Go‘rkovni yig‘latgan haqiqatlar

Ushbu hikoya hayotga boshqacha qarashga undaydi.
Men go‘rkovman. To‘g‘ri, erkak uchun go‘rkovlik kasb emas, marhumning abadiy uyini qurishni har bir erkak uddalashi kerak. El orasida, «Bir erkak umri davomida yettita qabr qazishi va yetti bor sovchilik qilib insonlarni qovushtirishi kerak» degan gap yuradi. Ammo go‘rkovlik va g‘assollik hunar sifatida ba’zi kishilarning tirikchiligiga aylangan. Shu hunari ortidan ro‘zg‘or, bola-chaqa boqadi. Mening qismatimga ham, shu yumush orqali dunyo hayotida rizq topish taqdir qilingan ekan. Albatta, qismatimdan nolimayman.
Shukur qilaman. Bu gaplarni shunchaki, o‘zimni ovutish yoki aldash uchun aytmayapman. Yigirma yil avval bu ishga otamning majburlashi orqali qo‘l urgan bo‘lsam-da, yillar o‘tib kasb-korimdan faxrlanadigan, hattoki, hunarimni tabarruk sanaydigan bo‘ldim. Bir zumda o‘ttiz yil bo‘lib qolibdi. O‘tgan yillardagi ishim bilan bog‘liq voqealar, holatlar meni ulg‘aytirdi. Dunyoqarashimni, dunyoimni o‘zgartirdi. Avvaliga ota-onam qaysi xonadonga sovchi bo‘lib borishsa, «Voy, gulday qizimni go‘rkovga beramanmi?», «O‘g‘lingiz og‘ir kasal bo‘lib davo topmay go‘rkovlik qilishga majbur bo‘lgan ekan, qizimizni bermaymiz», «Qachon birov o‘ladiyu, men ko‘mib, puliga tirikchilik qilaman, deb odamlarga o‘lim tilaydigan go‘rkovga qizimni beramanmi?», degan ta’nalardan mung‘ayib qaytdilar. Men tengilar uylanib, uzatilib ketdi. Ota-onam qattiq qayg‘ura boshlashdi. Ammo Alloh har bir mushkulotning najotini ham yaratgan. Qo‘shni tumandan bir g‘assol qizning daragini eshitdik. Ota-onam uy manzilini olib sovchilikka ketishdi. Oyday qiz ekanu, shu bir «nuqson»i ishi -- g‘assolligi bo‘lib, oila qurolmay qolgan ekan. Nasibamiz qo‘shilib, bizni fotihalab qo‘ydilar. Nihoyat uylandim. Hamma qatori yo‘qchilikni ham, to‘qchilikni ham ko‘rdik. Hamma qatori yashayapmiz. Bir oilamiz. Insonlarmiz. Xudo bergan farzandlarimizni tarbiyalayapmiz, o‘qityapmiz. Faqat bizning boshqalardan farqimiz, tiriklar bilan emas, marhumlar bilan yaxshi til topishamiz. O‘liklar ovoz chiqarolmay tiriklarga nola qilishini eshitamiz va insonning tug‘ilishi ne’mat, vafoti hikmat ekanini o‘z ko‘zlarimiz bilan ko‘ramiz.
O‘ttiz yillik ish faoliyatimda har xil holatlarga, ishonish qiyin bo‘lgan voqealarga duch keldim. Inson tirikligida qilgan yaxshi-yomon amallari bilan o‘zining qiyofasini nafaqat narigi dunyoda, ya’ni Qiyomatda, balki jon berish arafasidayoq ko‘rsata boshlaydi. Ko‘p hollarda, aroqxo‘r, buzuq ishlarni qilganlar, insonlarga jabr qilganlarga qabr kovlashga qiynalaman. Yoshligimda, bunday narsalarga e’tibor beravermasdim, yoshim o‘tgan sari qabr kovlash bilan bog‘liq holatlardan hayratga tushaman, ba’zan qo‘rqib, kasal bo‘lib yotib qolgan paytlarim ham bo‘lgan.
Hech qachon qabr kavlayotganimda, marhumning yaqinlari bilan narx-navo ustida savdolashmaganman. Bizning ishda bunaqasi ketmaydi. Qancha berishsa ham rozi bo‘lish kerak. Yo‘q-sa, go‘rkov o‘ziga ham, marhumga ham qiyin qiladi. O‘n yilmidi, o‘n besh yil avvalmidi, xullas, yosh edim. O‘qishga ketgani bo‘yi shaharda qolib ketgan hamqishlog‘imiz vafot etibdi. Allaqanday xorijiy rusumdagi avtomashinada kelishdi va yaxshi joydan qabr qazib, tayyorlashimni aytishdi. To‘g‘risi, boshida juda hayron bo‘ldim. Insonlar dunyodagi uyini zeb-ziynatlashini, yaxshi joylardan tanlashini eshitgandimu, lekin oxirat uyini ham tanlashi mumkinligini o‘ylamagan ekanman. Chunki menga ustozlarim «Qabrni inson emas, qabr insonni tanlaydi» deya o‘git berishardi. Marhumning o‘g‘liga hayrat bilan qarab turaverdim.
— Zo‘r joydan bo‘lsin aka, aytgan pulingizni olasiz. Xohlasangiz, oldin to‘lab qo‘yaman, dedi otasining vafotidan kuyinishidan ko‘ra, shuhrat qozonishga ishtiyoqi baland o‘g‘il. — Faqat joy yaxshi bo‘lsin. Boboy tinch yotsinlar deyman-da...
— Yaxshi joy deganda, siz nimani nazarda tutyapsiz, tushunmadimku-ya, lekin qabristonda yomon joyning o‘zi bo‘lmaydi. Menga «har kim amali va fe’liga yarasha qabr bilan taqdirlanadi» deb o‘rgatishgan. Pul masalasiga kelsak, men buni aytmayman. Oxirat uyining bahosi bo‘lmaydi. Rizqni berguvchi qancha istasa, shunisiga ko‘nib, rozi bo‘lamiz, dedim g‘ashlanganimni yashirishga urinib.
— Endi aka, biz ancha-muncha odam emasmiz-da, otaxon ham yaxshigina «vazn»li kishi...
— Siz meni tushunmadingiz chog‘i? — Biz faqat qabr qazamiz, Allohga marhumlarning «vazn»ini tushuntirishga qurbimiz yetmaydi...
Xullas «vazn»i katta marhumning o‘g‘li ketdi. Men qabr kavlashga tushdim. Negadir, qo‘lim ishga bormas, ham vujudim, ham ruhim tog‘day og‘ir yukning zalvoridan qiynalardi. Birinchi ketmon urgan joyimda qabr tayyor bo‘lish arafasida suv chiqib ketdi. Tabiiyki, suv chiqqan joyga mayyit qo‘yilmaydi. Buning ustiga qattiq charchaganman, kech tushyapti. Janoza peshin namozigacha o‘qiladi, deb aytishgan. Shogirdlarim bir-birlariga ma’noli qaray boshladi.
— Boshqa joydan qabr kavlaymizmi?, — deb so‘radi biri. — Usta, rangingiz oqarib ketgan. Sog‘misiz?
— Hammasi joyida. Qani bo‘linglar, boshqa joydan kavlaymiz.
Yana qabr kavlashga tushdik. O‘sha kuni tuni bilan moychiroq, fonar yordamida marhumga to‘rtta qabr kavlaganmiz. Biridan suv chiqsa, biridan odam suyaklari chiqdi. Bir kavlaganimiz balchiq ekan. Oxirgi kavlaganimiz shunaqangi qattiq, og‘ir ediki, yerga ketmon, belkurak botmasdi. Buning ustiga sheriklarim bilan qattiq charchaganmiz. Qo‘llarimiz qavarib ketgan, yelkalarimiz og‘rib, holdan toyganmiz.
— Astag‘firrulloh, — deb men tilimga chiqarishga andisha qilayotgan gapni boshladi sherigim. —Marhumning ortidan gapirish bo‘lmasin, Alloh gunohlarini kechsin-ku, bu deyman, rahmatli tirikligida odamlarga ko‘p zulm qilgan ekanmi? Shuncha qabr kavlab bunchalik qiyinchilik ko‘rmagandim. Usta, siz marhumni taniysizmi? Indamay bosh irg‘ab qo‘yaverdim. Yuz-yuzga tushib tanishmagan bo‘lsam-da, orqavarotdan tanirdim. Bir paytlari «Paxta ishi», «O‘zbek ishi» degan qama-qamalar avj olgan paytda tog‘am ham qatag‘onga uchrab qamalgan edi. O‘shanda, qarindosh-urug‘imiz tog‘amning beaybligini isbotlash uchun qamoqxona eshigi tagida oylab turishgan. Biz aql-hushini endi-endi tanigan bolalar edik. Voqealarning asl mohiyatini anglamasdik. Kattalarning shivir-shiviri, ayollarning qarg‘ab aytib yig‘laganlaridan mash’um voqea ro‘y berganini bilardik, xolos. Eshitishimcha, o‘sha paytlari Moskvadan kelganlar yurtdoshlarimizni o‘zimizning eldan chiqqan ayrim tergovchi, prokurorlar orqali qiynab, tergov qilishar ekan. Men qabrini qiynalib kavlayotgan odam ham o‘sha paytda zo‘ravonlarga xizmat qilib, ko‘pchilikning yostig‘ini quritgan, qarg‘ish olganlardan edi. Buni keyinchalik, katta bo‘lgach, tog‘am qamoqdan ortirib kelgani — sil kasali bilan og‘rib vafot etganida eshitgan edim. Qabr kavlash jarayonida marhum bir tog‘amga emas, ko‘pchilikka zulm qilganini tushundim. O‘sha kuni bir amallab qabr kavladik. Navbati bilan ikki go‘rkov qabr kavlasak, birimiz tilovat qilib turdik. Allohga astoydil yukunib, iltijo qilib ishimizni oxiriga yetkazdik.
Oxirgi kavlaganimiz qabrdan ham daraxt ildizlari chiqdi. Ammo boshqa choramiz yo‘q edi. Ertasi kuni marhumni olib kelishdi. Insonlar g‘alati-da, hatto so‘ngi manziliga ham dabdabayu as’asa bilan borishni xohlaydi. Bu dunyoda-ku kibr, g‘aflat va takabburlikdan majburiy «hurmat» undirish mumkin, ammo chin dunyoda amal va fe’ldan boshqa hech narsa hamrohlik qilolmaydi. Marhumning o‘g‘li qabrni ko‘rib, g‘azab bilan menga qaradi: «Usta, men sizni nima deb ogohlantirgandim?! Bu nimasi, otamizga shunday qabr kavladingizmi?»
— Men ham sizni ogohlantirgandim, aka! Biz faqat qabr kavlaymiz, uning sifatiga aralasholmaymiz. Iltimos, marhumni ko‘p ozorga qo‘ymanglar-da, so‘nggi manzilga kuzatinglar. Hozir sizu bizning bahsimiz ham ularni xijolatga qo‘yyapti.
— Siz menga bunaqa gaplaringizni qilmang! Otamning, bizning kimligimizni bilmaysizmi deyman?!
O‘g‘il maqomidagi takabbur kimsaning so‘ngi jumlasiga javoban miyig‘imda kulib qo‘ydim. Garchi ming istiholayu andisha tilimni kuydirib turgan bo‘lsa-da, unga haqiqatni aytishga majbur bo‘ldim: «Otangiz uchun to‘rtta qabr kavladik. Bu to‘rtinchisi...»
Yig‘ilganlarning boshi quyi egildi. Olomon ichida, «E, voh», «Astag‘firulloh!», degan xitoblar shiviri boshlandi.
— Iltimos, ularni ko‘p qiynamang-da, oxirat uylariga qo‘ying...
O‘g‘il janoblari nega to‘rtta qabr kavlaganimizni tushundimi, yo‘qmi, bunisi menga noma’lum. Faqat bu voqea uzoq vaqt odamlar tilidan tushmadi. Esimda, bu voqea qulog‘iga yetib otam mendan qattiq ranjib tanbeh bergandilar: «O‘g‘lim, bu noma’qul ishni boshqa qaytarma! Marhumning sirini ochish — gunoh! Go‘rkov bilan g‘assol marhumning siriga mahram bo‘lishi, uni fosh qilmasligi kerak. Marhumni xijolatga qo‘yish, uyaltirish — gunoh. Bu yaxshi insonning ishi emas. Eh attang, juda nobop ish qilibsan...
Shu bo‘ldiyu, bunday voqealarni odamlar orasida tilga olmaydigan bo‘ldim. Ammo ba’zan o‘ylanib qolaman, balki, qabr va o‘lim bilan bog‘liq haqiqatlarni insonlarga aytish bilan ularni yomonlikdan, zulm va nohaqlikdan qaytarish maqbul emasmi? Axir insonlikning hikmatini anglamay yurganlar, tiriklikning ne’mat ekanini unutayozganlarga saboq bo‘larmidi? Men gapiryapmanu, to‘g‘ri yo xato qilayotganimni durust anglolmayapman. Nima bo‘lganda ham xayrli yo‘lda, haq yo‘lda bo‘lganim rost bo‘lsin...
Umida ADIZOVA
Manba: Azon.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter