Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Biz nima yeyapmiz?

Biz nima yeyapmiz?

Texnik palma yog‘i

«Yeyish uchun yashama, yashash uchun ye», «Ovqating dori bo‘lsin, doring ovqat bo‘lsin», «Husn og‘izdan kiradi»... Xalqimiz orasida bunday maqollar asrlar osha paydo bo‘lar ekan, sog‘lom turmush tarzi, sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilib kelgan. Lekin bugun yeb-ichayotganimiz, dasturxonimizdagi ne’mat tarkibi, foyda-zarari haqida naqllar paydo bo‘lsa qanday so‘zlar ishlatilardi?

Bir kosa suzma hangomasi

Ertalab dehqon bozoridan xarid qilingan suzmadan olib, ozrog‘ini yumshatib qo‘ymoqchi edim, bexos suvni ko‘proq solib yuboribman. Qorishma atalaga o‘xshab qoldi. Ovqat tayyor bo‘lishiga hali vaqt bor edi, boshqa yumushlar bilan chalg‘ib qoldim.  Bir mahal qarasam, idishdagi  masalliq o‘z-o‘zidan quyuqlashib obi-tobiga kelib qolibdi...

«Jaydari suzma so‘ravosizmi?» degan ayol suzmasidagi nordon ta’m mahsulot tabiiy, toza degan taassurot qoldirgandi (voqea Toshkentda bo‘lyapti).

Beixtiyor o‘tgan yili jomboylik ayolning aytganlari yodga tushdi: «Men Xudodan qo‘rqaman. Lekin ayrim bozorchilar suzmaga manniy yormasimi, allambalolarni qo‘sharkan...»

Voqeadan  bir hafta o‘tdimi, Feysbukdagi «Novosti Samarkanda» guruhida «Chakka doljna bit kisloy» degan post e’tiborimni tortdi (suzma Samarqandda «chakka» deb ataladi). Unda supermarketlarda, bozorlarda qaymoqli suzma deb sotilayotgan mahsulotning tayyorlanishi haqida so‘z boradi: «Aslida u hech qanaqa qaymoqli emas, chunki, u tayyorlanadigan sut separatordan bir necha marta o‘tkaziladi, suv ham solinadi. Keyin «texnologiya» bo‘yicha bu suyuqlikka quruq sut, mol yoki palma moyi qo‘shiladi. So‘ngra, bularning hammasi, quyulgunicha, 80 darajada qaynatiladi. Ko‘ribsizki, bir necha soatdan keyin qaymoqli «chakka» tayyor», deb yozilgan ma’lumotda.

Munozarada qatnashganlar qiziq ma’lumotlarni o‘rtoqlashgan. «Bir kilogramm suzma olish uchun  kamida 3 litr sut kerak. 3 litr sut esa 18 ming so‘m. Kilosi 12 ming so‘mdan sotilayotgan mahsulotdan yana nima kutish mumkin» deydi bir obunachi. Yana biri palma yog‘i zararini ta’kidlagan. Boshqa fikr bildiruvchi «Hatto nordon suzmaga quyultiruvchi nimadir, ehtimol kraxmal qo‘shiladi. Yod tomizsangiz, u ko‘karadi» deydi. Guruhning yana bir a’zosi, toshkentlik ayolning yozganlari: «Mushugimiz azaldan suzmani yaxshi ko‘rar edi, endi oldiga qo‘ysangiz, qaramay, burilib ketadigan bo‘lgan. Umuman, barcha mahsulotlar sifatini mushuk orqali biladigan bo‘lganmiz».

Hozir gap faqat suzma haqida ketmayapti. Dasturxonimizdagi har bir mahsulot shubhadan xoli bo‘lishi kerak.

«Meni kim yetmishda deydi?»

«Biz nima yeyapmiz?» degan savol o‘rtaga tashlanar ekan, dunyodan xabari bor odam, avvalo, palma yog‘i atrofidagi bahs-munozaralarni eslaydi.

Palma daraxtini qadimgi misrliklar «Hayot daraxti» deb atashgan. Palma yog‘i esa A va Ye vitaminlariga hamda linolev kislotasiga boy. Bu endi sun’iy ishlov berilmagan, qizil, suyuq yog‘ haqidagi gap. Bunday yog‘ pishgan palma mevasidan olinadi. Internetdan Toshkentda aynan shu mahsulot bilan savdo qiladigan markazni topdik.

Rahima Hasanova

Markaz mutaxassisi Rahima Hasanova dorivor sifatidagi mahsulotga talab borligini ta’kidlaydi:

– Palma deganda darrov negativ tomondan kelmaslik kerak. «Qizil palma yog‘ining foydasi» haqida Guli Shayxova dissertatsiya yoqlagan. O‘zimiz esa mana shu mahsulotdan olib, ko‘z o‘ngimizda foydasini ko‘rayotgan odamlar bilan ishlayapmiz. O‘zim ham shu yog‘dan iste’mol qilaman. Mana meni kim 70 ga kirayapti deydi, uyqum bir me’yorda, serharakatman, ishlayman. Kuniga 3-5 qoshiq yetadi. Odamlar bir nafini ko‘rmasa, bekorga falon pulga bir narsani olmaydi, – deydi Rahima opa.

Ma’lum bo‘lishicha, qizil palma yog‘ini kundalik taom tayorlashda ishlatilsa koni foyda ekan. Lekin narxi tufayli bo‘lsa kerak, aksariyat faqat qoshiqlab ichishadi.

Qiziqdik, Rahima opa tetikligi boshqa omillar bilan ham bog‘liqligini ilg‘adik. Ovqatlarini zaytun yog‘ida pishirar, asosan meva-sabzavot bilan ozuqlanar, ko‘p piyoda yurar va nafsiga erk bermas ekan. Demak, hayot tarzini kompleks tarzda to‘g‘ri tashkil qilgan.

Qizil palma yog‘i supremarketlarda, do‘konlarda va yo dorixonalarda uchramaydi. Markaz sotayotgan mahsulot shisha idishda, Malayziyaning o‘zidan tayyor holda jo‘natiladi. 1100 grammlik idishdagi 371 ming so‘m va 500 grammlik idishdagisi esa 220 ming so‘m!

– Lekin iste’molda palma yog‘ining zararlisi ko‘proq uchrayotgandek tuyulmaydimi sizga ham, – so‘raymiz opadan.

– Deylik, restoranda, to‘yda, hamma qovurilgan, dudlangan transyog‘li og‘ir taomlar qatorida suzma qo‘yilgan bo‘lsa, shu yengilroq deb og‘zingizga solsangiz, tilingizda qotadi, bilasizki, zararli palma. Yoki somsa yo qat-qat qaysidir pishiriq sovub bo‘lganda yesangiz darrov bilinadi... – afsuslanib gapiradi Rahima opa.

«Bola mahsulotiga palma yog‘i ta’qiqlangan»

Yo‘l yoqasidagi tavakkal bir do‘konga kirib, bog‘cha yoshidagi bola uchun eng xaridorgir shirinlik turlaridan tanlab berishini so‘rayman.

– 60 grammlik qadoqdagi jajji pechenelarning tarkibi: 1 navli bug‘doy uni, shakar, palma yog‘i, toza suv, ko‘pirtiruvchi modda (ugleammoniy tuzi), ichimlik sodasi, mikrobga qarshi modda (natriy sulfat, natriy fosfat).

– 110 grammlik pechene tarkibi: birinchi navli bug‘doy uni, shakar kukuni, palma yog‘i, quruq sut, tuxum kukuni...

– Shokolad tarkibi: shakar, o‘simlik yog‘i, kakao, sut kukuni, vanilin, emulgator, xushbo‘ylantiruvchi.

–  Vafli. Buning ichiga konditer yog‘i solingan deb qayd etilgan.

–  Quyultirilgan sutda palma yog‘i.

Tajriba uchun xarid qilgan mahsulotlar jami 20 ming so‘m narxlandi. Reklama qilish kabi antireklama qilish huquqim yo‘q. Shu sabab mahsulot nomi ochiq yozilmayapti. Aytishim mumkin bo‘lgani, bularning bari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan.

Bugun O‘zbekistonda qaysi mahsulotda palma yog‘i bor, deb savol qo‘yishdan ko‘ra, qaysisida palma yog‘i yo‘q, deb qo‘ysak mantiqli tuyuladigandek. Sariyog‘, mayonez, qatiq, smenata, qaymoq, muzqaymoq, quyultirilgan sut, margarin, pechene, vaflilar, shokolad, konditer mahsulotlari, somsa, patir, makaron va kolbasa mahsulotlari, turli kremlar, yarim fabrikantlar, bolalar shirinliklari qator turlarida aynan palma yog‘i qo‘llanilmoqda. Masalani umumjahon miqyosida o‘rganayotgan ekspertlarga ko‘ra, qator holatlarda palma yog‘i «o‘simlik yog‘i» yoki «konditer yog‘i» deb ko‘rsatish doxil yana 200 ga yaqin nomda «pardalanadi». Bu mahsulotlar tarkibidagi palma yog‘i xom palmadan ishlov berilib chiqarilgan. 

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova xom palmadan olingan yog‘ni faqat texnik maqsadda qo‘llash mumkinligini ta’kidlaydi. Undagi  foydali moddalarning bori ham rafinatsiya va gidrogenizatsiya jarayonida yo‘qolib ketishiga e’tibor qaratadi. O‘zbekistonga keltirilayotgan palma yog‘ining asosiy qismi ana shu jarayondan o‘tgan. Boshqacha aytganda, quyuq holatda. 

Barno Odilova

– So‘nggi  yillarda  yer yuzi aholisi orasida yurak-qon tomir kasalliklariga chalinganlar  soni  oshib  bormoqda. Buning asosiy sababi organizmda qattiq yog‘lar miqdori me’yoridan oshib ketayotgani bilan izohlanmoqda. Palma yog‘i 45 foizgacha palmitin kislotasidan tarkib topgan. Ushbu moddadan ko‘p miqdorda foydalanish – aterosklerozni rivojlanishiga, tomirlarni yog‘ bilan qoplanishiga olib keladi, –  deydi Barno Odilova.

Mutaxassis palma yog‘i palma mevasidan 40 darajagacha haroratda qayta ishlash jarayonida olinishiga e’tiborni qaratadi. Bu yog‘ eritilganda ham 38-40 darajada parchalanadi. Inson tanasi harorati esa 37 atrofida.  Bunday  parchalanishi qiyin bo‘lgan quyuq moy iste’moli insonda bora-bora transyog‘ning tomirlarida va a’zolarga yig‘ilishiga olib keladi. «Qon tomirlar yo‘lini to‘sib, ateroskleroz, gipertoniya, insultga va hatto saratonga olib keladi», – deya fikrini davom etadi shifokor.

Suhbatdoshimiz ta’kidlashicha, «O‘zbekistonning amaldagi sanitariya qoidalari va me’yorlariga asosan bolalar oziq-ovqati mahsulotlari ishlab chiqarilishida palma yog‘idan foydalanish ta’qiqlangan».

«Yomon» palma yog‘i alkogol, tamaki qatoridami?

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2018 yilda sifatsiz palma yog‘ining zarari borasida butun dunyo siyosatchilari, shifokorlari va faollarini hushyorlikka chaqirib byulleten e’lon qildi. Hujjatda palma yog‘i sog‘liqqa zarari jihatidan alkogol, tamaki qatorida turadi, deb ta’kidlagan. 48 ta ilmiy tadqiqot natijalariga tayanib yozilgan bayonotda  palma yog‘i global darajada surunkali xastaliklarni, xususan, yurak-qon kasalliklarini, saratonni keltirib chiqarishi aytiladi. Uni davomli iste’mol qilish oqibatida organizmda «yomon xolesterin» to‘planishi (bu aterosklerozga olib keladi) haqida bong uradi. 

Palma yog‘i eng arzon xom ashyo hisoblanadi. Ikkinchidan, undan tayyorlangan mahsulotning saqlanish muddati anchayin uzoq bo‘ladi. Yirik ishlab chiqarish birlashmasini ham, oilaviy tadbirkorni ham qiziqtirgan narsa aslida shu. O‘zbekistonda bugunda 20 kilolab qadoqlangan palma yog‘ining kilosi 2 dollar, ya’ni 20 ming so‘m atrofida baholanayapti. Endi siz bu raqamni qizil palma yog‘ining 371 ming so‘mlik narxi bilan qiyoslang!

JSS tashkiloti hujjati ortidan bugunda 50 dan ortiq davlat palma importiga qat’iy cheklov qo‘ydi. Ular rivojlangan, rivojlanayotgan davlatlar. Lekin 100 ga yaqin davlat, jumladan, O‘zbekiston ham palma yog‘i iste’moli borasida aniq-taniq xulosaga kelgani yo‘q. Zero, bu yog‘dan kechish bilan mahsulotlar narxida «sakrash» bo‘ladi. Boshqa tomondan, xalq salomatligi yo‘lida dadil qadam tashlanadi. O‘rni kelganda o‘tgan yilning 1 mayidan e’tiboran Tojikiston ham palma yog‘i importiga ta’qiq kiritganini aytib o‘tish kerak. 

2019 yilda O‘zbekistonda ham palma yog‘i atrofida ancha shov-shuv bo‘ldi: siyosiy minbardan aytildi, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar bo‘ldi. Keyin, go‘yo, masala hal bo‘lgandek yoki gapirishning foydasi yo‘qdek, bu borada sukut saqlanmoqda.

Kamiga, Malayziya va Indoneziyadagi palma ishlab chiqarish katta sanoati lobbilari palmaning zarari yo‘qligi haqida tashviqotdan charchamayapti. Shunday chiqishlarning birida inson bir sutkada 2 gramm palma yog‘i yeyishi zarari yo‘q, deyiladi. O‘zimizda 2 gramm yog‘ bitta kichikroq somsada ishlatiladi. Deylik, tushlikda kim bitta somsa bilan to‘yadi? Ertalab yegan qaymoqda, kechqurundagi desertda ham palma yog‘i aralashgan bo‘lsa-chi? Yana bir maqolada aytilishicha, palma yog‘i 200 darajada zararliga aylanarmish. Oshpazlar, nonvoylar aytsin, ko‘plab mahsulotlarimiz aynan shu daraja atrofida tayyorlanadi. 

O‘zbekistonga palma yog‘ining importi 2000 yildan boshlangan. Dastlabki yilda  mamlakatga kiritilgan bu mahsulot miqdori 5 ming tonna bo‘lgan. 

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonga 2020 yilda – 54 ming tonna, 2021 yilda 67,9 ming tonna, 2022 yilning yanvar oyining o‘zida 5,3 ming tonna palma yog‘i olib kirilgan. 

Bunda O‘zbekistonga Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan kirib kelayotgan tayyor mahsulotlar tarkibidagi palma yog‘i hisobga olinmagan, albatta.

So‘ngso‘z  o‘rnida

Yeb-ichganimiz bilan bog‘liq muammolar faqat palma yog‘iga daxldor emas. Odamlarimizni o‘ylantirgan, shubhaga solgan mahsulotini olib borib labaratoriyada tahlildan o‘tkazish mumkin bo‘lgan mustaqil dargohlar zarur. Qator rivojlangan mamlakatlarda barcha turdagi mahsulotlar ana shunday markazlar tomonidan o‘rganiladi, xulosalar e’lon qilinadi. Ular, hatto, falon mahsulotni umuman xarid qilmaslik haqida tavsiya qilish vakolatiga ham ega.

Masalaning ishlab chiqarishga bog‘liq bo‘lmagan jihatlari ham ko‘p. Oilalarda eng asosiy ovqat ancha kech, ayrim xonadonlarda hatto uyqudan oldin tanovvul qilinishi. Kartoshka, bo‘g‘irsoq va hokazolar qovuriladigan yog‘ qayta-qayta, to tugamagunicha ishlatilishi. (U har gal ishlatilganda inson sog‘lig‘i uchun zarari ortib boraveradi). Meva-sabzavotlar ratsiondan muhim o‘rinni tutmayotgani. To‘y-ma’rakalardagi dasturxonning faqat chiqimi emas, uning inson salomatligi uchun nomuvofiq jihatlari. Bularning bari alohida, ayrimlari ijtimoiy holat bilan bog‘liq masala sifatidagi mavzular.

Bugun kovid bilan kurashayotgan murakkab davrni boshimizdan kechirayapmiz. Kasalni davolashdan ko‘ra, oldini olish kerak, degan gap mag‘zini chaqish davri bu.

Mustahkam Tangriyorova, jurnalist 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring