olsak, mamlakatimizda tibbiyot tizimi o‘ta rivojlanib ketganicha yo‘q. Shu barobarida taraqqiyotning quyrug‘ida qolgan deyish ham qiyin. Har holda siljish bor, baxtga qarshi, bir joyda depsinish ham. Depsinish siljishdan ko‘ra ko‘proq ekani rostdirki, buni qanchadan qancha malakali kadrlarimiz chetga «survorgani» ham ko‘rsatib turibdi. Bugun ularni qaytarish qanchalar qiyin bo‘layotgani kimga sir?!
Mazkur shifoxonadagi depsinish ham yosh, umidli jarrohlarning «majburiy hijrati»ga sabab bo‘lmasligiga kafolat bormi?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter