Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dofamin va qaramlik, cheksiz istaklar, tez so‘nuvchi zavq

Dofamin va qaramlik, cheksiz istaklar, tez so‘nuvchi zavq

foto: ru.dreamstime.com/

Bugun aksariyat odamlar zavqlanish, bir marta beriladigan hayotda yashab qolish uchun shoshayotgandek. Ya’ni «o‘ladigan dunyoda o‘ynab-kulib yashash», fenomeni ko‘p kuzatilayapti – chegarasiz istaklar va rag‘batlar bilan yashashga intilmoqda. Bu yaxshi-ku deyishingiz mumkin.

Dofamin – miyadagi mukofot, rag‘batlantirish tizimi uchun javobgar neyrotransmitter bo‘lib, u motivatsiya, baxt va lazzat hissini boshqaradi. Dofamin miqdori muvozanatda bo‘lganida insonga hayotdan qoniqish va zavq olish imkonini beradi. Har bir yangi rag‘bat yoki quvonch inson miyasida dofamin darajasini ko‘tarib, o‘zini yaxshi his qilishga sabab bo‘ladi. O‘yin-kulgu, dam olish inson hayotida muhim rol o‘ynaydi, stressni kamaytiradi, ruhiy salomatlikni saqlaydi. Ayniqsa hozirgi tezkor va bosimi ko‘p hayotda o‘yin-kulgu odamlarga vaqtincha muammolardan qochish va energiya to‘plash imkonini beradi.

Demak dofamin – biologik rag‘bat, qaramlik – ma’naviy yoki axloqiy talab.

Bugun ular qanday uyg‘unlashmoqda yoki ziddiyatda?

Biz dofaminni qondirish uchun yaratilgan sanoatning bir qismiga aylanib qolmadikmi? Bu bir marta beriladigan hayotni qanday yashash kerak,  nafs va dofamin orasidagi muvozanatni saqlash osonmi?

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, sekin dofamin – bu harakat orqali mukofot. Masalan, muntazam mashg‘ulotlar va o‘qish orqali natijalarga erishish, bu yerda yutuqqa bir necha oylik mehnatdan keyin erishiladi. Sekin dofamin tez natija bermaydi, lekin u ko‘plab ijobiy fazilatlarni rivojlantiradi: sabr-toqat, intizom va uzoq muddatli qoniqish.

Ammo tez dofamin-chi?

«Kim ba’zan o‘z telefonida kulgili videolarni tomosha qilishni yoki shokolad bilan stressdan xalos bo‘lishni xohlamaydi? Buning nimasi yomon? Ammo oxirgi paytlarda bu «ba’zan» ijtimoiy tarmoqlarda yoki qisqa videolarni tomosha qilishda o‘tkaziladigan uzoq soatlarga aylandi va biz har qanday yomon kayfiyatni yengish uchun ovqatlanamiz. Va biz bir zumda qoniqishni qanchalik ko‘p qidirsak, u bizga quvonch berishni tezroq to‘xtatadi va unga bo‘lgan ehtiyojimizni qondirish shunchalik qiyin bo‘ladi», deydi psixolog  Anastasiya Karchenkova kp.ua nashriga bergan intervyusida.

Demak mutaxassis aytganidek, biz tez zavqlanishga haddan tashqari berilsak, miyamiz azoblanadi, bu esa uzoq muddatli maqsadlarga erishish va aytaylik kitob mazmuniga e’tiborni qaratishni qiyinlashtiradi.

Tez dofaminning zarari nimada?

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, agar siz bir zumda qoniqishga odatlangan bo‘lsangiz, miyangiz dangasa bo‘ladi va motivatsiyangiz pasayadi. Imtihonga tayyorlanish o‘rniga Tik Tokka termulasiz, bu oson va yoqimli. Lekin bundan zerikdingizmi, endi sizga ko‘proq Tik Tok kerak.

Demak, doimiy dofamin izlash insonda ichki qoniqmaslikni kuchaytiradi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda dofamin (layklar, sharhlar) qidirish orqali odamlar o‘zini doimiy ravishda boshqalar bilan taqqoslashga moyil bo‘ladi. Bu esa g‘azab va asabiylikka, hatto depressiyaga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, har kuni yangi narsa sotib olish orqali olingan tez dofamin ya’ni zavqlanish hissiyoti tez so‘nadi va odam yanada kuchliroq, yangi zavq izlashga majbur bo‘ladi. Miyadagi dofamin tizimi bilan bog‘liq tadqiqotlar shunday xulosa qildiki, tez tayyorlanadigan yog‘li va shirin taomlar ham dofamin chiqishini kuchaytirib, ovqatga ruju qo‘yishga olib kelishi mumkin.

Natijada, tinimsiz rag‘bat izlash nafsning to‘ymasligiga aylanadi. Inson biror narsa bilan qoniqmay, tez-tez yangi narsalar, yangiliklar qidiradi. Bu holat ruhiy beqarorlik, charchoq va hatto stressga sabab bo‘ladi. Bunday davom etaversa, odamning haqiqiy xotirjamlik va shukronalikka erishishi qiyinlashadi. Dofamin miyadagi rag‘bat va zavq markazlarini boshqaradi, lekin uning ortiqcha chiqishi nafsning nazoratdan chiqishiga, ochko‘zlikka va ruhiy salomatlik muammolariga olib kelishi mumkin.

Moddiy boylik ortidan quvish...

Hozirgi zamonaviy jamiyatda pul va moddiy boylik ham dofamin chiqishining kuchli manbaiga aylandi.

Odamlar ko‘proq pul topish, yangi texnika, kiyim-kechak, avtomobil va boshqa moddiy narsalarni sotib olish orqali dofamin manfaatini qondirishga intiladi. Lekin ko‘pchilik pulning ko‘payishiga qaramasdan, hayot sifati yaxshilanishi va ruhiy tinchlikka erisholmaydi. Ko‘pincha odamlar tez dofamin tufayli o‘z imkoniyatlaridan ortiq xarajat qilishadi, bu qarzga botishga, stress va ruhiy bosimlarga olib keladi.

Kiyimlarga bo‘lgan istakning kuchayishi...

Hozirgi kunda kiyimlar turlari juda ko‘paygan va ayrim mahsulotlar narxi ham ancha arzonlashgan. Bu esa odamlarda har kuni yangi kiyim sotib olishga bo‘lgan istakni kuchaytirmoqda. Yangi moda va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar bu istakni yanada kuchaytirib, odamlarni har doim zamonaviy va yangi ko‘rinishda bo‘lishga majbur qiladi.

Yangi kiyim sotib olish dofaminning chiqishiga sabab bo‘ladi, lekin bu his tez o‘tadi va odam yanada ko‘proq istashga majbur bo‘ladi.

Shuningdek, bunday istak odamlarda moddiy jihatdan ham muammo keltirishi mumkin. Tez-tez kiyim sotib olishga intiluvchi inson o‘z iqtisodiy holatini qiyinlashtirishi, qarzga botishi yoki sarf-xarajatlarini boshqara olmasligi mumkin.

Bolalar va o‘yinchoqlar

Bolalar hayotida ham dofaminning ta’siri sezilarlidir. Tez-tez yangi o‘yinchoqlar olish orqali ularda qoniqish hissi paydo bo‘ladi, lekin bu qoniqish tez o‘tadi va yanada yangi o‘yinchoqlar talab qilinadi. Bu holat bolalarda dofamin tizimining ortiqcha rag‘batlanishiga olib keladi va o‘yinchoqlarning qadri tushishiga sabab bo‘ladi.

Natijada, bola ko‘pincha eski o‘yinchoqlarga qiziqmay qo‘yadi, yangi narsa izlashga moyil bo‘ladi va bu holat nafsning chegaradan chiqishi – ya’ni cheklab bo‘lmaydigan istakning shakllanishiga o‘xshaydi.

Shuning uchun bolalarga o‘yinchoqlarni olishda me’yorni saqlash, ularga qadr-qimmat va o‘yinchoqlarni saqlashni o‘rgatish muhimdir. Bu nafs va dofamin ta’sirini to‘g‘ri boshqarishda muhim ahamiyatga ega.

Meditatsiya va dofamin nazorati

Meditatsiya, nafas olish mashqlari va ruhiy tinichlik usullari dofamin miqdorini mo‘’tadillashtirishda yordam beradi. Bu usullar orqali inson nafsining chegaradan chiqishi oldini olish, ruhiy barqarorlik va hayotdan haqiqiy zavq olish mumkin.

Ya’ni har bir inson «Mening sog‘ligim nima bo‘lishidan qat’iy nazar muhim», degan aniq tushunchaga ega bo‘lsa, ortiqcha ovqatlanishga qarshi turish osonroq bo‘ladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, oddiy, ammo kuchli ichki iboralar stressdan qochishga yordam beradi:

«Oziq-ovqat ko‘p, har doim bo‘ladi.», «Bir oz ochlik hissi tahdid emas, balki signaldir. Bu hatto yoqimli bo‘lishi mumkin.»

Ko‘pincha xarid qilish muayyan narsaga intilish emas, balki ichki bo‘shliqni to‘ldirishga urinishdir. Biz muhim narsaning yetishmasligini his qilamiz –  sevgi, e’tibor, e’tirof, qadr-qimmat hissi – va xarid qilish vaqtinchalik yengillikni beradi. Miya: «Mana! Siz xohlagan narsangizga erishdingiz!» Ammo bu illyuziya, chunki haqiqiy ehtiyoj qondirilmaydi.

Shu daqiqadan foydalanib, o‘zingizdan so‘rash juda muhim:

«Menga hozir nima yetishmayapti?»

«Men ko‘ylakni xohlaymanmi yoki e’tiborni xohlaymanmi?»

«Men do‘konga zerikkanim, yolg‘izligim yoki tashvishim uchun ketyapmanmi?»

Ehtiyojingizni aniqlab olganingizdan so‘ng, uni xarid qilish yoki qilmaslik maqsadingiz aniq bo‘ladi. Axir, xarid qilish shunchaki ayirboshlashdir: siz pul berasiz va buning evaziga nimadir olasiz. Bu sevgi, g‘amxo‘rlik yoki e’tirof emas. Shunchaki bir lahazlik zavq.

Ba’zan xarid o‘rniga do‘stingizga qo‘ng‘iroq qilish, sayr qilish, choy ichish va shunchaki nafas olishni nazorat qilish foydalidir

Bundan tashqari, shoshqaloq dofaminga qarshi kurashish uchun «tez» odatlarni sog‘lom odatlar bilan almashtiring: konfet o‘rniga meva iste’mol qiling, Tik Tok o‘rniga podkastni tinglang.

Ongli ravishda rad etish juda muhim: ya’ni tez zavqlanishni «men qila olmayman», deb emas, balki «men boshqacha yo‘lni tanlaganim» uchun deb rad eting.

Stressda bo‘lganingizda hamma narsa ma’nosiz bo‘lib tuyuladi: salomatlik, go‘zallik va maqsadlar. Shirinliklar va tez ovqatlanish ham tez dofaminning eng keng tarqalgan manbalaridan biridir. Ammo yegulikni paqqos tushirish quvonchi qisqa va tez so‘nuvchan, uning ta’siri kam vaqt seziladi va keyin inson yanada ko‘proq, tezkor rag‘bat izlashga majbur bo‘ladi.

Nima uchun tez dofamin mutloq yomon emas?

Tez dofamin faqat muvozanat buzilganida zararli. Kichik miqdorda ertalabki qahva kabi foydali bo‘lishi mumkin –  bu uyg‘onish va kunni boshlashga yordam beradi. Bu charchoq paytlarida ham foydalidir – mashaqqatli mehnatdan keyin 15 daqiqalik kulgili videolar diqqatni jamlashga yordam beradi.

Tez dofamin, agar u zavqning asosiy manbai bo‘lib qolsa, zararli bo‘ladi –   bu holda u rag‘bat tizimini buzadi, bu bizning maqsadlarimizga erishishni juda qiyinlashtiradi. Ushbu muammoni hal qilishning kaliti –   diqqat va muvozanatni ushlash.

Umuman olganda bir marta yashaydigan hayotda o‘ynab-kulish zavqidan boshqa zavqlar borligini anglagan kuningiz siz haqiqatan ham yashayotgan bo‘lasiz.

Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring