Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Er-xotin janjalining sababi nimada?  

Er-xotin janjalining sababi nimada?   

foto: https://www.istockphoto.com/

«Men yetti yil avval chekka viloyatning bir qishlog‘iga kelin bo‘lib tushganman. Hozirgi kunda uch nafar farzandimiz bor. Ammo, afsuski, turmush o‘rtog‘im bilan dunyoqarashlarimiz, maqsadlarimiz turlicha. U oliy ma’lumotli bo‘lishiga qaramay, gaplari menga yoqmaydi. Shu bois tez-tez janjallashib turamiz. Men erimni ma’nan qoloq deb o‘ylayman. Bu ahvoldan qiynalib ketdim. Nima qilsam bo‘ladi?

D.S.»

Har qanday inson biror-bir kamchilikni tuzatishi uchun, eng avvalo, bu nuqson qanday paydo bo‘lganini anglab yetishi kerak. Odam o‘z kamchiliklarini aniqlab, fe’l-atvorini o‘zgartirmasa, hayotini istagandek izga sola olmaydi.

O‘zini taftish qilmagan inson uchun boshqa kishini o‘zgartirishning mutlaqo keragi yo‘q.

Shunday hayotiy aqida bor: «qanchalik ko‘p o‘qisam, shunchalik bilmas ekanman». Agar aksini qilsangiz, ya’ni nechog‘li o‘qimay, o‘z ustingizda ishlamay yuraversangiz, xayolingizda «men ko‘p narsani bilaman» degan tushuncha shakllanib boradi. Bunday deydigan odamlarning dunyoqarashi esa har doim ham yuksalavermaydi.

Dunyo ilmini o‘rganayotgan, uning ummon kabi tubsiz ekanligiga ishongan inson hayotda nihoyatda kamtarin bo‘ladi. Sababi, bundaylarda manmanlik chekinib, olamni tobora anglab boradi. Manmanlikning oshishi esa o‘qimaganlikdan darakdir.

Yuqoridagi savol egasiga maslahatim: eringiz bilan talashib-tortishish o‘rniga har kuni qo‘lingizga kitob olib, kamida yarim soat o‘qing. Ikki oy o‘tgach, albatta natijasini ko‘rasiz. Ayollar psixologiyasi, ruhiyatiga tegishli adabiyotlar, tarbiyaviy asarlar, she’riy kitoblar topsin, gazeta, jurnallar o‘qing. Agar istasangiz, rasmlar chizing, kashta tiking, gullar yasang, musiqa eshitsin. Bular sizning ma’naviyatingizni shakllantirishga yordam beradi. Agar o‘rganaman desangiz, ayollik san’ati tomon odimlaydigan qadamlar bisyor.

O‘z oldiga maqsad qo‘ygan, nimadir bilan band bo‘lgan odam atrofidagi insonlardan ayb qidirmaydi. Oiladagi nifoq, janjallar faqat bekorchilikdan kelib chiqadi, shuni unutmang.

Eringizga mehr bering. Sizning muhabbatingiz yo‘lingizdagi barcha to‘siqlarni yengishga yordam beradi.

Baxtiniso Azimboyeva,

shifokor-psixolog.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring