Erdo‘g‘on Rossiya–Ozarbayjon ziddiyatida qaysi tomonida ekanini aytdi

Arxiv foto. Manba: Kreml matbuot xizmati.
Turkiya ayni paytda Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasida kuzatilayotgan ziddiyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Bu haqda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitidan keyin jurnalistlar bilan muloqotda gapirgan.
“Turkiya Ozarbayjon bilan ham, Rossiya bilan ham chuqur diplomatik va strategik aloqalarga ega. Biz taranglikni diqqat bilan kuzatmoqdamiz va (tomonlarni) vazminlikka chaqiramiz. Bizning eng katta tilagimiz, ro‘y bergan qayg‘uli hodisalar Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi robitalarga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazmasin”, – dedi Turkiya yetakchisi.
Erdo‘g‘on har ikki davlat ushbu muammoni yengib o‘tish uchun yetarli darajada murosa tuyg‘usiga ekani ekaniga ishonch bildirgan.
“Biz ushbu muammoni hal etish uchun zarur konstruktiv qadamlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Mintaqada mashaqqat bilan erishilgan barqarorlik izdan chiqishiga olib keladigan kutilmagan eskalatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik tarafdorimiz. Ko‘plab urush va ziddiyatlarni boshdan kechirgan Kavkaz ahlida yangi ixtiloflar uchun sabr qolmagan”, – dedi siyosatchi.
Erdo‘g‘on Turkiya va Ozarbayjon aloqalari boshqa davlatlar munosabatlaridan farq qilishi, chunki ikki mamlakatni nafaqat do‘stlik, balki qardoshlik rishtalari ham bog‘lashini ta’kidlagan.
Turkiya rahbari Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik bitimi tez muddatda imzolanishiga umid qilayotganini ham qayd etgan. Shuningdek, u Zangezur koridorining ochilishi geosiyosiy va geoiqtisodiy inqilob bo‘lishini urg‘ulagan.
Avval xabar berganimizdek, so‘nggi kunlarda Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi.
Moskva tomonidan Ozarbayjonga tegishli uchoqning urib tushirilishi, Rossiya hududida amalga oshirilgan reydlarda ozarbayjon diasporasi vakillarining halok bo‘lishi kabi hodisalar Bokuning keskin e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
O‘z navbatida, Ozarbayjon Bokudagi Rus madaniyat markazi faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan. Prezident Ilhom Aliyev joriy yil 9 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi tadbirida ham qatnashmagan.
Tahlilchilar tobora geosiyosiy jihatdan mustaqil siyosat yuritishga urinayotgan Ozarbayjon Rossiyaning “katta og‘alik” qilishiga ortiq toqat qilmasligini aytmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter