Chiroqchi. Dabdabali bayramning maslahat oshi fojiali yakun topdi
Chiroqchi tumani, Chiyal jamoa xo‘jaligida bir an’ana bor — har yilgi Navro‘z bayrami arafasida qishloqda poytaxtdan kazo-kazo xonandalar chaqirilib, o‘nlab katta qozonlarda osh damlanib, bayram tantanalari o‘tkaziladi. Masalan, o‘tgan yili bir qishloqda xonanda Munisa Rizayeva xizmatda bo‘lgandi.
Bu qishloqda Navro‘z bayramini sinfdoshlar qilib berish odat qilingan. Masalan, bir yil 1981 yili tug‘ilganlar qilib bersa, keyingi yil 1982 yili tug‘ilganlar… Ular bayramga qo‘shiqchi olib kelish, palov damlash va boshqa xarajatlarni o‘z bo‘yniga oladi. Buning uchun bir necha million so‘mdan yig‘iladi. Rossiyada, Toshkentda ishlab yurgani bormi, mardikorchilik qilganlar bormi, hammasi pul berdi. Topolmaganlar uyidagi molini sotadi. Xullas, bayram uchun pul yerning tagidan bo‘lsa ham topildi.
***
Qashqadaryo viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar berishicha, 2020 байра-yilgi Navro‘z bayramini qilib berish, bayram tadbiriga taniqli estrada xonandalaridan taklif etish va boshqa harajatlarini ko‘tarish shu qishloqda 1986 yilda tug‘ilgan yigitlar chekiga tushgan.
Ayblanuvchi N.O ham sinfdoshlari bilan birga «Navro‘z» bayramini tashkiliy masalalari haqida maslahat qilish uchun yig‘ilib, yig‘inda ko‘p miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilgan.
Maslahat oshida sinfdoshi marhum S.Ya bilan suhbat davomida bayramda oshpaz tanlash masalasida o‘zaro og‘zaki tortishib qolgan.
Ayblanuvchi N.O uyiga qaytganidan so‘ng marhum S.Ya bilan telefon orqali yana tortishib, o‘zaro bir-birlarini haqorat qilishgan.
Shundan so‘ng, N.O o‘zining yashash xonadonidan oshxona pichog‘ini olib, marhumning yashash xonadoniga borgan, uni uyidan topolmagach, yashash uyiga qaytishida qishloqdagi ko‘prik ustida marhum S.Yani uchratib qolib, yonidagi pichoqni S.Yaga sanchib, uni qasddan o‘ldirgan.
Mazkur holat yuzasidan 14.02.2020 yilda Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
***
Katta dabdabaning maslahat oshi shunday ayanchli yakun topgan. Endi bu fojia sabab Chiyal qishlog‘idagi an’ana buziladimi-yo‘qmi, bunisi bizga qorong‘u. O‘tgan yili ham bu mavzuni ko‘targan edik: bir kunlik o‘yin-kulgiga sarflagan shuncha pulni bolalarimiz qatnaydigan maktablarga, turmushimiz farovonligi uchun sarflasak, erta uning rohatini o‘zimiz ko‘rmaymizmi? Taniqli xonanda yarim soat kelib qo‘shiq aytib, ming-ming dollarni olib ketadi, shuning o‘rniga bitta maktabga 10 ta kompyuter sovg‘a qilsak, o‘quvchilar bir necha yil foydalanmaydimi? Nega artist uchun qo‘llab-quvvatlangan va amalga oshirilgan tashabbus ta’lim va turmushga kelganda «oqsaydir»?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter