Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda Ayollar sport festivali o‘tkazildi (video, foto)

O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi «O‘zbektelekom» AK Buxoro filiali bilan hamkorlikda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlab, Buxoroda «Sog‘lom ona va sog‘lom avlod garovi» shiori ostida Ayollar sport festivalini o‘tkazdi.

Oyi, oyijon, iltimos, biz ham ishtirok etaylik! — ona nonushta tayyorlayotganida qizaloqlari uning qo‘llaridan tortqilay boshlashdi.

– Tushunmadim, nimada ishtirok etmoqchisizlar? — hayratlandi ona.

– Hozirgina dadam aytdilar, siz ishlayotgan joyda sport va san’at bayrami bo‘lar ekan, — dedi 8 yoshli Feruzabonu.

– Qo‘ysang-chi, qizim, boshqa ishlarim ko‘p!

– Yo‘q, men ham qatnashaman, rasmlar chizishni yoqtirishimni bilasiz-ku, oyi-i-jon.., — chuvilladi kichik qiz Ruxshona ham.

«Qizlarimning qistovi bilan Ayollar sport festivalida qatnashishga qaror qildim. Har ikki qizalog‘im ham sport va san’at yo‘lini tanlashgan. Qizlarim mendanmas, men ulardan motivatsiya oldim, desam adashmayman. Ular tufayli festivalning tuman-shahar, viloyat bosqichlarida g‘oliblikka erishib, respublika bosqichi ishtirokchisiga aylandik. Final uchrashuvlarida ham qizaloqlarimning «Festival yulduzi»ga aylanishgani meni baxtiyor qildi», — dedi «O‘zbektelekom» AK Jizzax filialining abonentlarni saqlab qolish guruhi tijorat agenti Robiya Sultonova.

Darhaqiqat, Jizzax shahridagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Feruzabonu va uning singlisi Ruxshona singari mamlakatning turli viloyatlaridan to‘plangan barcha bolalar uchun festival sport va san’at maydoniga aylandi.

***

So‘nggi yillarda ayollar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish orqali salomatligini mustahkamlash, qizlarimizni ma’naviy-axloqiy kamolotga yo‘naltirish, jamiyatda, oilada o‘z o‘rnini topish va sog‘lom avlodni tarbiyalash, oilada sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu nuqtai-nazardan, Buxoroda o‘tkazilgan «Sog‘lom ona va sog‘lom avlod garovi» shiori ostidagi ayollar sport festivalida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalari vazirligi tizimidagi aloqa  korxona, tashkilot va muassasalarida 20 yoshdan kichik bo‘lmagan hamda 45 yoshdan yuqori bo‘lgan ayollar, ishchi-xodimlar va ularning 7-13 yoshgacha bo‘lgan farzandlari ishtirok etishdi.

«Sog‘lom avlodni tarbiyalash, oilada sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan «Sog‘lom ona va sog‘lom avlod garovi» shiori ostidagi ayollar sport festivalining 2014-yildagi bellashuvlarida 1500 dan ziyod, 2015-yildagisida 3000 dan ziyod, 2016 yildagisida 4000 ziyod ayollar va ularning farzandlari jalb qilingan edi. Joriy yilgi musobaqalarda ishtirok etganlar soni  7 500 nafardan oshdi», — dedi tashkiliy ishlar bo‘yicha mutaxassis Gulchehra Gulyamova.

Kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan mazkur festival g‘oyatda keng tus oldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilgan saralash musobaqalarida eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan ishtirokchilardan iborat 14 hududdan 28 ta terma jamoa Buxoroi Sharifning Sitorai Mohi Xosa sanatoriyasiga joylashishdi.

Ma’lumot o‘rnida: sanatoriyada barcha ishtirokchilarning tibbiy ko‘rigi tashkil etildi. Musobaqalardan bo‘sh bo‘lgan ishtirokchilar sanatoriyning tibbiy xizmatidan foydalanib, sog‘lomlashtirilgan. Shuningdek, kechki paytda ishtirokchilar uchun sanatoriya hududidagi kutubxona, kinozal, trenajor xonasi, fitobar, tuzli va xvoyli vannalar, massaj kabi xizmatlardan foydalandilar hamda madaniy hordiq olishlari uchun konsert dasturlari tashkil etilgan.


«Buxoroga birinchi kelishim. Issiq, jazirama, deb ko‘p eshitganlarim bor. Bizni toza va salqin, yomg‘irli havo qarshiladi. Yashil olam bag‘riga tushdik go‘yo. Bog‘u rog‘lari, so‘lim tabiati lol qoldirdi. Shijoatimizga shijoat qo‘shdi. Ayniqsa, ziyoratgohlaridagi xotirjamlikdan orom topdik. Ko‘z tegmasin», — dedi «O‘zbektelekom» AK Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali stansiya inshootlari» guruhi yetakchi muhandisi Ulzira Serjanova.

Sitorai Mohi Xosa sanatoriyasidagi ilk tadbir marafon bilan boshlandi.  Unda 7 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan barcha qatnashishdi.

Shundan so‘ng ayollar va ularning bolalari shashka, shaxmat, stol tennisi musobaqalarida kuch sinashdi. «Olam bolalar ko‘zida» mavzusiga bag‘ishlangan rasmlar tanlovi ham qizg‘in tus oldi. Bolalar o‘z chizgan rasmlari orqali tinchlik, do‘stlik va vatanga bo‘lgan muhabbatlarini namoyish etishdi.

Andijondagi «Brilliant Edusation» nodavlat ta’lim muassasisi 1-sinf o‘quvchisi Robiya Po‘latjonovaning  chizgilari, ayniqsa, haqamlarda iliq taassurot qoldirdi.

«Men o‘z chizgan rasmim orqali butun dunyo bolalari uchun Tinchlikka ovoz bergim keldi. Butun olam bolalari bizdek yashashsin!», — dedi Robiya.

Namangan viloyati, Uychi tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Ulug‘bek Aliqulov, Beshkent shahridagi Prezident tasarrufidagi ixtisoslashgan maktab o‘quvchisi Og‘abek Choriyev, Kogon shahridagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Siroj Botirov kabi 30 nafardan ortiq bolalar shaxmat, shashka va stol tennisi bellashuvlarida jonbozlik ko‘rsatishdi.

Buxoro shahridagi «Humo» sport majmuasida bo‘lib o‘tgan «Qaddimizni rostlaymiz, sakrashni boplaymiz!» shiori ostidagi quvnoq startlarda onalar va bolalar g‘oliblik uchun kurash olib bordilar.

Sport musobaqasi so‘ngida ishtirokchilar madaniy tadbirlardan bahramand bo‘lishdi. Buxoro shahri bo‘ylab, sayohat va ziyoratlarga chiqishdi.

«Buxoroning eski shahri bo‘ylab sayohatga chiqar ekanmiz, o‘zimizni xuddi ertaklar olamida yurgandek his qitldik. Yomg‘ir yog‘ishiga qaramasdan, kayfiyatlar a’lo, ruhlar tetik edi. Labi hovuz, Ark qo‘rg‘oni, Chor Minor, ayniqsa, Minorai Kalon kabi qadimiy obidalari bizni hayratga soldi», — dedi Sirdaryo filiali Guliston savdo va xizmat ko‘rsatish ofisi aloqa operatori Dilafro‘z Ergasheva.

Festivalning ikkinchi kuni Romitan tumanidagi «Varnet» issiqxona akademiyasida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi  raisi Asror Ishonxadjayev sport va san’at bayrami ishtirokchilarini tantana bilan qutlar ekan, festival xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida sport-sog‘lomlashtirish madaniyatini oshirishga ulkan hissa ekanini ta’kidladi.

«Umumbashariy demokratik, huquqiy talablarga javob bera oladigan fuqarolik jamiyatini barpo etish, xalqaro talab va andozalarga mos keladigan ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy, jismoniy munosabatlarni vujudga keltirish, xalqimiz uchun farovon turmush tarzini barpo etish, zaminimizda tinchlik, osoyishtalik, hamjihatlik, totuvlik va barqarorlik bo‘yicha shukuronalikni hislarini uyg‘otish eng oliy maqsadlardan. Mazkur festival oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, yoshlarimiz, ayniqsa qizlarimizni ma’naviy-axloqiy kamolotga yo‘naltirishda katta hissa bo‘ldi, deya olaman. Qalbingiz odamiylik, insonparvarlik, yurtparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va kelajakka ishonch fazilatlari, do‘stlik tuyg‘ulari bilan limmo-lim bo‘lgan bo‘lsa, biz maqsadga erishdik. O‘zaro hamjihatlik va totuvlik uyingizning mezboniga aylansin!», — dedi Asror Ishonxadjayev tabrik so‘zida.

Ayollar sport bayramida buxorolik xonandalar va folklor jamoalarning musiqiy chiqishlari festivalning yanada fayzli kechishini ta’minladi. Ishtirokchi bolalarning ham qo‘shiq va raqslar ijrosi bilan tomoshabinlarni hayratlantirdi.

«Singlim Ruxshona bugun 7 yoshga qadam qo‘ydi. Bugun biz uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Oyimizga va’da berganimizdek, biz festivalning yulduziga aylandik», — dedi hindcha, surxoncha va buxorocha raqslari bilan olqishlarga sazovor bo‘lgan jizzaxlik ishtirokchi Feruzabonu.

Barcha ishtirokchi ayollar va bolalar tantanani milliy liboslarda qarshilashdi. Federatsiyaning qimmatbaho sovrin va mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

«Ha, sport inson salomatligi va irodasini mustahkamlaydi. Davlatimiz rahbarining sportning ommaviy turlarini rivojlantirish orqali har bir oila a’zosini sportga jalb etish ishlariga alohida e’tibor qaratish lozimligini takror va takror ta’kidlashi bejizga emas. Ona — oila gultoji, farzand — oila quvonchi, deya bejizga aytilmagan. Ularning salomatligi — jamiyat xotirjamligi. Uch kunlik yirik festival ana shu oliy qadriyatlarni mustahkamlay oldi», — dedi Federatsiyasining Buxoro viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Adolat Akramova.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring