Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shu kunning savoli: bitta tuzuvchiga nechta buzuvchi?

Shu kunning savoli: bitta tuzuvchiga nechta buzuvchi?

Foto: Xabar.uz

1998-yilning 29-may kuni Samarqand shahrining o‘sha paytdagi hokimi o‘z qarori bilan «Guliston Ko LTD» MChJga Dahbed ko‘chasidagi o‘ziga tegishli bino-inshootlarini qayta ta’mirlab, qahvaxona va savdo do‘koni ochishga ruxsat beradi. Hamma ishlar risoladagidek bajariladi ham. Biroq «Guliston...»ning ishlari gullab ketmaydi chog‘i, egasi bino-inshootlarni sotib yuboradi.

Ko‘chmas mulklarning keyingi egasi ham bu joyda ko‘p ishlamadi: uyam sotdi. Qo‘ying-chi, o‘tgan 22 yil davomida ko‘chmas mulk egasi bir necha bor o‘zgardi. Bu orada garov qo‘yilib, bankdan kredit olindi. Kredit to‘lovida muammo paydo bo‘lgach, tag-tugi bilan bank egaligiga o‘tdi. Bankirlar uni amallab sotganidan keyin ham egasi ikki marta o‘zgardi. Ayni jarayonlar qonun doirasida amalga oshirilgani uchun hech kimda e’tiroz uyg‘otgani yo‘q.

2018-yilning sentyabr oyida mazkur joy Salima Rahmatova ixtiyoriga o‘tadi (ayol bino-inshootlarni «Nisi multifruts trade» MChJdan sotib oladi). So‘ng foydalanishdagi bino-inshootlarning biqinidan tegishli ruxsat va tartib-qoidalarga muvofiq mo‘’jazgina bino qurib, uni stomatologik davolash muassasasiga aylantiradi. Mazkur bino 2019 yilning 3 iyun kuni foydalanishga qabul qilingan bo‘lsa, oradan bir kun o‘tib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Shu tariqa ishlab boshlab yuborildi.

Biroq mazkur joyda birovning biri ikki bo‘lmasligiga duo ketganmi, kim bilsin, qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, S. Rahmatova egasiga aylangandan keyin ham ishga tushov tushsami?! Avvalgi egalaridan ba’zilari uni sotib foyda ko‘rgan bo‘lsa bordir, biroq bino-inshootlarning oxirgi sohibasi undan tamoman mosuvo bo‘lish arafasida turibdi?!

Nega? Sabab?

Hammasi tadbirkor (to‘g‘rirog‘i, uning vakili) va mahalliy rahbarlar o‘rtasida «olamushuk» o‘tganidan keyin boshlandi. Ikki o‘rtada o‘tgan «olamushuk»ning bayoni shartmas. Zero, ayni damda sabab emas, oqibat muhim.

Oqibat shu bo‘ldiki, salkam chorak asrlik bino-inshootlarning tarixi birdan taftish qilinib, Samarqand shahar prokurori qator qonunbuzarliklar topdi go‘yo. Ya’nikim, 22 yil avval «Guliston Ko LTD» MChJga kahvaxona va savdo do‘koni binolarini ta’mirlash uchun ruxsat berilgan paytda bino-inshootlarning foydalanishda bo‘lgan 609.kv.m. yer maydoni «Chashma» kollektorining muhofaza zonasida joylashgani e’tiborga olinmagan, baski, shahar hokimining 1998 yildagi 201-K-sonli qarorini bekor qilish kerak.

Prokurorning shu mazmundagi protestini Samarqand shahar hokimi (hokim avval shu hudud prokurori bo‘lgan) mamnuniyat bilan qarshi oldi. Va bir deganda uni qanoatlantirib, 22 yil avval chiqqan qarorni bekor qilib yubordi.

Bino-inshootlar o‘tgan davr mobaynida kimning qo‘liga o‘tib, nomi necha bor o‘zgargan bo‘lmasin – o‘zak tomir bitta: 1998 yildagi qarorga borib taqalaveradi. Shu hujjat orqali qurilish-ta’mir ishlari bajarilib, foydalanish uchun qabul qilinishi hamono davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Mulk huquqi u davlat ro‘yxatidan o‘tgandan keyin vujudga keladiki, ayni huquq asosida bino-inshootlar bir necha bor sotildi, garovga qo‘yildi va hokazo... Oradan bir yigit yoshiga barobar vaqt o‘tib, 1998 yildagi qaror bekor qilinishi esa, oxirgi mulkdor kim bo‘lishidan qat’i nazar, bino-inshootlar buzilishini anglatadi. Bunday holatda yutqazsa, faqat fuqaro yutqazishi mumkin, illo mahalliy hokimiyat emas, eng muhimi – bino-inshootlarning oxirgi egasiga bir chaqa tovon to‘lamaydi...

Shuning o‘zi ijtimoiy adolat toptalayotganiga yorqin misol aslida! Chunki, bino-inshootlar o‘zboshimchalik bilan qurilmagan, hammasi tegishli tartibga rioya qilingan holda amalga oshirilgan. Biroq, nima deysizki, mulkdor-u tadbirkor huquqlari mudom himoyada ekani haqida ming aytilsin-aytilmasin, hozirgi qurilish-u buzilishlar avj olgan paytda bunga jiddiy e’tibor berilayotgani yo‘q.

Masalaning bir tomoni – shu. Ikkinchi tomoniki, bu prokuror protesti va uni qanoatlashtirish haqidagi hokim qarorining (29.05.2020-y. 320-K sonli) huquqiy quvvatiga borib taqaladi.

Irrigatsiya bilan bog‘liq tizim faoliyati qonundan ko‘ra ko‘proq qaror va qonun osti hujjatlar bilan tartibga solinganini birov bilar, birov bilmas. Prokurorning 22 yil avval chiqarilgan hokim qarorini bekor qilish bo‘yicha kiritgan protestida bu hol yaqqol ko‘rinadi. Prokuror o‘z protestiga Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 17-aprelida 174-sonli qarori bilan tadiqlangan Nizom va hukumatning 2019-yil 11-dekabrdagi 981-sonli qarori bilan tasdiqlangan yana bir Nizomni asos tariqasida keltiradi. Xo‘p, yaxshi. Biroq shu o‘rinda yana bir og‘riqli savol tug‘iladi deng: Konstitutsiyada kafolatlangan mulk huquqiga qonun osti hujjat hisbolanmish Nizom talablarini dastak qilgan holda daxl qilish nechog‘li to‘g‘ri? Nizomlardan biri – hokim qaroridan 21 yil o‘tib qabul qilgani-ku, inchunin.

Mayli, bularniyam qo‘yib, masalaga bosibroq qaraylik.

Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 17-apreldagi 174-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda magistral kanallar va xo‘jaliklararo kollektorlar suvini muhofaza zonalarini belgilash, ularni tartibga solish qoidalari belgilangan. Unga ko‘ra, soniyasiga 50 kub. metrdan ko‘p suv o‘tkazish quvvatiga ega magistral kanallar, loyiha hisob-kitobi bo‘yicha soniyasiga 10 kub. metrdan ortiq bo‘lgan magistral kollektorlar bo‘ylab suvni muhofaza qilish zonalari o‘rnatiladi. Tadbirkorning mulklari ostidan o‘tgan va bugunga kelib, shuning vositasida o‘zining ham «tagiga suv» qo‘yilayotgan «Chashma» kollektor-drenaji tarmog‘i na magistral, na xo‘jalikaro kollektorlar turiga kiradi! Chunki, uning suv o‘tkazish hajmi oshib borsa, soniyasiga 3 kub. metr, eng kami soniyasiga – 0,15 kub.metrni tashkil qiladi. Bu aniq hisob-kitob qilingan va tegishli hujjatlarga zarb etilgan raqam. «Chashma»ni magistral yoki xujaliklararo kollektor deyish uchun qayd etilganidek, suv o‘tkazish hajmi tegishlicha sekundiga 50 va 10 kub. metrni tashkil etish kerak.

Ikkinchidan, yuqorida qayd etilgan huqumat qaroriga (1992 y. 17 aprel, 174-son) 1999 yilning 30 aprel kuni 202-sonli yana bir qarori bilan o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, unda suvni muhofaza qilish zonasiga kiritilgan yerlar, qirg‘oq bo‘yi yerlari fuqarolarning egaligidan va foydalanishdan olib qo‘yilmasligi alohida qayd etiladi. Ko‘rinadiki, «Chashma»ning qirg‘og‘ida suvni muhofaza qilish zonalari o‘rnatilishining o‘zi mumkin emas. Mabodo, o‘rnatilgan taqdirdayam fuqaro yoki tadbirkorlik sub’yektlari foydalanib kelayotgan yer maydonlarini olib qo‘yib bo‘lmaydi.

Xullas, unaqasiga olsayam-bunaqasiga olsayam «Chashma»ning muhofaza zonasini bahona qilib, shu drenaj-kollektor usti va yonida halol mehnati bilan rizq topayotgan qorako‘zlarning boridan mosuvo qilishga jiddiy asoslar ko‘rinmayapti. Mabodo, shu yer maydonlari davlat va jamiyat ehtiyoji uchun kerak bo‘lsa, marhamat – tovonini (kompensatsiya) to‘lab, olavering. Zero, hech kim «Chashma»ning atrofini o‘zboshimchalik bilan egallab olgani yo‘q, o‘z vaqtida mahalliy hokimlik tegishli qarori bilan yer maydonlarini biriktirilgan, bino-inshoot qurish yoki ta’mirlash uchun esa ruxsat berib, muammosiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Shu o‘rinda yana bir haqli savol tug‘iladi: suv ob’yektlarini muhofaza qilish, ular atrofini obodonlashtirish-u sanitariya masalalari nima bo‘ladi?

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda mazkur masalalar tartibga solingan. Nizom talablariga binoan suvi xo‘jalik-ichimlik va davolash-sog‘lomlashtirish maqsadlari uchun ishlatiladigan kanallar bo‘ylab, suvni muhofaza qilish zonalari belgilanadi. «Chashma» kollektor-drenaj tarmog‘i kanal emas, kolaversa, suvi xo‘jalik-ichimlik va davolash-sog‘lomlashtirish maqsadida ishlatilmaydi. U oqava, sel va yer osti sizot suvlarini chiqarishga xizmat qiladi, xolos. Bunday ob’yektga muttasil qarov, ta’mir, sanitariya-gigena talablariga muvofiq faoliyat yuritishi uchun mas’ul kerak, albatta. 2019 yilgacha bunday yumushlar Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi zimmasida edi. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-aprelidagi qarori bilan Samarqand shahri hududidagi kanallar, kollektorlar (shular qatori «Chashma» ham) Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasidan qadimiy shaharning Obodonlashtirish boshqarmasiga o‘tkazildi. Shu munosabat bilan Obodonlashtirish boshqarmasida kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish bo‘yicha ixtisoslashgan bo‘lim tashkil etilib, unga tarmorqlarni tozalash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish ishlarini olib borish kabi vazifalar yuklatildi. Biroq ishlar hamon tashkiliy bosqichda nariga o‘tmagan chog‘i, boshqarma hozirgacha «Chashma» bo‘yicha na suvni muhofaza qilish zonasi borligi, na sohil bo‘yi mintaqasi belgilangani, na loyiha qilingani va na-da yer maydoni suvdan foydalanuvchi tashkilotlarga berilgani haqida aniq xulosa taqdim eta oladi?! Shuncha mavhumotlarga qaramay, prokuror «amallab» protest yozdi, uni dastak qilgan hokim 22 yil avvalgi qarorni bekor qildi, qarabsizki, «dod» deb chirrilayotgan tadbirkorlar safi yana bittaga ko‘paymoqda...

Albatta, oh-voh qilgan bilan masala o‘z-o‘zidan yechilib qolmaydi. Salima Rahmatova Samarqand shahar hokimining 29.05.2020-yildagi 320-K-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘rab, ma’muriy sudga murojaat qildi. Payariq tuman ma’muriy sudi ishni avra-astarini ag‘darib ko‘rgach, qaror chiqardiki, arizachi haq, hokim buva prokuror protestini qanoatlantirishda biroz shoshibdi, deya uning yuqorida ko‘rsatilgan qarorini haqiqiy emas, deb topdi. Biroq ma’muriy ish apellyasiya bosqichida ko‘rilganda kutilmaganda vaziyat o‘zgardi. Samarqand viloyat ma’muriy sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, yangi qaror qabul qildi: shikoyat rad etilsin.

Adolat qaror topdimi?

Shu savol javobini o‘zingizga qoldirib, (javob topishga) yordam sifatida bitta faktni qulog‘ingizga shivirlab qo‘ysak: S. Rahmatova tegishli va taqdiri qil ustida turgan bino-inshootlarining sal narisida ko‘rkamgina mehmonxona qad rostlamoqda. Uning oldidan ahamiyati past «Chashma» drenaj-kollektori emas, naq «Bog‘ishamol» kanali o‘tgan... Mehmonxona qurilishi davom etayotganiga qaraganda uning sohibiga nisbatan mahalliy rahbarlardan ortiqcha e’tiroz yo‘q shekilli?!

Aytgancha, S. Rahmatova allaqachon Oliy sudga ariza bergan...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring