Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalar saratonini davolash yo‘lida nimalar qilinmoqda?

27-fevral kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetida bolalar saratoniga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Avliyo Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi vakillari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida ma’lumot berildi. Davlat rahbari tashabbusi bilan bolalar gematologiyasi va onkologiyasi kattalar yo‘nalishidan ajratilib, alohida tizim sifatida shakllantirildi. Natijada yagona bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi xizmati tashkil etilib, tibbiy yordam sifati yangi bosqichga ko‘tarildi.

2024-yil 21-maydagi Prezident qarori asosida bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi tubdan takomillashtirildi. Referens laboratoriya ishga tushirildi, yuqori dozali kimyoterapiya hamda zamonaviy diagnostika usullari amaliyotga joriy etildi. Yevropa klinik protokollari asosida davolash yo‘lga qo‘yilib, erta tashxis, reabilitatsiya va palliativ yordam dasturlari ishlab chiqildi.

Bugungi kunda Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda hududiy bolalar shifoxonalarida 180 o‘rinli ixtisoslashtirilgan xizmat faoliyat yuritmoqda. Markaz quvvati 200 o‘ringa yetkazilib, Onkojarrohlik bo‘limi tashkil etildi va yuqori texnologik operatsiyalar yo‘lga qo‘yildi. Uzoq muddat davolanuvchi bemorlar uchun 112 o‘rinli mehmon uyi hamda yangilangan kunduzgi statsionar ish boshladi.

O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha Global tashabbusi doirasida tanlangan o‘nta davlatdan biri hisoblanadi. Ushbu tashabbus bolalar yashovchanligini 60 foizga yetkazishni ko‘zda tutadi. 2024-yilda mamlakatimiz bolalar saratoniga qarshi dori vositalarini yetkazib berish bo‘yicha Global platformaga qo‘shildi. Mazkur platforma Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Avliyo Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi hamkorligida amalga oshirilib, bolalarni xavfsiz va sifatli dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan.

Ayni paytda platforma doirasida 14 ta hududdagi tibbiyot muassasalari hamda markazda davolanayotgan 2000 nafar bolalar uchun zamonaviy kimyopreparatlar yetkazib berilmoqda. Ushbu dori vositalari bilan 2028 yilgacha uzluksiz ta’minlash rejalashtirilgan.

Hududlarda filiallar ochilib, 14 ta davolash bo‘limi birlamchi tashxis va hamrohlik terapiyasiga ixtisoslashtirildi. Suyak, jigar hamda ko‘krak qafasi o‘smalarini olib tashlash kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari hududlarda ham bajarilmoqda.

Kadrlar malakasini oshirish maqsadida xalqaro hamkorlik kengaytirilgan. Jumladan, Vena tibbiyot universiteti hamda Germaniyadagi Avliyo Anna klinikasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, “Mehrli maktab” loyihasi doirasida uzoq muddat davolanayotgan bolalarning ta’lim olishi ta’minlanmoqda. “Taskin” bolalar onkologik xospisi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, palliativ yordam tizimi izchil rivojlantirilmoqda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va avliyo Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi o‘rtasida imzolangan memorandum esa bolalar onkologiyasi va gematologiyasi yo‘nalishida uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring