Cho‘l bag‘rida yashil olam (foto, video)

Buxoro azaldan tuprog‘i sho‘r, yerlari qumloq, suvi tanqis o‘lka sifatida tilga olinadi. Viloyatning juda katta va keng hududi cho‘l zonalardan iborat. Biroq, inson qo‘li shu qadar mo‘’jizalarga qodirki, cho‘lda ham bog‘ barpo etib, uni so‘lim go‘shaga aylantira oladi.
Buxoro shahar markazidan Janubga tomon 20 kilometrcha masofadagi cho‘l zonasida joylashgan «Buxoro Varnet» zamonaviy agrasanoat majmuasi bugun buxoroliklar uchun chinakam dam olish maskaniga aylangan.
2019-yil boshida sho‘r tuproq, zax va tikanzorlardan iborat katta hududda yastanib yotgan tashlandiq yer maydonini yil oxirida qator issiqxonalar egalladi. Endilikda uning yonida o‘quv markazi, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona ham tashkil etilmoqda. Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilib, klaster tizimida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish uchun keng sharoit yaratilgan.
Bugungi kungacha 20 million AQSh dollari tashqi investitsiya o‘zlashtirilib, 20 gektar maydonda issiqxona qurib bitkazilgan. 600 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan.
– Suv tanqis, sho‘r va qumloq yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishitirish uchun gidroponika usuli juda qulay, – deydi korxona bosh agranomi Avez Jo‘rayev. – Shu ma’noda, «Buxoro Varnet»da qiymati 10,1 million AQSh dollariga teng invetro asosida sifatli meva-sabzavot ko‘chatlarini yetishtirish loyihasi, laboratoriya hamda o‘quv markazi tashkil etish loyihasi amalga oshirildi. Ushbu loyihani ishga tushishi natijasida 155 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Ayni damda 2000 nafarga yaqin ishchi-xodimlar bandligi ta’minlangan.
Ayni kunda ushbu manzil dam olish maskaniga aylangan. Hashamatli va ko‘rkam bog‘ning salqin havosi, xushmanzara tabiati minglab odamlarni bag‘riga chorlamoqda. Barcha tropik mevalar mahalliylashtirilgan. Manzarali-mevali daraxtlarning go‘zalligi kayfiyat bag‘ishlaydi.
Turkiya–O‘zbekiston hamkorligida cho‘l bag‘rida yaratilgan yashil olam ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter