Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fozil ijodkor tafakkuri: «Bolalik ertagim» haqida

Fozil ijodkor tafakkuri: «Bolalik ertagim» haqida

Iste’dodli jurnalist va yozuvchi Fozil Farhodning «Bolalik ertagim» publitsistik maqolalar, esselar, ocherklar, taqrizlar va suhbatlar to‘plami chop etildi.  

Kitobdan muallifning 2011-2025 yillarda «Yangi O‘zbekiston», «Xalq so‘zi», «Mohiyat», «Hurriyat», «Ma’rifat», «Vatanparvar», «Kelajak ovozi», «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «Ishonch», «Kitob dunyosi», «Darakchi», «Soliq plyus» gazetalarida, «Yoshlik» jurnalida, turli ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan ellikka yaqin eng sara maqolalari o‘rin olgan.

Muallifning bolalarcha beg‘ubor qalbi, go‘zal obrazli o‘xshatishlari, pok orzu va umidlari bilan to‘yingan, soxtaliklardan yiroq, yuragida urib turgan uyg‘oq xotiralari yakunda yig‘ilib-yuksalib, «Bolalik ertagim» to‘plamiga aylanadi. Ularda ijodkor jamiyatdagi eng o‘tkir muammolarni xaspo‘shlamay, aniq-lo‘nda o‘rtaga qo‘yadi. Har doim millatga manfaatli masalalar, yurtning origa daxldor mavzularni ko‘tarishdan sira charchamaydi.

Serqirra ijodkor Fozil Farhod bir vaqtning o‘zida amaliyotchi jurnalist o‘laroq ichki ruhiyati va tafakkur kengliklarining ajib dunyosi, betakror tabiatga oshuftaligi, ijtimoiy evrilishlarni yangicha sezimlar-yondashuvlar bilan ifodalashi, barcha chiqishlarida inson-tabiat-jamiyat uchligi halqasi mezonidan turib, muammolarga jiddiy urg‘u berishiga guvoh bo‘lasiz.

Muallif «O‘zbekiston 24» telekanalida ishlab yurgan davridagi xatlar va shikoyatlarni o‘rganish uchun joylarga chiqib, aholini qiynagan ko‘plab masalalar to‘g‘risida jonsarak-bedor yuragi achishib yozadi. Jumladan, u «Hurriyat» gazetasidagi «Mening uyim» maqolasida so‘nggi yillarda tobora yo‘qolib borayotgan milliy me’morchilik an’analari haqida kuyinadi.

O‘lmas san’at asarlari bilan hamon qalblarimizda katta hurmat va ehtirom uyg‘otib kelayotgan buyuk rassom Ro‘zi Choriyev salohiyati va tabiat dunyosi uyg‘unligini juda teran tasvirlaydi: «...ijodxonasiga kirgan inson bir lahza bo‘lsa-da, xayollarga berilib, Surxon vohasi bo‘ylab sayohat qilmasdan ketmaydi. Mening-da xayollarim yiroq-yiroqlarga uloqib ketadi. Ba’zida Boysunning viqorli tog‘larini kezsam, ba’zida buloqdan suv olib kelayotgan kelinchakka ko‘maklashaman. Gohida adir kengliklaridan o‘tib, chirog‘i yoniq qolgan kulba tomon oshiqaman. Kulbada soch-soqoli oppoq musavvir rasm chizib o‘tiradi. Mo‘yqalam bir zumda qog‘ozga aylana chiziqlar qoldirib, ko‘z o‘ngimda anorlar suratini gavdalantiradi. Bu menga tanish. Bobomning bog‘idagi anorlar. Yuzlari qontalosh. Go‘yo ichida dardi bor. Xivchinda kaltaklanganday badaniyam qip-qizil. Anorlarning yurakni ezuvchi tolali ingrashlari qulog‘imga chalinib turibdi. Xuddi nimadandir noroziday, nuqul fig‘on chekaveradi. O‘ksiyveradi. Yig‘layveradi. Qo‘lini umidli cho‘zib, kimdandir najot tilayveradi. Shuncha dard, shuncha alamning boisini bilish uchun musavvirga murojaat qilaman. U ham nimadandir kuyunganday boshini sarak-sarak qiladi. Go‘yo bu mening dardim, Surxonimning dardi deganday».

Fozil Farhod o‘z maqolalarida urush va jaholatni qoralar ekan, olamni yovuzliklardan faqat ilm-ma’rifat, ta’lim va kitobxonlik qutqarishini bot-bot takrorlayveradi: «Urushlar tufayli bolalar ko‘p narsalardan mosuvo bo‘lib ulg‘ayarkan. «Sen yetim emassan» filmini bir eslang! Urush oqibatida dunyodagi qanchadan-qancha bolalar yetimlik dahshatini his qilgan-a! Yarim asr oralig‘ida ikki katta urush. Ikki ulkan jang. Ikki katta talafot. Bu parokandalikdan ko‘proq ular aziyat chekkan. Qorni nonga to‘ymagan. Ota mehriga zoriqib o‘sgan. Maktab nima ekanini unutgan. To‘yib kitob o‘qiyolmagan. Kartinadagi turli millat bolalarining mo‘ltirab qarashlari, jovdirab turishlari menga nuqul bir narsani qayta-qayta uqtirganday bo‘laveradi: «Qolganlarga aytib qo‘ying! Biz to‘yib-to‘yib kitob o‘qishimiz uchun boshqa urishishmasin!» Rostdanam, ularning iltijolari haqqi buyog‘iga urush bo‘lmasin!»

Ayrim maqolalarida Oybek, Erkin A’zam, Sobir O‘nar kabi tan olingan atoqli yozuvchi va shoirlarning ba’zi asarlari, ibratlari va hayotiy kechmishlari misollarida to‘qmag‘izli qaymoq g‘oyalarni, mazmunli falsafiy qarashlarini aytmoqchi bo‘lgan g‘oyasiga singdirib boradi.

Jurnalistikamizning zabardast darg‘alari, muallifning ustozi – Sherzodxon Qudratxo‘ja, shuningdek, taniqli hindshunos, tarjimon Amir Fayzulla haqida ko‘p narsani bilib olish mumkin. Bular haqida bayon etar ekan, bir-birimizga, ustozlarga e’tiborliroq, oqibatliroq va mehr-muhabbatliroq bo‘lishimiz kerakligini eslatishdan aslo charchamaydi.

Muallifning qahramonlari qiyofasi va xarakterlari turfa xil – korrupsiyaga ildizigacha botib ketgan tug‘ruqxonalardagi «kalamush» poraxo‘rlardan tortib, olis o‘rmonlarni bir umr o‘ziga makon qilgan vatansevar o‘g‘lonlar, sevgan kasbiga butun umrini baxshida etgan chin fidoyi insonlar haqida o‘qish mumkin.

Mahorati yil sayin charxlanib borayotgan olovqalb, kuyinchak va millatparvar muallif jurnalistikaning tiriklik daryolari haqida, o‘zbek tiliga e’tiborsizlikning ayanchli oqibatlari, zamonaviy adabiyotimizning eng yaxshi tendensiyalari, millat ruhimizning tashqi ta’sirlar natijasida evrilib borayotgani to‘g‘risida bong uradi.

Jadidlarning qonli taqdirlari, jumladan, millat oydini, zabardast yozuvchimiz Abdulla Qodiriy qismati uni doim og‘riqli titroqqa soladi.

Fozil maqolalarni shunchaki yozmagan, balki ular ichida yashagan, degan xulosaga kelish mumkin. U ijtimoiy majburiyatlarini albatta yaxshi anglaydi, lekin har doim ko‘ngil buyurtmasi-buyurganini yozadi, maddohlikdan holi tarzda qalb ko‘zidan otilayotgan ijod bulog‘i zilolligini saqlashga intiladi, har satrda o‘quvchining reaksiyasini his qilib turadi.

Ko‘plab maqolalarida butun kuchi bilan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etadi, adabiyot va san’atning shaydosi sifatida so‘nggi yillarda ishlangan eng yorqin filmlarni chuqur tahlil qiladi.

Sherobod dostonchilik maktabining og‘a-ini vakillari – Qora baxshi va Chori baxshi Umirovlar, taniqli yozuvchi va shoirlar Erkin A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, cohir tarjimon, mohir muharrir, bolalarning suyukli yozuvchisi Nosir Fozilov, adabiyotshunos olimlar Naim Karimov, Abdulla Ulug‘ov, adiba, tarjimon Ma’suma Ahmedova, tibbiyot fanlari doktori Jumanazar Beknazar, «Mushtum» jurnali bosh rassomi, karikaturachi Husan Sodiqov, korzinka.uz asoschisi Zafar Hoshimov, «O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev» kitobi muallifi, koreyalik yozuvchisi Cho Chol Hyon bilan sermazmun suhbatlar o‘quvchining diqqatini faol jalb etadi.

Jumladan, Eshqobil Shukur bilan «Adabiyot – barcha san’atning onasi» suhbatidagi quyidagi fikrlar nihoyatda qimmatli: «Ulg‘aygan nigohlar bilan hayotga qarashning o‘z hikmati bo‘ladi. Unda tajriba va bilim bor. Lekin bola nigohi bilan hayotga qarashning go‘zal zavqlari bo‘ladi. Bunda hayrat va ilhom bor. Odamda ushbu ikki nigoh birlashsa, hayotining ikki qutbi muvozanatga keladi…

Menga hamma san’atning onasi adabiyot bo‘lib ko‘rinadi. Inson ruhining enagasi ham adabiyot bo‘lgan. Har qanday san’atning ichida adabiyot yo‘q ekan, uning mohiyati ham bo‘lmaydi. Toshga rasm chizayotgan ibtidoiy odam o‘z ichidagi adabiyotni ifodalagan. Yanayam aniqrog‘i, adabiyot o‘sha odamning ichiga sig‘may ketavergan. Keyin u toshni o‘ygan va surat chizgan».

Fozil Farhod so‘nggi yillarda qo‘shni mamlakatlarga va Koreyaga amalga oshirgan bir nechta ijodiy safarlari ta’sirida o‘zbek-koreys, o‘zbek-qirg‘iz xalqlari o‘rtasida rivojlanib borayotgan ko‘p qirrali do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlariga o‘z ko‘rganlari, adabiy uchrashuvlaridan olgan unutilmas taassurotlari asosida aniq misollar orqali ochib beradi, ellarimiz qalblariga ma’naviy ko‘prik bo‘ladi.

Hech shubhasiz, tasavvur, taassurot, kuchli ruhiy ehtiyoj, ko‘p yillik izlanishlar mahsuli bo‘lgan ushbu to‘plam o‘quvchilar qalbidan munosib o‘rin egallaydi. Muallif «Ijodkorning baxti» maqolasida aytganiday, «adabiyot – cheksiz ummon. To‘g‘rirog‘i, shoiru yozuvchilarning yurak entikishlariyu iztiroblari, quvonchlariyu dardlaridan hosil bo‘lgan barhayot dengiz. Bu ummonga har kim imkoniyatidan kelib chiqib nimadir qo‘shadi: kimdir o‘n chelak, kimdir bir tomchi».

Tafakkuri ochun kezayotgan fozil ijodkorning badiiy mahorati kelgusida yanada oshib, xalqimizga yangi guldastalar tuhfa etishiga ishonamiz.

Laziz Rahmatov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring