Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro «Ark»i qal’asi xodimi muhim raqamlarni oshkor qildi

Buxoro «Ark»i qal’asi xodimi muhim raqamlarni oshkor qildi

Foto: Xabar.uz

Buxoroning eski shahar qismidan 4 gektar yer maydonini egallagan «Ark» qal’asi muzeyi fondida 140 mingta noyob eksponatlar saqlanadi. Muzey mas’ul xodimi Bobur Qobilovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, joriy yilning shu davriga qadar arxeologik tadqiqotlar davomida yig‘ilgan eksponatlar soni 15 mingdan oshgan. Yil yakunigacha ushbu ko‘rsatkichni 20 mingtaga yetkazish reja qilingan.

Tahlillarda ko‘rsatilishicha, har yili tarixiy eksponatlar soni 1-1,5 mingtaga ortyapti.

«Hali qo‘rg‘onda ishga solinmagan imkoniyatlar ham talaygina. Muzey faoliyatini 10 barobarga oshirish mumkin. Ark qo‘rg‘onida joriy yilning may oyida YuNESKO tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyi olimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar natijasida «Buxoro vohasining qadimgi va o‘rta asrlar tarixi» deb nomlangan ko‘rgazma zali tashkil qilindi. Mingdan ortiq eksponatlar bilan boyitildi. Oradan ko‘p o‘tmay, tarixchi olimlar, restavratorlar, xorijlik ekspertlar bilan birga olib borilgan tahlillar asosida «San’at va etnografiya» ilmiy bo‘limida «Zargarlik va misgarlik» deb nomlangan yangi ko‘rgazma zali ish boshladi. Ushbu ko‘rgazma zalini tashkil etishdan maqsad - Buxoroning qadimiy xalq hunarmandchiligi an’analari, xususan, zargarlik va misgarlik san’atining boy tarixi va badiiy merosini keng jamoatchilikka namoyon etishdan iborat»,-dedi Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori o‘rinbosari Jamshid Xalilov.

«Zargarlik va misgarlik» ko‘rgazmalar zali XIX–XX asrlarga oid ko‘plab noyob eksponatlarni o‘z ichiga olgan. Ushbu buyumlar, nafaqat, bezak sifatida, balki xalqimizning madaniy va diniy jihatdan qadim an’analarini ham o‘zida ifodalagan. Shuningdek, O‘rta Osiyoda yashovchi turli millat vakillarining etnografik aloqalarini aks ettirgan.

Ushbu ko‘rgazma muzey fondlarida saqlanayotgan 2 mingdan ortiq noyob eksponatlar hunarmandchilikdagi yuksak san’at, texnologik mahorat va madaniy qadriyatlarini yoritishga qaratilgan. Ekspozitsiya tuzilishi ikki asosiy bo‘limdan iborat bo‘lib, ular orqali zargarlik va misgarlikning o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy shakllanish jarayoni hamda xalq hayotida tutgan o‘rni keng qamrovda ochib beriladi. Shu joyning o‘zida sayyohlarni qo‘shimchasiga 2 soatga yaqin olib qolish imkoni yaratilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring