Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘azoda yana bir noxush hodisa kuzatildi

G‘azoda yana bir noxush hodisa kuzatildi

G‘azo sektoridagi insonparvarlik jamg‘armasining amerikalik xodimlari yordam so‘rab kelgan tinch aholi vakillarini o‘qqa tutdi. Bu haqda Associated Press xabar berdi

Agentlik ixtiyoridagi videolavhada insonparvarlik ko‘magi uchun yig‘ilgan yuzlab falastinliklarga qarata jangovar o‘q otilgani, ularni qo‘rqitish uchun shovqin chiqaruvchi granatalar qo‘llanganini ko‘rish mumkin.

Gumanitar jamg‘arma vakili tinch aholi vakillari o‘qqa tutilgani rad etgan. Ammo ushbu jamg‘arma faoliyati borasida xalqaro tashkilotlar bundan avval ham xavotir bildirgan edi.

Ma’lumki, G‘azo sektoridagi 2,3 mln aholi ayni paytda ochlik va tashnalik domida qolmoqda. 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda urush olib borayotgan Isroil hududga hatto oziq-ovqat, suv, dori-darmon va birlamchi buyumlari olib kirilishini ham man etgan. Tel-Aviv ma’muriyati BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning an’anaviy ko‘mak tarqatish tizimini ham izdan chiqargan.

Joriy yil may oyida G‘azoda Isroil nazoratida, AQSh ishtirokida insonparvarlik jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.  Ammo ko‘mak uchun kelgan falastinliklarni harbiylar o‘qqa tutishi xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, insonparvarlik ko‘magi tarqatish shoxobchalari “ommaviy  qatlgoh”larga aylanmoqda.

BMT tahlillariga qaraganda, hozirga qadar insonparvarlik ko‘magi tarqatish shoxobchalarida 550 dan ziyod falastinlik o‘ldirilgan.

Bir necha kun avval Isroilning “Haaretz” gazetasi ham yahudiy askarining iqrorini chop etgandi. Uning aytishicha, Isroil armiyasi askarlar va ofitserlarga G‘azo aholisiga qarata o‘q otishni buyurgan.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Defence for Children International va Doctors Against Genocide tashkilotlari Isroilni G‘azo sektori aholisi, xususan, bolalarni atayin och qoldirish, ya’ni ochlikdan qurol sifatida foydalanishda ayblagan edi. Inson huquqlari tashkilotlari xalqaro hamjamiyatni bo‘lgadagi gumanitar halokatga e’tibor qaratishga chaqirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring