Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro sudi advokatning shikoyatini inkor etdi

Buxoro sudi advokatning shikoyatini inkor etdi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyat sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyasiya instansiyasida jamoatchilikning e’tiborini jalb etgan jinoyat ishi — fohishaxona saqlashda takroran aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan jazo tayinlandi. Aybdorga nisbatan chiqarilgan hukm yuzasidan advokat shikoyati ko‘rib chiqilib, u sud hay’ati tomonidan inkor qilindi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Buxoro viloyati sudi sudyasi Nozimjon Jo‘rayev ma’lum qildi.

Mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudining 2025-yil 8-maydagi hukmiga taalluqli bo‘lib, unda G.G. ismli ayol O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi 4-qismi «b» bandi (takroran, xavfli retsidivist tomonidan fohishaxona saqlash)da nazarda tutilgan jinoyatda aybli deb topilgan. Unga 2 yil 7 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazo umumiy tartibdagi koloniyada o‘talishi belgilangan.

Apellyasiya shikoyatida G.G.ning advokati K.R. sudlanuvchining ijtimoiy ahvoli va salomatligi, shuningdek, ilgarigi jazo muddatidan shartli ravishda ozod qilingani kabi yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olishni so‘ragan. Aybdorga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turini qo‘llashni talab qilgan.

Biroq, sudlov hay’ati sud ishini chuqur tahlil qilib, birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan hukmni to‘g‘ri, asosli va qonuniy deb topdi.

Sud tomonidan qayd etilgan holatlarga ko‘ra, sudlanuvchi G.G. ilgari ham aynan shu turdagi jinoyatda aybdor deb topilgan.  2020-yilda ozodlikni cheklash jazosiga tortilgan. Keyinchalik 2022-yilda shartli ravishda ozod etilgan. Ammo, shundan xulosa chiqarmagan G.G. 2024-yilda ham ikki marotaba, takroran yana shu jinoyatni sodir etgan.

Bu holatda sud, nafaqat takroran jinoyat sodir etilganini, balki uning g‘arazli niyatlar asosida, «oson pul topish» maqsadida amalga oshirilganini ham inobatga olgan.

«Sud tomonidan ushbu jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, takroriyligi, niyati va jamiyatga salbiy ta’siriga ham to‘liq baho berildi. Bejizga sud advokat shikoyatini inkor etmadi. Takroriy jinoyat — og‘ir oqibat ekanini unutmaylik!», — dedi Nozimjon Jo‘rayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring