«Biz faqat aholiga yaxshi bo‘lishi uchun harakat qildik. Indeks esa…» – Xannes Astok

«O‘zbekistonda raqamli transformatsiya va elektron hukumat reytingi» bo‘yicha seminarning ikkinchi kungi ma’ruzalari ham o‘zgacha ruhda o‘tdi.
Kunning birinchi yarmida xorijlik mutaxassislar tomonidan davlat organlarining elektron hukumatni rivojlantirishga mas’ul xodimlari uchun qimmatli ma’lumotlar berildi.
Xususan, hukumatni raqamlashtirish va elektron hukumat tizimini rivojlantirishda duch kelinadigan muammolar ochiqlanib, ularga yechim izlandi. Shuningdek, elektron hukumatni rivojlantirish indeksi, uning maqsadlari, metodologiyasi va tarkibiy qismlari, jumladan, telekommunikatsiya infratuzilmasi, onlayn xizmatlar hamda inson kapitali indekslari bilan batafsil tanishtirildi.
Ma’ruza vaqtida Estoniya vakili Xannes Astok tan olib aytgan quyidagi samimiy fikrlardan so‘ng seminar yanada jonlandi:
«Ochig‘ini tan olib aytishimiz kerak, biz indeksimizni ko‘tarish uchun hech nima qilmadik, ha rost. Buni hatto, kutmagan ham edik. Biz faqat aholiga yaxshi bo‘lishi uchun harakat qildik. Indeks esa o‘z-o‘zidan balandlab boraverdi…»
O‘quv mashg‘uloti davomida tinglovchilar fuqarolarning elektron ishtirokka jalb etilishi, xususan, elektron axborot, elektron maslahat, elektron qaror qabul qilish kabi xizmatlardan foydalanishini ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Darhaqiqat, Estoniya tajribasi davlat darajasida o‘rganishga munosib. Ikki yil ichida BMT reytingida 3-o‘ringa chiqib olish bu juda katta ko‘rsatkichdir.
Zoom orqali seminarni davom ettirgan Elektron demokratiya bo‘yicha katta ekspert Liya Xyanni esa elektron hukumatni rivojlantirishda eng muhim omillarga to‘xtaldi.
Mutaxassis so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda elektron hukumatning joriy etilishi davlat organlari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilaydi, hukumatdan norozilikni kamaytiradi. Odamlarda o‘zaro hamkorlikka asoslangan davlat boshqaruviga yangicha qarash shakllanadi.
Shunday ekan, elektron hukumatni rivojlantirishda aholining fikri va jarayonlarda ishtiroki juda ahamiyatlidir. O‘shandagina davlat ular uchun qayg‘urayotganini tushunishadi va qaysidir ma’noda unga yon bosishadi.
Demak, o‘rni kelganda davlat muammolariga ham aholi bilan birga yechim izlash zarur. Ba’zan odamlardan shunday g‘oyalar chiqadiki, bu rahbarlarning xayoliga ham kelmagan bo‘ladi. O‘sha vaziyatda odamlarning o‘zi ko‘rsatadi qaysi tomonga yurishni...
Seminar mana shunday qiziqarli ma’lumotlar va qizg‘in savol-javoblar bilan davom etdi…
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter