Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Haybarakallachilik kimga kerak?..

Haybarakallachilik kimga kerak?..

 

Qo‘shiqchi Jahongir Poziljonovning Prezidentga atalgan «Selfi» qo‘shig‘ini eshitib, ochig‘i ensalarim qotib ketgandi. Bu holga tushgan faqat men emaskanman. «Qo‘shiq» haqida internet OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlar yog‘ilmoqda.

Samimiy, ta’madan yiroq maqtov va faxrlanish yaxshi narsa. Faqat ular MADDOHLIKka aylanib ketmasligi kerak. Chorak asr davomida juda ko‘p sohalarda, jabhalarda yutqazib qo‘yganimizni Prezidentimiz ham bot-bot ta’kidlab turibdi. Xo‘sh, buning sababi nima edi? Sababi – maddohlik edi, qarsakbozlik edi, haybarakallachilik edi! O‘sha paytlarda ham bu holatlar Birinchi Prezidentimizga sirayam yoqmagan, albatta. Ammo maddohbozlar ko‘p edi. Ular ichida fonagrammasiz kuylashni eplay olmaydigan qo‘shiqchilar, artistlaru masxarabozsifat qiziqchilar... yetakchi edi.

Shu bois Shavkat Mirziyoyev dastlabki kunlardanoq qat’iy talab qo‘ydi: «Tamom, qarsakbozlikka, maddohlikka chek qo‘yamiz!»

Hatto o‘sha vaqtda bir xonanda ayol tomonidan Prezidentga atab (aslida shaxsiy manfatini ko‘zlab, boshqa xonandalar o‘ylab o‘tirguncha «uloq»ni olib ketish ilinjida) kuylangan qo‘shiq ayamay tanqid qilingan va efirlardan to‘xtatilgandi. Shundan so‘ng, qo‘shiqchilar bu mavzuga ehtiyotkorona yondasha boshlashgandi. Sohtalik, ko‘zbo‘yamachilik bilan ordenu nishonlar olish davri o‘tganini anglab yetishgandi. Lekin... lekin Poziljonov (o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek) bu chegarani qo‘rqmay yanchib o‘tdi. Nega ham qo‘rqsin, axir Prezidentni ulug‘lab kuylasa kim qarshilik qilardi?! Bu qo‘shiqqa qarshi bo‘lish, Prezidentga qarshilik qilishdek gapku! Poziljonov(lar) shunday o‘ylagani aniq.

Bunday qo‘shiqqa, to‘g‘rirog‘i maddohlikka men qarshiman! Sababi, avvalo Prezident bu tarzdagi «ulug‘lash»larga muhtoj emas.

Prezident amalga oshirayotgan barcha ezgu ishlarini maqtov eshitish uchun qilayotgani yo‘q, balki o‘z vazifasi o‘laroq biladi.

Prezident suratlari fonida selfi tushish bilan u insonga hech qanday amaliy yordam berilmaydi. Aksincha, qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib qo‘yishimiz mumkinligi ehtimoli katta. Nega deysizmi?

Bugun O‘zbekiston butun dunyoga keng ochilgan, dunyo hamjamiyati nigohi O‘zbekistonda. Yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rib-kuzatib turishibdi, e’tirof ham etishyapti. Shunday o‘zgarishlar davrida selfichilik yangitdan yozilayotgan tariximiz sahifalariga dog‘ bo‘lib tushishi  mumkin. 

Kimlardir, shu bitta qo‘shiqdan fojia yasavoribdi, deyishi ham tayin. Shundaylarga aytar so‘zim: har qanday yirik illat maydalaridan boshlanadi (aslida maddohlik mayda illat emas, u juda xavfli). Bugun biz shu mayda-chuyda kamchiliklarga vaqtida barham bera olsak, kattalarini ham yo‘q qilishga kuch topa olamiz. Qolaversa, bir-ikki yillik «tanaffus»dan so‘ng san’at olamida yurgan «sanoatchi»lar yana avvalgidek lokomotivlikni, yetakchilikni, xalqni, ayniqsa, yoshlarni o‘z ortlaridan ergashtirishni istab qolgan ko‘rinadi. «Selfi»parastlik uchun yoshlar, shifokorlar, quruvchilaru fermerlar «jalb» qilinganidan shuni anglasa bo‘ladi. Boshqalarni bilmadimu, shaxsan men farzandlarimning bunday qo‘shiqchilarga ergashishini, ularga taqlid qilishini sira istamayman.

«Selfi» tushib haybarakallachilik qilgan yoshlar, shifokorlar, quruvchilaru fermerlarga gapim shu: Prezidentga yordam bermoqchimisiz, u holda ishdan qolib guruhlashib selfi tushguncha ilm oling, o‘z ustingizda ishlang, izlaning, til o‘rganing, bemorlarga to‘g‘ri tashxis qo‘yib davolang, yangi-yangi binolar loyihalarini yarating, yerga mehr qo‘yib ishlab hosildorlikni oshiring!

«Qo‘shiq»ni aylantirayotgan TVchilar! Siz esa haqiqatan zo‘r bo‘lishni istasangiz, faqat cho‘ntakbop (reklamabop) shoularga o‘ralashavermasdan, yoshlar tafakkurini boyitadigan ko‘rsatuvlarga ham qo‘l urib turing. Bugun Prezidentimiz barchamizdan shuni istaydi, illo laganbardorlikni emas!

Usmonjon Yo‘ldoshev,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring