Buyuk Britaniya Rossiyaga nisbatan o‘ta jiddiy ayblovlar ilgari surdi

Fotoga izoh: Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson va Rossiya prezidenti Vladimir Putin.
Buyuk Britaniya parlamentining xavfsizlik va razvedka faoliyati bo‘yicha qo‘mitasi Rossiyani qirollik ichki siyosatiga aralashuvda aybladi. Qonunchilik idorasi tomonidan e’lon qilingan hisobotda Rossiya Buyuk Britaniyaga barcha jabhalarda tahdid soluvchi raqib dyeb atalgan.
«Rossiyaning barcha sa’y-harakatlari G‘arbga zarba berishga qaratilgan» deyiladi hisobotda. Ingliz deputatlariga ko‘ra, Rossiya rahbariyati YeI va NATOga nisbatan shu qadar chuqur dushmanlik kayfiyatiga berilganki, imkon bo‘ldi deguncha xalqaro tartibni buzishga urinadi. Rasmiy Moskvaning yakuniy maqsadi buyuk mamlakatga aylanish, sobiq SSSR hududida hukmron mavqega ega bo‘lishdan iboratdir, deb hisoblaydi hujjat mualliflari.
Qayd etilishicha, Rossiya G‘arbda birinchi navbatda Buyuk Britaniyani asosiy razvedka nishoni deb biladi. Bu esa qirollikning AQSh bilan juda yaqin do‘stona munosabatda ekani va London aksilrossiya markazlaridan biriga aylangani bilan izohlanadi.
Hisobotda rus tahdidining uch jihati haqida so‘z boradi.
Birinchidan, rasmiy Moskva kibermakonda hujumlar amalga oshirib, turli mamlakatlardagi demokratik jarayonlarni izdan chiqarishga urinmoqda. Bu o‘rinda «Breksit» bo‘yicha ovoz berish jarayoni (2016), Shotlandiyadagi referendumni (2014) yodga olish mumkin.
Ikkinchidan, Rossiya ommani chalg‘ituvchi soxta axborot tarqatish orqali ijtimoiy fikrni yanglish o‘zanga burishga harakat qilmoqda. Bu borada davlat nazoratidagi RT, Sputnik kabi davlat ommaviy axborot vositalari hamda trollardan foydalanilmoqda. Axborot jabhasidagi g‘irromlik haqida so‘z borar ekan, rus razvedkasi Chernogoriyada davlat to‘ntarishiga urinishni dastaklagani iddao qilingan.
Hisobotda Kremlning axborot sohasidagi buzg‘unchilik faoliyatiga Britaniya hukumat idoralari munosib javob bera olmayotgani qayd etilgan.
Uchinchidan, Buyuk Britaniyaga tanda qo‘ygan rossiyalik oligarxlar ham xavf o‘laroq baholangan. So‘nggi yillarda Londonga Rossiyadan kelib chiqishi shubhali bo‘lgan mablag‘lar oqib kelmoqda. Ingliz mutasaddi idoralari shubhali mablag‘larning manbasi bilan qiziqmagan. Oqibatda Rossiya rahbariyatiga yaqin sanalgan oligarxlar Britaniya elitasi bilan mustahkam rishtalar o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan. Mahalliy fuqarolar orasida Rossiya manfaatlarini himoya qiluvchi huquqshunoslar, piar mutaxassislar va rieltorlar armiyasi vujudga kelgan. Rossiyalik korchalonlar xayriya tashkilotlari, hatto siyosiy partiyalarga xayriyalar qilgan. Xavotir ila qayd etilishicha, Rossiyada moliyaviy manfaati mavjud arboblar orasida Lordlar palatasi a’zolari ham bor.
Britaniya deputatlari maxfiylik vajidan qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarning katta qismi jamoatchilikka oshkor etilmaganini ma’lum qilgan.
Hisobot mualliflari mazkur tahdidlarga qarshi turish uchun xorijiy agentlar to‘g‘risida qonun qabul qilish, jinoiy mablag‘larga qarshi kurashni kuchaytirish hamda Moskva bilan robitalarni cheklashni tavsiya etgan.
Kutilgandek rasmiy Moskva ingliz parlamenti hisobotini rad etgan. Xususan, Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova uni «rusofobiya» hamda «soxtakorlik» deb atagan.
Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Kreml dunyoning biror bir mamlakatidagi saylov jarayonlariga aralashmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter