Ilm-fan, tarix, madaniyat, ilg‘or texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan munavvar maskan
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati, uning istiqboli shu kunlarda dunyo olimlarining e’tiborida, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan «Sharq Renessansi fenomeni: davlatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar» O‘zbekiston madaniy merosi haftaligining yalpi yig‘ilishida bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin isbotini topdi.
Uning doirasida Muvofiqlashtiruvchi kengash, Xalqaro ekspertlar kengashi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining kengaytirilgan ilmiy kengashining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda Toshkentning tarixiy markazida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining ilm-fan, islom ta’limoti va tarixi, ma’naviyat va ma’rifatga doir barcha ma’lumotlarni eng so‘nggi raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt yangiliklarini o‘zida mujassam etgani holda ifoda etishiga oid reja va loyihalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Anjumanga mamlakatimiz va xorijning yetakchi tarixchi, qadimshunos olimlari, ekspertlar, muzeyshunoslar, restavratorlar, din sohasi vakillari, xattotlar, musavvirlar va dizaynerlar, zamonaviy raqamli texnologiyalarning bilimdonlari, sharqshunos olimlar, adib va ijodkorlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov mamlakatimizda kechayotgan shiddatli yangilanish jarayonlari ma’rifiy sohalardagi tub ijobiy o‘zgarishlar bilan hamohang ekanini ta’kidladi.
– Yangi O‘zbekistonning yorqin va yuksak ma’naviy timsoli bo‘lmish Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida barpo etilayotgani, bunday madaniy meros haftaliklarining yuqori saviyada o‘tkazilayotgani mamlakatimizning qaytadan ilm-fan, ma’rifat markaziga, Uchinchi Renessansning makoniga aylanayotganidan darak beradi, – dedi Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov. – Bugun qadimiy va betakror diyorimizda tabarruk nomlari jahonga mashhur bo‘lgan, hayoti va faoliyatini mehr qo‘yib o‘rganadigan ne-ne buyuk zotlarning ilm-fan dunyosini munavvar qilgan tafakkur mash’ali yana porlamoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu boradagi sa’y-harakatlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida madaniy, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishda amalga oshirilayotgan mega loyihadir. Ushbu maskan bir vaqtning o‘zida bizning davlatchiligimizning tarixi va an’analari, qadriyatlarini ifoda etishi bilan birga, mamlakatimizning zamonaviy va kelajakdagi istiqbolini o‘zida aks ettirgan Taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalarini ham o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. Barchamiz yaxshi tushunamizki, faqat o‘tmish, buyuk ajdodlar bilan faxrlanish bilan cheklanib, uzoqqa borib bo‘lmaydi. Biz ajdodlarimiz qo‘lga kiritgan yuksak marralarga tayanib, yangicha tafakkur asosida yangi hayot, yangi jamiyat, yangi sivilizatsiyani barpo etishga, bugungi global dunyoda o‘zimizning munosib o‘rnimizni egallashga azmu qaror qilganmiz. Shu ma’noda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi erkin va mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va texnologiyalarni puxta egallagan yoshlarni – yangi sivilizatsiya bunyodkorlarini kamol toptirishga xizmat qilmog‘i kerak.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov mamlakatimizda yaqindagina baland ruhda o‘tkazilgan hamda xalqaro hamjamiyat e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lgan «Islom – tinchlik va ezgulik dini» hamda Imom Termiziy ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlarning yuqori saviyada o‘tkazilgani ma’rifiy islohotlarning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga mazkur nufuzli xalqaro anjumanlarning ishtirokchilari mamlakatimizda diniy va dunyoviy yo‘nalishdagi ezgu sa’y-harakatlar mo‘’tadilligi, buyuk ajdodlar merosiga tayanishi, xalqimizning ezgu maqsad-muddaolariga hamohang ekanini namuna sifatida qayd etgani ahamiyatga molikdir.
Anjumanda TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, atoqli adib va publitsist Sulton Rayev tabarruk O‘zbekiston diyori azaldan qadimiy ilm-fan, madaniyat va san’atning bebaho beshigi bo‘lishi bilan birga ushbu ilmiy meros turkiy xalqlar, umuman bashariyat uchun g‘oyat qadrli ekanini ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter