«Bomj»larga oid ishlar endi jinoiy sudlarda ko‘riladi

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reablitatsiya markazlariga joylashtirishga oid ishlarni endilikda jinoyat ishlari bo‘yicha hududiy sudlar ko‘rishi mumkin.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida ko‘rilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunida belgilab qo‘yilmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish orqali ularga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa turdagi yordam ko‘rsatishga, shuningdek, ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratilgan.
Bugungi kunda ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomalariga doir ishlar tumanlararo ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Xususan, respublika bo‘yicha ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan shu turdagi ishlar oxirgi uch yilda yiliga 8-9 mingtani tashkil etadi.
Hozirda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga sabab bo‘lmoqda hamda ushbu toifadagi ishlarga mas’ul bo‘lgan ichki ishlar organlariga bir qator qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Ya’ni, tumanlararo ma’muriy sudlarning faqat viloyat markazlarida joylashganligi va hududlarning markazdan uzoqligi, ichki ishlar organlari xodimining mazkur ish bilan shug‘ullanishi davomida o‘z xizmat joyi uzoq muddat bo‘sh qolishi, shuningdek, shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish amaliyotini fuqarolarga qulayliklar yaratish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilishini taqozo etmoqda.
Shu bois Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Jumladan, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish bilan bog‘liq ishlar ma’muriy sud vakolatidan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga berilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi natijasida ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslarni ushlab turish va reabilitatsiya qilishga qaratilgan faoliyatining samaradorligi oshishiga erishiladi hamda fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo‘yiladi va moddiy resurslarning tejalishiga olib keladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter