Innovatsion rivojlanish vazirligi va «Skolkovo» innovatsion markazi kelishuv imzoladi
20 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Rossiyaning «Skolkovo» innovatsion markaziga tashrif buyurib, «Skolkovo» jamg‘armasi raisi Arkadiy Dvorkovich bilan uchrashdi.
Uchrashuv joriy yilning oktyabr oyida Moskva shahrida yuqori darajada o‘tkazilgan «Ochiq innovatsiyalar-2019» xalqaro innovatsion rivojlanish forumining natijalariga ko‘ra «Skolkovo» innovatsion markazi bilan hamkorlik o‘rnatish, innovatsiya hamda axborot-kommunikatsiya sohalaridagi istiqbolli loyihalar muhokamasiga bag‘ishlandi.
«Skolkovo» innovatsion markazida qad ko‘targan yangi binolar, o‘quv maskanlari, turar joy majmualari, ishlab chiqarish inshootlari, tadqiqot laboratoriyalari, tibbiy klasterlar va markazda olib borilayotgan faoliyat o‘zbekistonlik delegatsiya a’zolarida katta taascurot qoldirdi.
Tomonlar uchrashuv davomida, shuningdek, O‘zbekistondagi startap loyihalarining «Skolkovo» innovatsion markazida o‘tkaziladigan demo-kunlarda ishtirok etish masalasini muhokama qildilar.
A. Dvorkovich O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashga, bu sohadagi tajribalar bilan o‘rtoqlashishga, startapchilarning malakasini oshirishga yordam berishga tayyor ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, kelgusi yilning ikkinchi yarim yilligida startap turne o‘tkazishni rejalashtirilganini va bu turne doirasida «Skolkovo» innovatsion markazining yetakchi mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyurib, yurtimiz startap ekotizimi vakillari uchun o‘quv kurslari tashkil etishlarini ma’lum qildi.
O‘z navbatida «Skolkovo»dagi xalqaro gimnaziyasida yoshlarni o‘qitish, o‘zbek mutaxassislarining malakasini oshirishga kelishildi.
Keyingi aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish maqsadida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va «Skolkovo» jamg‘armasi raisi Arkadiy Dvorkovich hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter