Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

EOIIda mehnat bozori – solishtirma tahlil

EOIIda mehnat bozori – solishtirma tahlil

Joriy yilning 11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida YeOIIga a’zo mamlakatlar yetakchilari O‘zbekiston Respublikasiga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish to‘g‘risida bir ovozdan qaror qabul qildilar.

Kuzatuvchilik maqomi O‘zbekistonga jarayonlarni faol kuzatish, mavjud imkoniyatlarni keng baholash va batafsil tahlillarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratadi. Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ana shunday tahlillardan biri bu – YOIIdagi mehnat bozorining tahlili hisoblanadi.

Avvalambor, YeOIIning iqtisodiy potensiali haqida...

Mazkur iqtisodiy ittifoq 183 million nafar aholidan iborat yagona bozor hisoblanadi. YeOII hududida qazib olinayotgan neft dunyo «qora oltin»ining 14,2 foizini yoki yiliga 634,2 mln. tonnasini, tabiiy gaz esa 20,2 foizini yoki 744,7 mlrd.kub.m.ini tashkil etadi. Shuningdek, YOIIda 1255,0 mlrd. Kvt. miqdordagi elektr energiyasi ishlab chiqariladi, bu jahon miqyosidagi ulushning qariyb 5 foiziga to‘g‘ri keladi.

Mehnat bozori

O‘z navbatida, YOIIda umumiy ishlab chiqarish o‘sib borayotgani bois, mazkur ittifoq hududida mehnat resurslariga, xususan mehnat migrantlariga bo‘lgan talab ham tobora kuchayib bormoqda. Jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, YeOIIga a’zo davlatlar iqtisodiyotiga o‘rtacha bir yilda jalb etilayotgan mehnat migrantlarining soni 1,8 mln. kishini (shundan 97,6 foizi Rossiyaga to‘g‘ri keladi) tashkil etadi.  

Bizga ayonki, YOII hududida (asosan Rossiyada) ishlayotgan mehnat migrantlarining salmoqli qismi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan iborat. Boshqacha aytganda, YeOIIdagi mehnat resurslariga bo‘lgan talabning ma’lum qismini O‘zbekiston ta’minlamoqda. Mazkur vaziyat O‘zbekiston hukumati oldiga qator vazifalarni qo‘ymoqda, xususan, ushbu davlatlarga ish izlab ketayotgan mehnat migrantlari uchun qulayliklar va yetarli sharoitlar yaratib berish, katta maosh to‘lanadigan ish o‘rinlariga joylashishlari uchun ularni mutaxassislik bo‘yicha tayyorlash, ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash va hokazolar.

YeOII davlatlarida ayni vaqtda 2,3 mln. nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolari mehnat qilmoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich Rossiyada 2 millionga yaqin, Qozog‘istonda — 300 ming, Qirg‘izistonda — 25 ming nafar o‘zbekistonliklarni tashkil etadi.

O‘zbekistonlik mehnat migrantlari duch kelayotgan muammo va to‘siqlar

Birinchi muammo – bu patent olish xarajatlarining yuqoriligi va tartib-tamoyillarning murakkabligi. Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarimizning 30 foizidan ortig‘i ishlash va yashash uchun rasmiy ruxsatnoma (patent) olmagan holda ishlamoqda. Buning asosiy sabablaridan biri bu patent olish xarajatlarining yuqoriligi va tartib-tamoyillarning murakkabligi hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada ishlash huquqini qo‘lga kiritish maqsadida ruxsatnoma olish uchun murojaat qiladigan bo‘lsalar, ularga faqat 1 yil muddatga patent beriladi, xolos. Buning uchun esa, taxminan 500 AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita sarflanadigan mablag‘ kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, har oyda taxminan 50–125 AQSh dollari miqdoridagi majburiy to‘lovlar to‘lanishi va boshqa sarf-xarajatlar e’tiborga olinsa, har yili bir kishi 1700 AQSh dollarining bahridan o‘tishi kerak.

Qozog‘istonda esa, ruxsatnoma olish bilan bog‘liq xarajatlar yiliga 200-1000 dollarni tashkil etib, uni dastavval ish beruvchi to‘lab beradi, keyinchalik ishchi-migrantning oyligi hisobidan qoplab olinadi.

Ikkinchisi,  kasb-hunarga oid taqiqlarning mavjudligi. O‘zbekistonlik migrantlarga dorixonalar, chakana turg‘un bo‘lmagan chakana savdo shahobchalari va bozorlarda ishlash taqiqlanadi.

O‘zbekistonlik migrantlar ixtisoslashgan do‘konlarda alkogol va tamaki sotish kabi sohalarda ishlashi mumkin, ammo ular tashkilot xodimlari umumiy sonining 15 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Sport sohasida migrantlar ko‘pi bilan 25 foiz, quruqlikdagi yo‘lovchi va yuk tashish transportida esa - korxona xodimlari sonining eng ko‘pi bilan 26 foizi bo‘lishi kerak.

Qishloq xo‘jaligi sohasida mazkur chegara 50 foizni, qurilish sohasida esa 80 foizni tashkil qiladi.

Uchinchisi esa, O‘zbekistonlik migrantlar YeOII davlatlaridan biriga kelganlaridan so‘ng olti oy o‘tgach, soliq to‘lovchilar toifasiga o‘tkaziladilar, ya’ni masalan Rossiyada ular jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq stavkasini 13 foiz o‘rniga 30 foiz miqdoridagi soliqni to‘laydilar.

Shu va boshqa masalalar o‘zbekistonlik migrantlarning erkin mehnat faoliyatini olib borishlari uchun yetarli sharoit yaratish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni batafsil o‘rganib chiqish va keng tahlil qilish zarurligini keltirib chiqarmoqda.

YeOIIga a’zolik O‘zbekiston mehnat migrantlariga qanday qulayliklar yaratishi mumkin?

YeOIIga a’zo davlatlar mehnat migrantlarining imkoniyatlari a’zo bo‘lmagan davlatlar, jumladan boshqa MDH davlatlariga nisbatan ko‘proq qulayliklar yaratilgan.

Birinchidan, YOIIga a’zo davlatlar fuqarolari ishlash uchun ruxsatnoma olishlari shart emas, fuqarolik shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirishlari mumkin.

Ikkinchidan, a’zo davlatlar fuqarolari, ya’ni migrantlar va ularning oila a’zolari 30 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan a’zo mamlakatlar hududida bo‘lishlari mumkin. Migrant va uning oila a’zosining a’zo mamlakatlar hududida vaqtincha bo‘lib turish muddati mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnomada ko‘rsatilgan holda belgilanadi.

Uchinchidan, ijtimoiy ta’minot (ijtimoiy sug‘urta) sohasida va daromad solig‘i stavkasi belgilanishida ham o‘sha davlat fuqarolari bilan teng ravishda qaraladi.

To‘rtinchidan, diplomlar va malaka sertifikatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.

Beshinchidan, pensiya ta’minoti uchun ishlangan ish staji hisobga olinadi.

Oltinchidan, shoshilinch tibbiy yordam migrantlarga hamda ularning oila a’zolariga, mazkur davlat fuqarolari kabi bir xil va shartlarda bepul taqdim etiladi.

Biroq, shunga qaramay, YOIIniing «Umumiy mehnat bozori»da ayrim muammoli masalalar ham mavjud.

O‘z o‘rnida aytish lozimki, YeOIIga a’zo davlatlarda «Umumiy mehnat bozori», ya’ni mehnat migrantlarining erkin harakati ta’minlanganligi va qator qulayliklar yaratilgani bilan bir qatorda ayrim kamchilik va muammolar ham yo‘q emas.

Mazkur muammoli masalalar nafaqat migrantlarni jo‘natuvchi davlatlar (Armaniston, Qirg‘iziston), balki qabul qiluvchi davlatlar (Rossiya)ning  yetakchi ekspertlari, huquqshunoslari tomonidan ham oxirgi vaqtlarda ko‘p bora ta’kidlanmoqda.  Jumladan:

Birinchisi, YeOIIning a’zo davlatlari hisoblangan Armaniston va Qirg‘iziston mehnat migrantlarining katta qismi yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan, baribir ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzmayotganligi kuzatilmoqda.

Bunga sabab, birinchidan, migrantlarning amaldagi qonun me’yorlari to‘g‘risida xabardor emasligi, ikkinchidan, ish beruvchilar tomonidan migrantlarni mehnat shartnomasiz ishlashga majburlashi, uchinchidan esa Rossiya va Qozog‘istonda o‘z vatandoshlarining noqonuniy ishlashini foydali biznesga aylantirgan xufyona vositachilarning faoliyati natijasi hisoblanadi.

Ikkinchisi, YeOIIda migrantlarni qabul qiluvchi asosiy davlatlarda (Rossiya, Qozog‘istonda) fuqarolar va migrantlarning mehnat va ijtimoiy huquqlarining tengligi prinsipi to‘liq amalga oshirilmayotganligi kuzatilmoqda.

Buning asosiy sababi esa mazkur davlatlarning milliy qonunchiligi hujjatlari Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi Shartnoma qoidalariga muvofiq holda to‘liq ishlab chiqilmaganligidir.

Uchinchisi, mehnat migrantlariga katta talab bo‘layotgan davlatlar, ya’ni migrantlarni qabul qiluvchi davlatlarda mehnat migratsiyasini qo‘llab quvvatlovchi infrastruktura, ya’ni migrantlar va ish beruvchilar uchun maxsus ixtisoslashtirilgan axborot, maslahat va ta’lim xizmatlari yetarli darajada rivojlantirilmagan.

Vaholanki, YeOIIdagi «Umumiy mehnat bozori» migrant jo‘natuvchi davlatlar hukumatlari tomonidan ishlash uchun ketayotgan fuqarolariga qulaylik va yetarli sharoitlar yaratib berish va migrantlarni kasbiy va til tayyorgarligi bo‘yicha moslashtiruv ishlarini olib borishi kabi vazifalarni amalga oshirishi lozim bo‘layotgani kabi migrantlarga katta talab bo‘layotgan, ya’ni qabul qiluvchi davlatlarda ham xuddi shunday vazifalarni amalga oshirilishi lozim bo‘lishi kerak edi.

Xulosa...

Yuqoridagi keltirilgan mulohaza va sharhlar faqat mazkur iqtisodiy ittifoqda tashkil etilgan «Umumiy mehnat bozori» holatini tahlil qilish nuqtai nazaridan edi, xolos.

Zero, O‘zbekistonning kuzatuvchi maqomi «Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq, ittifoq doirasida qabul qilinayotgan hujjatlarni amalda tatbiq etilishini yanada chuqurroq o‘rganish, a’zo davlatlarning o‘zaro hamkorlik mexanizmlari, qaror qabul qilish jarayoni, mavjud me’yoriy-huquqiy baza va uni qo‘llash amaliyoti kabi muhim jarayonlar bilan tanishish imkoniyatini yaratadi.

Eldor Tulyakov,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring