Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erkin Gadoyev: Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymaslik lozim!

Erkin Gadoyev: Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymaslik lozim!

Foto: «Senat.uz»

2020 yil 8 oktyabr kuni Moliya vazirligi tomonidan www.regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yashirin iqtisodiyotni keskin qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasi jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda.

Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev bunga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

«Yashirin iqtisodiyot turli shakllarda namoyon bo‘lishi va mamlakatimizda uning darajasi yuqoriligicha qolayotganligi hech kimga sir emas. Buni mamlakatimizning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rnidan ham ko‘rsa bo‘ladi. Xususan, ushbu reytingda respublikamiz 186 ta mamlakat orasida 114-o‘rinni egallaydi.

Albatta, so‘nggi yillarda biznesga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Prezident Farmoni loyihasi ham ushbu islohotlarning davomi sifatida ezgu maqsadlarni nazarda tutishi shubhasiz.

Biroq yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymaslik lozim. Aks holda oldimizga qo‘yilgan maqsadlar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatish mumkin.

Farmon loyihasi yuzasidan soha mutaxassislari, ekspertlari, ilmiy doira vakillari, jurnalist va blogerlar tomonidan ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bankka o‘z takliflarini kiritdi.

O‘ylaymizki, mas’ul vazirlik va idoralar jamoatchilik fikrini e’tiborga olib, ushbu Farmon loyihasini qayta ko‘rib chiqadi».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring