Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputat Doniyor G‘aniyev: «Ishonchim komil, IIV qonun buzilishini oqlamaydi»

Deputat Doniyor G‘aniyev: «Ishonchim komil, IIV qonun buzilishini oqlamaydi»

Foto: uzlidep.uz

Maxsus ruxsatnoma (stiker)ga ega bo‘lmagan avtomobillarni IIV YPX xodimlari tomonidan jarima maydonchalariga olib ketilayotgani qanchalik qonuniy asosga ega ekanligi masalasi bahs-munozaralar keltirib chiqargani haqida xabar bergandik.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ham bu bo‘yicha o‘z fikrlarini bayon etdi:

Bu bo‘yicha biz deputatlarga ham fuqarolarimiz tomonidan bir necha murojaatlar kelib tushmoqda. Shu bois, ushbu masala o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Palata yalpi yig‘ilishida ham ko‘tarilib, hozirda bir guruh deputatlar masalani o‘rganishga kirishdi. Qolaversa hamkasblarim, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Q.Jo‘rayev va R.Kusherbayevlar ijtimoiy tarmoqlarda bu boradagi o‘z munosabatlarini bildirib, deputatlarning dastlabki fikrlarini ma’lum qildilar.

Deputatlar tomonidan bildirilgan fikrlar va ko‘plab fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan savollar yuzasidan keyinchalik IIV va Adliya vazirligi vakillari munosabat bildirdilar. Keling, ular tomonidan bildirilgan pozitsiya qanchalik huquqiy jihatdan asosli ekanligini tahlil qilib ko‘ramiz.

Ichki ishlar vazirligi pozitsiyasi: Kecha vazirlik tomonidan berilgan bayonotda Maxsus komissiyaning 2020-yil 4-apreldagi qaroriga asosan Karantin davrida avtotransport vositasini Maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun ularni jarima maydonchasiga joylashtirish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga muvofiq qonuniyligi aytib o‘tilgan.

Prezidentimizning 2020 yil 29 yanvar kungi 5537-sonli farmoyishlariga asosan mamlakatimizga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika Maxsus komissiyasi tashkil etilib, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 mart kungi «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 176-sonli qarorining 12-bandida, mazkur komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi deb belgilangan.

«Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ ekanligi inobatga olinsa, Maxsus komissiyaga aynan hukumat tomonidan muayyan huquqlarning taqdim etilganligi, bu borada barcha uchun majburiy qarorlar qabul qilish vakolati berilganligi qonuniy va asoslidir. Shunga ko‘ra, Maxsus komissiya alohida aholi punktlari va hududlarda karantin tadbirlari hamda karantin joriy etish to‘g‘risida bir nechta qarorlarni qabul qildi: jamoat joylarida tibbiy niqobda bo‘lish; transport vositalarini Maxsus ruxsatnoma asosida boshqarish; 65 yoshdan oshgan keksalarga «o‘zini yakkalash», O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan shaxslarni 14 kun davomida Maxsus ajratilgan tibbiyot muassasasi yoki karantin tadbirlarini tashkil etishga moslashtirilgan bazalar yoxud uy sharoitida karantinga olish va boshqalar shular jumlasidandir.

Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlardagi mazkur talab va cheklovlarni buzganlarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari, shu javobgarlikni qo‘llashning protsessual tartibotlari joriy yilning 26-mart kuni muhtaram prezidentimiz tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘RQ-613-son Qonunida aniq va ravshan belgilab berildi. Misol uchun tibbiy niqobda bo‘lish qoidalariga rioya qilmadingizmi, demak Sizga MJtKning 54-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha ma’muriy jarima solinadi. Yoki, oddiy fuqaro sifatida Maxsus ruxsatnomasiz transport vositasini boshqardingizmi, bunday holda Siz MJtKning 54-moddasi 2-qismiga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha jarimaga tortilishingiz mumkin.

Adliya vazirligining «Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi «Huquqiy axborot» kanalida joriy yil 5-aprel kuni soat 10.15da e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Maxsus komissiyaning 2020-yil 4-aprel kungi yig‘ilishida ayrim qo‘shimcha chora-tadbirlar, shu jumladan, karantin talablarining ijrosini so‘zsiz ta’minlash hamda Maxsus ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan holda harakatlanayotgan avtotransport vositalarini huquqbuzarlik davom ettirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida istisno tariqasida ichki ishlar organlari YPX xodimlari tomonidan karantin davrida avtotransport vositasini Maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turilishi belgilangan.

Shuningdek, «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasi 2-qismida, sanitariya-epedimiologik osoyishtalik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda, Bosh davlat sanitariya vrachiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar bosh davlat sanitariya vrachlariga, ularning o‘rinbosarlariga sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari buzilishlari bartaraf etilguniga qadar transport vositalaridan foydalanishni taqiqlash vakolati berilgan.

Lekin, Maxsus komissiya qarorida belgilangan «transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turish» o‘z mazmuniga ko‘ra karantin tadbiri yoki epidemiyaga qarshi kurashish qoidasi emas. Chunki, MJtKning 285, 291-moddalariga ko‘ra, transport vositasini ushlab turish ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ishlarni yuritishni ta’minlash chorasi hisoblanadi. Biroq, MJtKning 291-moddasiga ko‘ra, transport vositalarini ushlab turish chorasi muayyan huquqbuzarliklar sodir etilgandagina qo‘llaniladi va bular sirasiga «epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish» huquqbuzarligi kiritilmagan.

Solishtirish uchun, shunga o‘xshash holatni komissiya joriy etgan boshqa bir talab misolida ham ko‘rish mumkin: shaxs 14 kunlik karantinga olinish qoidasiga rioya qilmay, belgilangan joydan qochib ketgan taqdirda MJtKning 54-moddasi 2-qismiga («epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish») asosan ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Bunda unga MJtKning 285, 287-moddalariga asosan 14 kunlik ma’muriy ushlab turish chorasi qo‘llanilishi mumkin. Chunki, MJtKning 287-moddasida «epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish» huquqbuzarligi sodir etilganda, ma’muriy ushlab turish chorasi qo‘llanilishi belgilangan, ya’ni amaldagi qonunchilik ushbu chora qo‘llanilishiga ruxsat beradi.

Adliya vazirligi pozitsiyasi: Adliya vazirligi mas’ul xodimi G‘.Primov so‘zlariga ko‘ra, MJtKning 291-moddasida transport vositalarini ushlab turish chorasi qonun hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan boshqa hollarda ham qo‘llanilishi mumkinligi, Maxsus komissiyaning 2020-yil 4-aprel kungi qarori shunday qonun hujjatlaridan biri hisoblanishi haqida ma’lum qilgan.

Biroq, Maxsus komissiya qarorlari «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasi ko‘ra qonun hujjati hisoblanmasligini, ushbu qarorlarda belgilangan epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalari buzilgan taqdirda, yuridik oqibat sifatida kelib chiqadigan ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari, shu javobgarlikni qo‘llashning protsessual tartibotlari qonun hujjatlarida aniq va ravshan belgilab qo‘yilganini esdan chiqarmasligimiz lozim (bunga yuqorida MJtKning 54-moddasi misolida batafsil to‘xtalib o‘tildi). Zero, MJtKning 8-moddasiga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlik uchun hech kim qonun hujjatlarida belgilangan asoslar va tartibdan boshqacha tarzda ta’sir ko‘rsatish chorasiga tortilishi mumkin emas.

Qolaversa, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, o‘ziga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofik bo‘lishi shart etib belgilangan. Lekin Maxsus komissiyanining 2020-yil 4-aprel kungi qarorida avtotransport vositasini Maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun transport vositasini karantin davri tugaguncha jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turilishi belgilangan. Holbuki, MJtKning 291-moddasida transport vositasi vakolatli organlar tomonidan ushlab turish sababi bartaraf etilguncha va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilguncha qadar amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, biz deputatlar karantin davrida transport vositalaridan foydalanishning taqiqlanishi emas, balki ularni jarima maydonlarida ushlab turilishi amaldagi qonunchilikka nomuvofiq ekanligini, komissiya qarorida «istisno tariqasida» jumlalari ham bejizga ishlatilmaganini (bu sodda til bilan tushuntirganda, «bunday chora qonunchilikda nazarda tutilmagan bo‘lsa ham» ma’nosini beradi) ta’kidlamoqchimiz.

Albatta, karantin sharoitida kasallik aholi orasida ommaviy tarqalmasligi uchun qat’iy choralar ko‘rilish tarafdoriman va Hukumat tomonidan olib borilayotgan karantin tadbirlarini qo‘llab-quvvatlayman. Lekin shu bilan birga transport vositalari Maxsus ruxsatnomasiz boshqarilgan taqdirda, 4 mln. 460 ming so‘mdan 6 mln. 690 ming so‘mgacha miqdordagi ma’muriy jarimani qo‘llagan holda, transport vositasi fuqarolarimizning o‘ziga qaytarib berilishini maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Zero, bunday katta jarimaning o‘zi ham katta tarbiyaviy, profilaktik ta’sirga ega bo‘lib, fikrimcha huquqbuzarlik davom ettirilishini oldini oladi. Qolaversa, MJtKning 22-moddasida jazo qo‘llashdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham yangi huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olish ekanligi alohida ta’kidlangan.

Shunday ekan, qonun talablarini buzilmasligini ta’minlash maqsadida maxsus stikersiz foydalanilganligi uchun jarima maydonchasiga olib ketilgan avtomobillar egalariga qaytarilib (jarima maydonining kunlik qo‘shimcha to‘lovlari talab qilinmagan holda) berilishi kerak.

Yoki, komissiya qarorida istisno tariqasida qo‘llanilishi belgilangan bu choradan maqsad fuqaroni ma’muriy jarima tariqasidagi moddiy to‘lov ustiga jarima maydoni to‘lovi uchun ham qarzdor qilib qo‘yish emas, balki huquqbuzarlikni davom ettirilishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanligi inobatga olib, karantin davri tugaguncha ushlab turiladigan avtomobil egalaridan avtomobillari uchun kunlik to‘lov va jarima undirish bekor qilinishi e’lon qilinishi lozim. Bu esa hozirda karantin tufayli daromad topishdan mahrum bo‘lgan hamda iqtisodiy jihatdan qiyin bir vaqtda fuqarolarimiz uchun kichik bo‘lsa ham yengillik bo‘ladi deb o‘ylayman.

Ishonchim komilki, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlashni o‘z oldiga bosh maqsad qilib belgilagan Ichki ishlar vazirligi qonunni chetlab o‘tilishini yoki buzilishni oqlamaydi hamda to‘g‘ri, qonuniy qarorni qabul qiladi, – deb yozadi deputat Doniyor G‘aniyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring