YeI o‘zbekistonlik talabalar uchun grantlarni ko‘paytiradi

Yevropa Ittifoqi davlatlarida ko‘plab o‘zbekistonlik talabalar grant asosida tahsil olmoqda va ushbu ko‘rsatkich bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Bu haqda Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Tomash Zdexovskiy Toshkentda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev bilan uchrashuvda gapirgan.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Sh.Daliyev Yevropa Ittifoqining Erasmus+, Horizon Europe kabi ilg‘or dasturlaridan Markaziy Osiyo talaba va yosh tadqiqotchilari uchun alohida o‘rin ajratilgani, bundan tashqari, ikki mintaqa universitetlari o‘rtasida tajriba almashish bo‘yicha boshlangan yangi loyihalar katta natijalarga yo‘l ochishini ta’kidlagan.
Muzokaralar chog‘ida ta’lim bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish, dual ta’lim bo‘yicha birgalikdagi loyihalarni kengaytirish, O‘zbek-Fransuz universitetini tashkil etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilab olingan.
Ma’lumot o‘rnida: Erasmus Mundus – iqtidor egalarining ta’lim, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan YeI dasturidir. Yevropa universitetlari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan noyob magistrlik kurslari doirasida talabalar bilim olibgina qolmay, mezbon davlatlar bilan tanishib, yangi madaniyatlarni ham kashf etadilar.
2021–2027 yillarga mo‘ljallangan dasturda yashil va raqamli jamiyat, yoshlarning demokratik hayotdagi ishtirokini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistonlik iqtidorli talabalar ham har yili ushbu grant dasturida faol qatnashadilar.
Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Tomash Zdexovskiy boshchiligidagi YeI delegatsiyasi O‘zbekistonda parlament, hukumat vakillari bilan uchrashdi, ta’lim muassasalariga tashrif buyurdi.
Xususan, Tashqi ishlar vazirligidagi uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligi, bu borada O‘zbekiston va YeI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimning tez fursatda imzolanishi muhimligi qayd etilgan.
Muzokaralar yakunida tomonlar parlamentlararo muloqotni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini ham tasdiqlaganlar.
Uchrashuvlarda joriy yil 4-5-aprel kunlari ilk marotaba Samarqand shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti doirasida tarixiy kelishuvlarga erishilgani urg‘ulangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter