Faqat malomat qilavermay guruhga bir mo‘ralang!
Facebook ijtimoiy tarmog‘ida bir guruh bor – «Kitobxonlar davrasi». Bu guruhni tom ma’noda nashrga o‘xshataman. Chunki a’zolarining aksariyati kitobxon bo‘lgani uchun avvalo, barcha postlar xatosiz yoziladi. Izohlar ham kamdan-kam xato yoziladigan yagona guruh shu bo‘lsa kerak. Kitob va kitobxonlik targ‘ibotining norasmiy vakili Olimjon ismli yigit post qoldirganidek: «Ana shunaqa. Kitob o‘qib hech bo‘lmaganda xatosiz yozishni o‘rganish mumkin».
Ya’ni bu «nashr»ga musahhih kerak emas. Va bir mavzuga ixtisoslashgan, uyam bo‘lsa kitob mavzusi. Ammo juda rang-barang kitoblar, rang-barang olam haqida. Ko‘pincha malomat qilishadi yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, deb. Ammo 73 mingdan ziyod a’zoga ega bu guruhda aynan yoshlar faol ekanligini his qilaman. «Kitobxonlar guruhi»ning o‘z ruknlari, chellenjlari, ya’ni boshqalarni ham kitob o‘qishga chorlaydigan usullari bor. Yana bu «nashr»da, siz kitoblarga taqrizlarni ham o‘qishingiz mumkin. Barcha mavzular – siyosat deysizmi, muhabbat yoki oilaviy yoki odob-axloq kitoblar misolida yoritiladi va tahlil qilinadi.
Haqiqatchilar va maddohlar
Ushbu guruhning administratori Temur Tangriberganov maddohlar va haqiqatparastlarni kitoblar orqali misol keltiradi: «Ijodkorlar 2 xil bo‘ladi: Maddoh va haqiqatparast. Uchinchi toifadagi loqayd va beg‘amlar ham shu ikki tarafdan biriga og‘ib turishadi. O‘rtada turish mushkul.
Maddohlar azaldan bo‘lgan. «Shohnoma», «Iskandarnoma», «Shayboniynoma», «Zafarnoma», «Firdavsul iqbol»dan oshib o‘tib XX asrga nazar solsak ham butun bir sovet dohiylarini madh qilgan dostonu qasidalar, qissayu romanlarga duch kelamiz. So‘ng istiqlol maddohlari bu estafetani davom ettirib uy va mashina, medal va mukofotlar olishni sharaf bilishdi.
Maddohlarning ayni damdagi yosh vakili «Mahallabay», «Strategiya», «Ichki ishlar», deb Facebookni «portlatib» yuribdi. Maddohlarning katta avlodlarini ham bilsangiz kerak…
Haqiqatparastlar kimlar edi?
Bular yolg‘on yozolmagan, vijdoniga qarshi borolmagan, oqni qora, qorani oq deyishga majburlashsa ham o‘z so‘zida sobit qolganlardir.
Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Hamza, Usmon Nosir, Nozim Hikmat, O‘rxan Pamuq, Rauf Parfi... Pushkin, Tolstoy, Chexov, Bunin, Soljenitsin...
Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlar qizil imperiya siyosatini ayamadilar. Tarixni tinch qo‘yib zamonamizga qarasak ham shunday.
O‘rxan Pamuq o‘ziga «Turkiya xalq yozuvchisi» unvoni berilayotganida mamlakatda olib borilayotgan siyosatga noroziligini bildirish uchun bu mukofotni rad etdi…
Darveshday yashagan Rauf Parfi-chi? U ham «xalq shoiri» unvoni berilayotganida unvon olmayman deb boshiga balo orttirgandi...
Pushkin she’rlarida imperiyani tanqid qilgan. Lermontov ham g‘oyibona ustozining izidan bordi: «Kun kelar… shohlarning tojlari qulaydi razil», deya rus shohlarni ham ayamadi…
Tolstoy ham ijodiy qurolini zulmga qarshi qaratdi. Osiyoga qilingan bosqinchilikni qoraladi, imperatorga xatlar yozdi... Butun ijodining manifestini «Jim turolmayman» sarlavhasiga joylasa ham arziydi.
Chexovchi? Imperator Nikolay II M.Gorkiyni akademiyadan chetlashtirganida Chexov bilan Korolenko bu o‘zboshimchalikka qarshi ochiq norozilik bilan chiqib, akademiklik unvonlaridan voz kechgan edilar.
Bunin o‘z prinsiplari tufayli inqilob va bolsheviklarga bo‘ysungisi kelmay vatanini abadiy tark etib ketdi. Unga «Gulag arxipelagi» aybnomasi bilan Soljenitsin qismatdosh bo‘ldi...
Bu paytda maddohlar qo‘sha-qo‘sha pullar va unvonlar oldi. Realistlar esa surgun qilindi, hibs etildi, otib tashlandi…
Xo‘sh nega o‘sha realistlar ham maddohlar yo‘lidan bormadilar? Tinchgina yashab, soxta nom bilan shon-sharafga burkanmadilar? Chunki haqiqiy ijodkorning vijdoni bunga yo‘l bermaydi...»
Shoir va yozuvchilar haqida...
Yana bir guruh a’zosi Zoir Zokirov: «Menimcha, shoir, yozuvchilarni uch turga bo‘lish mumkin, – deydi. – Faqat mayda narsalarni yozadiganlar. O‘zlari his qilmasa-da, jamiyatning fikriga tayanib, ularga yoqadigan muammolar haqida yozishadi. Svet, gaz, oila, Vatan, romantika, balo-battar. Din, tarixga yopishib olganlari ham bor. Ko‘nglingizni aynitadi o‘qiganingizda. O‘zlarining qiyofalaridan, botinidagi tuyg‘ularni yozishdan qo‘rqadi. Lekin baribir, ko‘rsatib qo‘yishadi yashirganlarini. Ularni odatda ko‘pchilik taniydi. Lekin shuhratlari uzoqqa cho‘zilmaydi.
Ikkinchi turdagilar ham ulkan, ham mayda fikrlarni, hodisalarni bir-biriga qorishtirib yozishadi. Shu tufayli, ularning yozganlarida ko‘pchilik, turfa qatlam odamlari o‘zlarining qiyofalarini ko‘rishadi. Tan olish kerak. Bir tomondan, bunaqa yoza olish hammaga ham emas. Ularni eng omadlilari deyish mumkin. Odatda tirikliklarida ham, o‘lganlaridan keyin ham e’tirof etiladi ular.
Uchinchi turdagilar o‘z davridan oldindagilar. Faqat o‘zlari tuygan narsani yozishadi. Odamlar bir-biriga o‘xshash, shu bilan birga turfa. Hamma o‘quvchi ham ular tuygan narsalarni tuyishmaydi. Ular ko‘rgan narsalarni ko‘rishmaydi. Hozir ko‘pchilik optimizmning oshuftasiga aylangan, siqilgilari kelmaydi. Bu uchinchi toifaga kiradiganlar qoidalarni buzishadi. Yangilik izlashadi. Yozganlarida ramzlar tiqilib yotadi. Xuddi piyozdek – qavat tagida qavat. O‘lib ketganlaridan keyin kashf qilinadi ular odatda. Ular juda kamchilik, shuningdek o‘quvchilari ham kam bo‘ladi.
Va har bir turda alamzadalari bo‘ladi. Ularni asabingiz buzilib turganda mazza qilib o‘qiysiz.
O‘quvchilarning-da turlari ko‘p. Ularning orasida, ismga qaramasdan o‘qiydiganlarni eng cho‘qqidagilari deyish mumkin. Shu orqali odam o‘zining yozuvchisini topadi. O‘xshash taraflarini ko‘rib, qoyil qoladi. Shu paytgacha qayerda edim-a, deb peshonasini uradi. Odam o‘zining yozuvchisini topsa, qisqa qilib aytganda, mazza qiladi.
Bularning barchasi shaxsiy va yuzaki qarashlar».
Taqrizlar tanlovi
Guruhda turli tanlovlar o‘tkaziladi. Shunday tanlovlardan biri – «Nasrchilar estafetasi». Bu yosh nosirlar uchun ham ajoyib imkoniyat!
Har ikki haftada bir hikoya tanlanadi. Ishtirokchilar hikoya bo‘yicha taqriz, tahlil va mulohazalarini yozib yuborishlari kerak. Yaqinda Ruxshona Ahmedovaning «Daraxtlarning armoni» hikoyasi bo‘yicha tashkil etilgan tanlov g‘olibi Ruxsora Nur bo‘ldi. G‘olib hikoya muallifi tomonidan maxsus sovg‘a bilan taqdirlanadi hamda agar u nasrda qalam tebratsa, navbatdagi tanlovga uning hikoyasi qo‘yiladi. Shu tariqa ESTAFETA TAYoQChASI unga o‘tadi!
Bir asar mohiyati
Xuddi shunday. Guruhda kitobxonlar o‘zlari o‘qigan asar haqida taqrizdan kam bo‘lmagan fikrlarini baham ko‘rishadi. Mutolaa qiladigan har bir inson so‘z boyligiga ega ekanligining isboti bu.
Muhiddin Nido: «Urush faqat jismonan mavh etish emas. Odamlarni orzu-havaslaridan ayirmoq, hissiyotlar, tuyg‘ularni olovda kuydirmoq, ularga kishanlar solmoqdir. Balki barcha urushlarning asl mohiyati shundaydir». Bu jumlalar Baxtiyor Abdug‘afurning «Kazbek» Osiyo arsloni» romanidan olingan.
Kitob Ikkinchi jahon urushida qahramonliklar qilgan o‘zbek yigiti Mamadali Topvoldiyev haqida hikoya qiladi. Mutolaa davomida tarix haqidagi bilimlaringiz, tasavvurlaringiz boyiydi. Lekin men hozir faktlar, syujet emas, asarning mohiyati, yozuvchining ijodiy yondashuvi haqida gapirmoqchiman. (Zotan, Mamadali Topvoldiyev haqida internet sahifalaridan yetarlicha faktlar topa olasiz).
Kun.uz saytida ishlaganimda bu tarixiy shaxs haqida bir nechta videolar qilganman. Shuning ortidan asarni o‘qib ko‘rishga kuchli qiziqish paydo bo‘lgandi. Romanning urush haqidagi asarlar ichida alohida ajralib turadigan jihatlari ko‘p. Siz qaysidir tomonni mutlaq dushman deb tan ololmaysiz, hatto xoinlarni ham. Hammaning o‘z haqiqati bor va mutolaa davomida ularni rad eta olmaysiz.
Kazbek nemislarning ham, sho‘ro hukumatining ham vahshiyliklariga guvoh bo‘ladi. Nemis generalini asir olganida u bilan bo‘lgan suhbat juda og‘ir o‘tadi. Asl niyati boshqa bo‘lsa ham general o‘zbeklar nimaga ruslar uchun jangga chiqayotganini, ruslar ulardan qulday foydalanayotganini asoslab beradi. Uning so‘zlari achchiq haqiqatligini bilib tursa-da Kazbek nemislarga qarshi jangda davom etadi.
Belorussiyadagi o‘zi guvoh bo‘layotgan vahshiyliklar, askarlar qolib qariyalar, bolalar, ayollarning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi nemislarga qarshi chiqishga undaydi.
Bir topshiriqda nemislarga asir tushib ular tomondan jangga kirayotgan xoinlardan tuzilgan «Turkiston legioni» tarkibidagi musulmon yigitlarni ko‘radi. Ularning haqiqatiga ham qarshi chiqa olmaydi, nemislar tomonda bo‘lish noto‘g‘riligini isbotlab, ularni qochirib yuboradi.
Umuman olganda urush, ko‘rayotgan shafqatsizliklari Kazbekning tuyg‘ulariga zarba berib boradi. Nihoyada oynaga qarab bir muddat o‘zini tanimaydi, qarib qolgandek his qiladi. Aslida bu uning nigohlaridagi beg‘uborlikni, yoshlik shijoatini, orzu va umidlarini o‘ldirgan urushning aksi edi.
«Kazbek» Osiyo arsloni» romani o‘qish shart bo‘lgan kitoblardan biri. Unda fosh etilgan tarix, o‘zbek yigitining aqlga sig‘maydigan jasoratini topasiz, har qanday manfaat va sababdan inson muhim ekanligini chuqur his qilasiz.»
Bir asar muhokamasi
«Kitobxonlar davrasida»da bir kitob muhokamasi tez-tez o‘tkaziladi.
Alif Shams ismli kitobxon yozadi:
«Bugun xonadoshim uyga ketgani sharofati ila ajib muhitni yaratib oldim. Choyga qandni ko‘p soldim-da o‘qiyotgan kitobimni oxiriga yetkazmasimdan «Choliqushi»ning elektron shaklini yukladim va o‘qiy boshladim.
O‘qilmay javonda turgan kitoblarim borligiga qaramay onlayn o‘qishga kirishib ketdim. Buning balki qiziq, balki g‘alati sabablari mavjud. Bir insonni ko‘proq bilmoqchi bo‘lsam u yoqtirgan kitobni o‘qishga harakat qilaman. Ha bu qiyin usul bo‘lishiga qaramay qattiq kirishdim. O‘zimda nega bunaqa holat bo‘layotganini tushunmayman. Qadrdonlar, siz yoqtirgan kitobning nomi «Choliqushi» bo‘lsa quyidagi savollarga javob bersangiz. «Choliqushi» bilan bog‘liq ko‘plab bloglarga duch kelganim uchun ham uning muxlislari ko‘p, deb o‘ylayman. Nega aynan siz yoqtirgan kitobning nomi «Choliqushi», kitobni o‘qish orqali shuuringizda qanday o‘zgarish bo‘ldi, sizni eng ko‘p o‘ylantirgan nuqtasi qaysi va nega?
Ushbu kitob haqida boshqa kitobxonlarning fikri esa bemalol bir tadqiqot uchun debocha bo‘la oladi. Kitobxonlar asar orqali g‘ururni ko‘rganini, kitob qahramoni Feride halollik, sabr, sadoqat borasida chin ma’noda namuna bo‘la olishini yozishgan. Demak, kitobdan aynan mana shu xislatlarni o‘rganish mumkinligiga ishora bu.
Bahs juda madaniyatli olib boriladi. Bilmadim, boshqa joyda bo‘lganida odamlar bir-birini ayovsiz haqorat qilishardi, ammo bu guruh o‘z nomi bilan ma’naviyatli insonlar guruhi.
«Men o‘qib tugatgan kitob»
Shahrizoda Botirova Fyodor Dostoyevskiy «Oydin tunlar»idan ta’sirlanganini guruhdoshlari bilan baham ko‘radi:
«Faqat bir zumgina qalbinggga yaqin turmoq uchun u yo tug‘ilganmikin!..( I.Turgenev). Ayni shu satrlar ostidan boshlanadi asar, ayni shu jumla qatlariga yashiringan bir tuyg‘u ifoda etiladi satrma-satr. Bir zumgina... To‘liq baxtni his qila olish uchun tashqaridan kichik ko‘rinadigan katta fursat – bu! O‘zgasiga atalgan o‘zga sevgini o‘ziga qarashli deb o‘ylash va aynida adashish bu! Bu baxt – eng badbaxt!.. Menda shunday kechinmalar kechdi butun asar mutolasi davomida.
«O‘zimiz ham baxtsiz bo‘lganda o‘zgalarning baxtsizligini kuchliroq his etamiz, tuyg‘u sinmaydi, andarmon qilinadi...» shundaymikan-a? Negadir bunga to‘liq qo‘shila olmadim... hayotda bu qadar baxtsiz bo‘lib ko‘rmadimku-ya, ammo Dreamer (hikoyachini ko‘pchilik tahlilchilar shunday ataydi, ismi noma’lum) va Nastenkaning tuyg‘ularini to‘laligicha his qila oldim, balki bu mohir yozuvchining qalami o‘tkiru, so‘zlari ishonarli, tasvirlangan tuyg‘ular yuqumli ekanligidandir... Muallifning o‘zi ham bu asarini sentimental roman deb belgilagan axir. Optimistik ruhda yozilgan, romantik ildizli, chin muhabbat ifoda topgan va asar shular haqida deyish ham xato, chamamda. Sababiki, ong, shuur, qalb qiynaladi o‘qilganda, qani optimistligi? Sababiki, personajlar turmushidagi, tilidagi ko‘pincha oddiylar orasida uchrovchi bir xil reallikka yaqin xatti-harakatlar, jo‘n gap-so‘zlar, «yerdagi jumlalar» ochiqlik kiritadi uning ko‘p ham romantik emasligiga. Chin muhabbat «tarannum etilgani-chi», qani? O‘zgasida ko‘ngli bo‘la turib, ketganni kuta turib, yo‘l-yo‘lakay boshqa ko‘ngilga ko‘ngil suzgan Nastenkadami chin muhabbat? Balki seva turib, arzimas bir kishi qo‘liga sevgilisini jimgina topshirgan Dreamerdadir chin ishq? Yo‘-o‘q, yo‘q, bunday o‘ylolmayman. Chalajon tuyg‘ularga nisbatan «allergiyam» borligi uchundir balki. Sevsang-u mukammal bo‘lsa sevging, dard cheksang-u bari yaxshi sezimlar borligini unutib dardlansang, yig‘lasang-u oxirgi tomchi tugaguncha, baxtlansang-u hech qachon, hech qayerda baxtsizlik yo‘qligiga ishonib! Bu asar «Oydin tunlar» haqida! Tamom!
Mutlaqo yolg‘iz qolishdan yomon narsa yo‘q, hatto achinadigan narsang, hech narsang bo‘lmasa yomon. Xah, yolg‘izlik... Ba’zan atrofingizda odamlar juda ko‘p bo‘ladi, ammo ruhingiz yolg‘izlikni talaffuz qilaveradi sizga. Shu payt ruhingiz ta’kidlayotganini ularga (atrofdagilarga) men yolg‘izman, o‘zimni yolg‘iz his qilyapman, deb takrorlab ko‘ring-a, yoqangizdan oladi ular. «Nima, biz odam emasmi», «yosh bolaga o‘xshama», «noshukr bo‘lma», «ularni borligicha qabul qil», «ular bilan suhbatlash»... Xullas, ko‘ngildagi yakkalikni his qilolmaydi o‘zingizdan bo‘lagi! Dreamerda ham shunday edi, shundayligicha qoldi oxir-oqibat ham. Ishongandim, hikoyachi qahramonning ham yakunda yaxshi hayot bilan qarshilanishi, muhabbatiga arzirlisi topilishi, to‘la xursandchilik bilan umrining qolgan qismini davom ettirishiga... Ammo, o‘ylaganlarimga asar oxirida yuzlanganimda uni yopayotib yig‘lamagan bo‘lardim, og‘riq tuymagan bo‘lardim. Shuning uchun bu yakunga ham qarshiligim yo‘q... Tamom!».
Xullas hech kim kitob o‘qimayapti, degan iddaolar bu guruh oldida o‘zini oqlamaydi... Men bu guruhni o‘zbek segmenti uchun Facebookdagi eng yaxshi va foydali «nashr» deb atagan bo‘lardim. Chunki bu nashrda postlar xatosiz yoziladi, madaniyatli bahs olib boriladi va shunisi bilan kitob mash’al kabi yo‘lni yoritguvchi chiroq ekanligini yana bir bor isbotlaydi. Ba’zi bir narsalarni puliga ham reklama qilging kelmaydi. Ammo kitobxonlik va kitobga bog‘liq targ‘ibotni hech qanday ta’malarsiz amalga oshirmoq kerak. Bir amaldorning kitob o‘qimagani haqidagi mavzudan ko‘ra bu ancha xayrliroqdir. Faqat malomat qilavermay guruhga bir mo‘ralang.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter