«Bolaga dabdaba kerak emas, lekin...»: Buxorodagi shifoxona mas’ullari bilan suhbat

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixatriya xizmati bo‘yicha Buxoro viloyat filialida shifo topayotganlar bilan suhbatlashar ekanmiz, inson qalbi mehr bilan ziyoda ekanini yana bir karra his qildik...
Filial shifokori Husanjon Aminovning aytishicha, ushbu maskan 470 o‘ringa mo‘ljallangan. Bunda ruhiy va xulq-atvorida buzilish mavjud bo‘lgan bemorlarga shifoxona va ambulator sifatida tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Barcha tuman, shaharlarda ham psixiatr xonalari mavjud bo‘lib, mutaxassislar faoliyat olib borishadi. Birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatiladi va bemorlar yo‘llanma asosida filialga yuboriladi.
O‘tkir psixotrik bo‘limda 68 nafar og‘ir bemor davolanadi.
– Bunday bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish hukumat darajasida e’tiborga olindi. 100 o‘rinli yangi o‘rin barpo etildi. Yangi davolash usullari joriy qilinib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar keltirildi. Bemorlarning dorisiz usullarda davolanishi yo‘lga qo‘yildi, bu o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda, – deydi shifokor Husanjon Aminov.
Shifoxonada davolanayotgan yoshi katta bemorlar bilan suhbatlashar ekanmiz, ularning har biri mehrga tashna ekani, bolalikdagi qo‘rquv yoki oiladagi ijtimoiy holat sabab tushkunlikka tushib qolib, ruhiy xastalikni orttirishganiga guvoh bo‘ldik.
Bolalar bo‘limiga kirar ekanmiz, ko‘nglimiz bir qadar mubham tortdi. Tili chuchuk, so‘zlashuvida nuqsoni bor, odamovi, harakatlarida mutlaqo beparvolik yoxud tezfe’llik bor turli toifadagi bolalarda faqat bir xillikni ko‘rdik: ularning nigohlari yoshidan katta. Buni his qilish og‘ir. Bolaligi yo‘q bolalar...
Ular shifoxonga xulq-atvor buzilishlari, ijtimoiy nosog‘lom, to‘liqsiz oilalardagi kelishmovchiliklar sababli ruhiy va bosh miya muammolari bilan kelishgan.
– Bunday yoshdagi va bunday turmush tarzidagi o‘smirlar uydan chiqib ketish, har xil o‘g‘riliklarga qo‘l urish va hatto, o‘z joniga suiqasd qilish bilan ota-onalarni qo‘rqitishadi. Afsuski, ota-onalar orasida shunday holatdagi bolalarini kasalxonaga keltirib qo‘yib, ulardan xabar olmay qo‘yayotganlari ham bor. Bolalar asosan, tutqanoq kasalligi, shizofreniya va boshqa har xil bosh miya muammolari bilan kelishadi. Ular shifoxona yoki ambulator sharoitda davolanishadi. Biroq, oiladagi nosog‘lom muhit sababli davolanishga yana tez qaytib kelishadi. Afsuski, ular orasida ziyoli oilalar ham bor: hozir ota-onalar bolalariga juda qulay, cheksiz imkoniyatli sharoitlar yaratib berish uchun pul topish maqsadida ertalabdan kechgacha ularni qarovsiz qoldirishadi. Ko‘p bolalarning ruhiyati singan, ijtimoiy muammolardan ezilishgan, –deydi bolalar bo‘limi shifokori Dilshoda Huseynova.
Shifokor bilan suhbatlashar ekanmiz, uning ko‘zlarida beixtiyor yosh shashqator quyilayotganini ko‘ramiz.
– Ota-onalarga aytadigan gapim bor: bolaga qimmat kiyim kerak emas, dabdaba kerak emas. Bolagi qimmat kiyim olib bermang, uning qalbini so‘rang! Qimmat restoranlarda dabdabali tug‘ilgan kunlar qilib, bolaning o‘rtoqlarini chaqirmaysiz. Qarindoshlaringizni chaqirasiz. Bolaning ko‘ngli o‘ksiydi. Bolaga qimmat kiyim olib berasiz-da, iflos qilma, bir narsa bo‘lsa, ko‘rasan, deya tahdidlar qilasiz. U bolaning mazza qilib, loy o‘ynagisi keladi, mazza qilib tuproq o‘ynagisi keladi, changitib futbol o‘ynagisi keladi. Bolalarni o‘zining kamchiligi bo‘lgan orzuni bolalardan talab qilish kerak emas. Avval bolaning qalbini so‘rash kerak. O‘zingiz o‘rta maxsus bo‘lsangiz ham bolalaringizni chet ellarda o‘qishini istab qolasiz. Ustma-ust kurslarga qo‘yasiz, o‘qishga majburlaysiz. Ertalab vaqtli uyg‘otasiz, yarim kechgacha yana turli kurslarni o‘qishga majburlaysiz. Bola yaxshilab orom ololmaydi. Ammo, bolangizning rasm chizgisi, musiqiy asboblar chalgisi kelishi mumkinligi bilan hech qiziqib ko‘rganmisiz?! Yo‘q! Ularni o‘zlari istamagan boshqa kasblarga yo‘naltirishga majburlaysiz. Bolaning qalbiga bir quloq soling. Quchog‘ingizga olib, opichlab, peshonasidan o‘pib, boshini silab, nima kerakligini so‘rang, – deydi Dilshoda Huseynova.
Ha, bolalarning bolaligidan erta mahrum qilishga hech kimning haqi yo‘q!
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter