Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda ikki bosqinchi qo‘lga olindi

Buxoroda ikki bosqinchi qo‘lga olindi

Illyustrativ foto

«Baqirma, pullarni chiqar. Yo‘qsa, otib tashlayman, o‘lasan!» — yuz-ko‘ziga qora niqob taqib, qo‘llariga qo‘lqop kiygan, peshonasiga to‘poncha tirkagan shaxsning o‘dag‘aylashidan ayol qaltirab qoldi. Yordam so‘rab baqirganida, ayolga hujum qilayotgan erkak kuch ishlatib, uning og‘zini qo‘llari bilan yopdi. Qarshilik ko‘rsatganida, tan jarohati oldi.

Tun qorong‘usida hovlida turmush o‘rtog‘ining vahimali baqirganini eshitib yugurib chiqqan H.Sh.ning biqiniga pichoq tirkaldi, bosqinchining sherigi ham bor edi. H.Sh. sal harakatlansa pichoqning o‘tkir tig‘idan qattiq jarohatlanishi bor gap. Bosqinchi H.Sh.dan ortiqcha harakat qilmaslikni, ovoz chiqarmasligini, yo‘qsa uni ham, ayolini ham o‘ldirib yuborishini aytib po‘pisa qiladi. Ammo H.Sh. payt poylab, biqiniga qattiq tirkalib turgan pichoqning o‘tkir tig‘li tomonini «dast» ushlab olishga ulgurdi. Bosqinchi pichoqning dastasini bor kuch bilan tortganida H.Sh.ning qo‘l kafti va bir nechta barmoqlari shilinib, kesildi. Shunga qaramay, hovlidagi stul bilan notanish shaxslarga qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Notanish shaxslar esa unga bas kela olmasliklariga ko‘zlari yetib, juftakni rostlashdi.

***

«Zudlik bilan ichki ishlar organlariga hamda «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qildim. Bu paytda ayolim qo‘rquvdan o‘zini yo‘qotib, hushdan ketgandi. Qizimiz o‘z yotoqxonasida edi. Yaxshiyam hovliga chiqib ulgurmagan ekan», — dedi fuqaro H.Sh. sudda.

Ushbu ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Ma’lum bo‘lishicha, asli qashqadaryolik bo‘lgan N.I. avvaldan tanishi bo‘lgan Sh.N.ga qo‘ng‘iroq qilib, qarzini berishini talab qilgan. Sh.N. ayni paytda puli yo‘qligi va qo‘liga pul tushishi bilan uni qaytarishini bildirgan. Shunda N.I. unga tezda Buxoroga yetib kelishini va «soqqali» ish chiqib qolganini aytgan. Sh.N. Buxoroga kelgach, N.I. unga Buxoro tumani «Shergiron» MFY, «Dehimiyona» qishlog‘ida yashovchi bir fuqaroning uyini «tunash» taklifini bergan. Bu orqali ham qarzidan qutulishini, qolgan qismini esa teng bo‘laklab olish mumkinligini aytgan. Sh.N. shak-shubhasiz bu «taklif»ga ko‘ngan.

N.I. hamda Sh.N. o‘zaro til biriktirgan holda o‘z rejalarini amalga oshirishga kirishishgan. Buxoro tumanida yashovchi H.Sh.ning xonadoniga yashirincha kirib, xonadon egalariga hujum qilishgan va bosqinchilik jinoyatini sodir etishgan. Rejalarini oxirigacha amalga oshira olmay, qarshilikka uchragan bu shaxslar o‘zlaridan iz qoldirishgan. Jinoyat sodir etilganining ikkinchi kuniyoq qo‘lga olingan N.I. hamda Sh.N.lar ilgari ham bir necha marotaba sudlangan va «o‘tirib chiqqan» shaxslar ekani ma’lum bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi hukmi bilan har ikki shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 10 yilu 6 oydan muddat bilan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanildi. Bosqinchilar ushbu jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring