Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda «erkak» niqobi ostida o‘z dugonasini «chuv» tushirgan ayol homiladorligi bois qamalmadi

Buxoroda «erkak» niqobi ostida o‘z dugonasini «chuv» tushirgan ayol homiladorligi bois qamalmadi

Foto: «Xabar.uz»

— Siz aqlimni rom etgan go‘zal!

O‘zingizga notanish bo‘lgan hamma qizga ham shunaqa yozasizmi?

— Yo‘q, men sizni uzoq vaqtdan buyon kuzataman.

...

— Nomard eringiz sabab turmushingiz buzilganidan ham xabardorman.

Bilar ekansiz, bezovta qilmang!

— Yo‘q. Siz men uchun keraksiz! Men siz bilan hayotimni bog‘layman va kelgusida, albatta, baxtli bo‘lamiz!

Telegramm tarmog‘i orqali «....» nomli notanish profildan yozilayotgan xabarlar yaqindagina turmushidan ajralgan Feruza Temirovaning tinchini buzdi. Qancha qarshiliklar bildirishiga, notanish bu profilni «chyorniy»ga tiqib qo‘ysa-da, «....» boshqa profillar orqali unga kirib kelavergan.

Mening ismim Zoyir. Aslida, meni juda yaxshi taniysiz. Buxoro Pedagogika kollejida o‘qiysiz. Sizni ko‘pdan kuzataman va menga yoqasiz! – deya yozgan telegramm profilini «Zoyir»ga o‘zgartirgan «....»

O‘zi tanimagan yoki eslay olmagan «Zoyir» Feruzaning tinchini o‘g‘irlagan. Chiroyli so‘zlaru, iliq mehr va samimiyat bilan yo‘g‘rilgan izhorlar Feruzani «Zoyir»ga ipsiz bog‘lay boshlagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tuman sudi hujjatlariga ko‘ra, bu ipsiz bog‘lanuvlar «muhabbat»ga aylangan. Turmushi buzilib, mehrga zor qolgan Feruza «Zoyir»dan kelayotgan suratlarga javoban o‘zining ham turli ko‘rinishdagi suratlarini jo‘nata boshlagan.

Kunlarning birida «Zoyir» kutilmaganda betob bo‘lib qolgan va shu bois, yuzma-yuz uchrashuvga chiqa olmasligini, 400 AQSh dollari zarurligini, shuncha miqdordagi pullarni topa olmasa, kasalligi avj olib ketishini mumkinligini aytgan. Ayni vaqtda pulsiz «sevgilisi»ga achingan Feruza yigitga qanday qilib pul yetkazishni so‘ragan. «Zoyir» Feruzaning kursdoshi Dilbar Oripova orqali berib yuborishi mumkinligini, bu kursdoshi o‘zining qadrdoni ekanini bildirgan. Eng yaqin dugonasi va sirdoshi Dilbar Oripovaning ismini eshitgan Feruza «Zoyir»ga ishongan. Shu kuni Dilbarni yoniga chaqirgan va 400 AQSh dollari miqdoridagi pulni «Zoyir»ga yetkazib qo‘yishni va uning bilan o‘rtalarida jiddiy munosabat paydo bo‘layotganini so‘zlab bergan. Dilbar ham «Zoyir»ni og‘zidan bol tomib maqtagan.

Feruzaning ishonchiga kirgan «Zoyir» go‘yo uning yaqin sirdosh dugonasi Dilbar orqali o‘zi to‘g‘risida xabar berib turgan. Keyingi gal to‘la davolanib, oyoqqa turib ketishi uchun 1.100 AQSh dollari berib turishini so‘ragan.  Aslida, Dilbar dugonasiga ishongan Feruza yana «Zoyir» uchun shuncha miqdordagi pullarni qarz sifatida berib yuborgan. Hali oradan hech qancha vaqt o‘tmay, «Zoyir»ning o‘zi oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish uchun 1 million so‘m pul so‘ragan. Buxoro tumani, Gala-osiyo shaharchasida yirik savdo do‘koni borligini, betobligi bois, ko‘chaga chiqa olmayotganini tushuntirgan «Zoyir»ga Feruza bu gal ham ishongan.

Afsuski, Feruza «Zoyir»ga «chuv» tushganini, telegram profili orqali undan: «700 AQSh dollarini Dilbar orqali jo‘natmasang, ushbu suratlaringni tarqatib yuboraman», — degan sms xabari orqali tushunib yetgan. «Zoyir» shu nafsi yo‘lida bulardan tashqari, Feruzaga tegishli bo‘lgan va bahosi 4,5 million so‘mga baholangan 3 dona tilla taqinchoqlarni ham undirib olgan bo‘lgan.

Qizi keyingi kunlarda qandaydir tashvishda qolganini sezgan Feruzaning onasi  uni tergay boshlagan. Muammolar girdobidan qolgan Feruza voqeani onasiga so‘zlab berishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng ayolning onasi holat yuzasidan huquq-tartibot idoralariga ma’lum qilgan.

«Afsuski, erkak profilidagi «Zoyir» Feruzaning eng yaqin sirdosh dugonasi Dilbar Oripova bo‘lib chiqdi. Avvaliga aybini tan olmay, turli yolg‘on vajlar keltirishga va tergovga chap berishga uringan Dilbar Oripova dugonasining soddaligidan foydalanganiga iqror bo‘ldi. Sudlanuvchi jabrlanuvchi foydasiga yetkazilgan jami 69.802.600 so‘mning 57.736.600 so‘mini qopladi. O‘z xatti-harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining turli moddalariga asosan, ayblangan Dilbar Oripovaga nisbatan homiladorligi bois, qamoq jazosi qo‘llanilmadi. Biroq, ehtiyot sifatida va bundan keyin boshqa jinoyatlarga ham daxldorligi kuzatilishi ehtimolida Sud, jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil, deb topilgan SMS yozishmalar ko‘chirmasi saqlab qolindi», — dedi jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tumani sudi raisi Farrux Ikromov.

Erkak niqobidagi ayol Dilbar Oripovaga O‘zbekiston Respublikasi JKning turli moddalariga asosan aybdor, deb topilib, 57.736.600  so‘mni jabrlanuvchiga qoplab berganidan tashqari, bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida hamda yana  bazaviy hisoblash miqdorining 22,5 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan. Ushbu jarimalar davlat foydasiga undirilgan.

Dilbar Oripovaga qo‘llanilgan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalidan qamoqdan ozod qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring