Davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlari tanlov asosida tayinlanadi
«Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–101-son, 24.03.2023-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-maydan:
- respublika mulki bo‘lgan davlat ko‘chmas mulklari va davlat aksiya paketlari (ulushlari) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi, bundan Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli ulushlar hamda Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
- davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bilan bog‘liq ta’sis hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlar Davaktiv agentligining tegishli buyrug‘i mavjud bo‘lganda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;
- davlat ko‘chmas mulk ob’yekti va bo‘sh yer uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bitim tuzilgach 10 kun muddatda «Davlat mulki» axborot tizimiga kiritiladi;
- vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat ko‘chmas mulki negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ularni begonalashtirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandumlar) bo‘yicha majburiy tartibda Agentlik xulosasi olinadi.
2023-yil 1-iyuldan:
- davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
- davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar ma’muriy binolaridan xodimlar uchun belgilangan me’yordan kelib chiqib, samarali foydalanish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, davlat aktivlari, ularni boshqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishning quyidagi yangi tizimi joriy qilinadi:
- davlat ko‘chmas mulk ob’yektlari, davlat ulushi, davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari hamda ularga tegishli avtotransport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Agentlik rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida e’lon qilinadi.
- 2023-yil 1-oktyabrgacha «Davlat mulki ob’yektlari bilan savdolarni o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish portali» yaratiladi, unda barcha davlat mulki ob’yektlarini savdoga chiqarish va uning natijalari to‘g‘risidagi axborotlar joylashtiriladi hamda ushbu tizim soliq organlarining axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter