Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ichki ishlar vazirligi ayrim internet saytlariga raddiya bilan chiqdi

Ichki ishlar vazirligi ayrim internet saytlariga raddiya bilan chiqdi

Foto: «Youtube»

Turli saytlar orqali O‘zbekistonda korrupsiya rivojlangan sohalar ichida ichki ishlar organlari yetakchilik qilmoqda, deb tarqatgan sharh yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi murojaatiga asosan, «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi ma’lumotnoma taqdim etdi.

2018-yilning 1-fevralida «anhor.uz», «sputniknews», «nuz.uz», «Fergana-blog.livejournal.com» va boshqa bir qator internet saytlarida «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan «O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti tadbirkorlar nigohida» mavzusida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari haqida axborotlar berilgan.

«Ijtimoiy fikr» markazi shuni alohida qayd etadiki, ushbu axborotlarda Markaz tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalarining mazmun va mohiyati to‘la ravishda buzib ko‘rsatilib, g‘arazgo‘ylik bilan taqdim etilgan. Xususan:

1. Ushbu saytlarning hech birida o‘tkazilgan tadqiqotning nomi keltirilmagan.

2. Tadqiqotning maqsadi — tadbirkor va fermerlarning o‘z faoliyatida yaratilayotgan sharoitlar hamda erishilayotgan natijalardan qoniqish darajasini o‘rganish edi.

3. Tadqiqotning maqsadli guruhi, ya’ni ishtirokchilari tadbirkorlar edi, shunday ekan, yuqorida ko‘rsatilgan saytlarda o‘tkazilgan so‘rov natijalarining umumxalq jamoatchilik fikri sifatida taqdim etilishi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

4. Mazkur saytlarda so‘rovning maqsadi va uning tanlangan ishtirokchilari haqidagi ilmiy-tahliliy ma’lumotlar bilib turib, atayin buzib ko‘rsatilgani sir emas.

5. Mazkur saytlarning barcha ma’lumotlarida keltirilishicha, respondentlarning chorak qismi huquqni muhofaza qilish organlarida korrupsiya faktlari tez-tez uchrab turishini ko‘rsatganlar. Ayni paytda esa tadqiqotda gap so‘rov ishtirokchilarining konkret korrupsiya faktlari haqidagi emas, balki korrupsiya to‘g‘risidagi umumiy fikrlari haqida bormoqda.

6. «Ijtimoiy fikr» markazi mamlakat, jamiyat, fuqarolar yoki alohida aniq bir shaxs hayotidan olingan konkret faktlarni aniqlash bilan emas, balki mehnat faoliyatining turli sohalarida band bo‘lgan aholi, jamiyat turli tabaqalarining fikrlarini ilmiy asosda o‘rganish, umumlashtirish, tahlil etish va ushbu tahlillar asosida tavsiya hamda xulosalar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

7. So‘rov natijalarini taqdim etishda yuqorida ko‘rsatilgan saytlarda qo‘llanilgan jumlalarni emas, balki «so‘rov ishtirokchilarining fikricha», «respondentlarning fikrlariga ko‘ra» degan iboralarni ishlatish shart hisoblanadi.

8. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan saytlarning ushbu maqolalari ayrim davlat organlari, xususan, IIV va banklarning faoliyatini bilib turib, atayin buzib ko‘rsatish maqsadida e’lon qilingan.

9. «Ijtimoiy fikr» markazi ekspertlarining fikricha, ushbu saytlar o‘z qiyofalari — professional imijlarini saqlab qolish maqsadida oldingi ma’lumotlari yuzasidan raddiya berishlari hamda tadqiqot natijalarini noto‘g‘ri talqin qilmasdan va shaxsiy izohlarisiz e’lon qilishlari kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring