Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro cho‘lida oltin koniga yer osti yo‘li qurgan 28 shaxs ushlandi (foto)

Buxoro cho‘lida oltin koniga yer osti yo‘li qurgan 28 shaxs ushlandi (foto)

Foto: Buxoro viloyati IIB axborot xizmati

Buxoroda tilla kukuni bor qumlarni to‘plash va o‘g‘irlash hamda ularni yashirin sexlar orqali qayta ishlab, oltin olishga qaratilgan noqonuniy harakatlar soni yildan-yilga oshmoqda. Bu jinoyatga qarshi kurash kuchaygan, shunga qaramasdan, uyushgan jinoyatlar soni sezilarli ravishda ko‘paymoqda.

Kuni kecha Buxoro cho‘lida sodir bo‘lgan shunday jinoyat bilan bog‘liq holat hammasidan o‘tib tushdi.

Foto: Buxoro viloyati IIB axborot xizmati

«Buxoro asosan cho‘l zonasida joylashgan. Bu cho‘llarda g‘ayri maqsadlarda pinhona ish qilib yurganlar kun kelib qo‘lga olinishlari haqida o‘ylashmagan. Had-hududsiz, chek-chegarasiz cho‘llar, odamlar yashaydigan manzillardan har qancha olis bo‘lmasin, har bir qarichi, zarra tuprog‘i ham birdek nazoratda, himoyada. Buxoro viloyati IIB tezkor qidiruv xizmati, Jinoyat qidiruv boshqarmasi, Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Shofirkon tumanining Choruqcho‘l massivi hududida shaxta tiklagan uzoq yillik jinoyatchi guruhlarning xatti-harakatini fosh etishdi», — dedi «Xabar.uz»ga ma’lumot bergan viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.

«Navoiy tog‘-kon metallurgiya» kombinati tarkibida oltin kukuni bo‘lgan katta miqdordagi qum uyumlarini Zarafshon cho‘l tizmasi hamda Xatirchi tumanining belgilangan hududlarida to‘plab boradi. Bu qum tog‘i kelajakda qayta ishlab, tarkibidan oltin ajratib olish uchun mo‘ljallangan. Shuning barobarida, bu «oltin tog‘» G‘ijduvon, Shofirkon va hatto Vobkent tumanida yashovchi ayrim fuqarolarni ham ohanrabodek o‘ziga jalb qilib kelgan. Shunday qumlarni aylanma yo‘llar orqali tashigan, qum tarkibidan tilla zarrachalarini ajratib olib, uni quyma oltin holatiga keltirishga mo‘ljallangan yashirin sexlardan foydalangan, bundan tashqari, quyma tillani xarid qilish hamda buyurtmachilarga yetkazib berish bilan ham shug‘ullanib kelinganlik kabi ko‘plab holatlar oldin ham aniqlangan.

Biroq bu galgi jinoyat ko‘lamiga hech qaysisi tenglasha olmaydi. Oltin zarrali tuproqni xufyona qazib olish bilan shug‘ullanib kelgan ikki guruh rahbari o‘zaro til biriktiradi. Ular ishchilarni yollab, cho‘lning «qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan» olis manzilida yashirin ravishda chuqur va uzoq masofali shaxtalar qazishgan.

Sahro ostidagi yashirin yo‘lning o‘zi tarkibida tilla kukuni bor minglab qum to‘la qoplardan barpo etilgan!

Foto: Buxoro viloyati IIB axborot xizmati

«Tilla yo‘l» to‘ppa-to‘g‘ri tilla kukunlari to‘planadigan manzilga olib borishi aniqlandi.

Foto: Buxoro viloyati IIB axborot xizmati

Bundan tashqari, cho‘l hududida atrofni himoya qiladigan «qo‘riqchilar» va ular tomonidan kovlangan shaxtalarda ishlatish maqsadida olib kelingan 28 nafar shaxs ham qo‘lga olingan.

Foto: Buxoro viloyati IIB axborot xizmati

Keng qamrovli tezkor profilaktik tadbir davomida holatga juda ko‘p ashyoviy dalillar ham tegishli tartibda hujjatlashtirildi. Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlangan holda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakunlari yuzasidan ushbu shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi.

Ma’lumot o‘rnida: Bir necha yil oldin Navoiy viloyatida tilla kukunli qumlarni talashib ikki qishloq odamlari o‘rtasida katta janjal kelib chiqqan va 28 kishiga nisbatan ish ochilgan edi.

Xuddi shuningdek, ayni kunlarda xuddi shunday jinoyatga aloqador yana bir boshqa holat Buxoro viloyati sudida ko‘rib chiqilmoqda. Unga ko‘ra, shofirkonlik 33 nafar fuqaro ham shunday qumlarni aylanma yo‘llar orqali tashib, noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirib kelishayotgani fosh etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring