“Indamas va ko‘rinmas qotil” Yevropani dahshatga solmoqda
Fransiyada 24 iyundan buyon mingga yaqin o‘lim holati qayd etilgan.
Yevropa qit’asi jazirama hukmi ostida qolmoqda. Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya kabi davlatlarda rekord darajada yuqori harorat qayd etilgan. Mutaxassislar anomal issiq kamida ikki haftaga cho‘zilishidan bashorat qilmoqda.
Fransiya poytaxti Parij shahri hokimiyati jamoat joylarida alkogolli ichimliklar iste’molini taqiqlab, ommaviy tadbirlarni bekor qildi. Jazirama tufayli Eyfel minorasi, Luvr muzeyi kabi sayyohlar qadami uzilmaydigan maskanlar o‘z eshiklarini odatdagidan barvaqt yopmoqda.
O‘ta yuqori harorat sabab odamlar ommaviy ravishda kanal va daryolarda cho‘milib jon saqlamoqda. Ammo ehtiyotsizlik va xavfsizlik qoidalariga rioya etilmagani ortidan suv havzalarida odam cho‘kishi holatlari ko‘paymoqda. Parij meri Emmanyuel Greguarga ko‘ra, 26-iyun kuni Sen-Marten kanalida bir erkak cho‘kib o‘lgan.
Germaniya muzofotlari ham anomal issiqdan qattiq aziyat chekmoqda. Mamlakat g‘arbidagi Saarbryukken shahrida rekord darajadagi yuqori harorat — 41,3°C qayd etilgan. Ob-havo mutaxassislari harorat bundan ham ko‘tarilishidan ogohlantirmoqda.
Ispaniyaning g‘arbiy, markaziy va janubiy mintaqalarida ham o‘lim olib keluvchi anomal issiq zabtiga olayotir.
Dahshatli jazirama sabab shifoxonalar to‘lib ketgan. Fransiyadan Polshaga qadar — ko‘plab mamlakatlar transport va kommunal xizmatlari ham noodatiy issiqqa dosh bermayotir.
AFP ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 101 million yevropalik 35°C dan yuqori issiqlikni boshdan kechirgan.
Fransiya milliy sog‘liqni saqlash agentligi yakshanba kuni e’lon qilgan bayonotda qayd etilishicha, mamlakatda 24-iyundan buyon mingga yaqin qo‘shimcha o‘lim holatlari ro‘yxatga olingan.
JSST rahbari Tedros Gebreyesus ma’lum qilishicha, Yevropada 21-iyundan beri kuzatilayotgan anomal issiq havo oqibatida 1300 dan ziyod inson vafot etdi. JSST rahbari issiqlik stressini “indamas qotil” deb atagan va Yevropadagi uylar, maktablar hamda ish joylari bunday yuqori haroratga moslashmaganini ta’kidlagan.
Janubiy Yevropada ham katta yo‘qotishlar kuzatilmoqda. Karlos III nomidagi Ispaniya sog‘liqni saqlash instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 21 iyundan beri mamlakatda jazirama bilan bog‘liq 327 ta o‘lim holati ro‘y bergan.
Italiya matbuoti esa besh kishi, jumladan, qishloq xo‘jaligi xodimlari va bir quruvchi hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar berdi.
World Weather Attribution loyihasi olimlari o‘tgan hafta e’lon qilgan tadqiqotda Yevropadagi rekord darajadagi jaziramaga shubhasiz inson tomonidan sodir etilgan iqlim o‘zgarishi sabab ekani qayd etiladi. Olimlar fikricha, ellik yil avval iyun oyida bunday yuqori harorat kuzatilishi aqlga sig‘mas edi.
BMTning iqlim bo‘yicha bo‘linmasi rahbari Saymon Stil ham issiqlik to‘lqini iqlim inqirozi bilan bog‘liq ekanini ta’kidlab, insoniyat ko‘mir, neft va gazni ulkan hajmda yoqishni to‘xtatmas ekan, ekstremal jazirama yanada kuchayib borishidan ogohlantirdi.
Jahon meteorologiya tashkiloti tahlillariga qaraganda, yaqin ikki hafta ichida jazirama chekinmaydi, bil’aks, issiqlik to‘lqini G‘arbiy, Markaziy va Janubiy Yevropaning keng hududlarini qamraydi. Jazirama epitsentri yanada ichkariga — Bolqon yarimoroli tomon siljishi mumkin.
Soha mutaxassislari keksalar, yosh bolalar, homilador ayollar, ochiq havoda ishlovchilar va surunkali kasalliklarga chalinganlar jaziramadan qattiq aziyat chekishini aytmoqda. Ayni choqda, jazirama uzoq davom etsa, issiqlik stressi har qanday odamga kuchli ta’sir qilishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter