Shavkat Mirziyoyev: iqtisodiyotni global inqirozning salbiy oqibatlariga moslashtirish zarur
Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (OHIChK) VI sammitidagi nutqida mintaqaviy iqtisodiyotni global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish zarurligini ham ko‘rsatib o‘tdi.
«Bugungi yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala – iqtisodiyotlarimizni global inqirozning kuchayib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirishdan iborat», – deydi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari bunda ikki muhim vazifaga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
«Bunda proteksionizm kuchayishiga, shuningdek, jahon bozorlarini beqarorlashtiruvchi yangi cheklovlar joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda Osiyo mintaqasida, birinchi navbatda, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bog‘lovchi ishlab chiqarish va logistik zanjirlar hamda transport yo‘laklarini yaratish orqali o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash muhim», – deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, barqaror rivojlanish muammolarini yengish global sanoat inqilobining yangi bosqichiga o‘tishning asosi sifatidagi bilimlar iqtisodiyotini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari Osiyo davlatlari hamkorligida ayrim zamonaviy sohalarni rivojlantirish imkoniyatlari hamda zarurati haqida to‘xtaldi.
«Innovatsiyalar transferi salohiyatidan to‘liqroq foydalanish, raqamlashtirish, bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt, buyumlar internetini rivojlantirishni faol rag‘batlantirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Bu sohalarda Osiyo davlatlari birgalikda global yetakchilikka erishish uchun barcha imkoniyatlarga ega», – dedi Shavkat Mirziyoyev OHIChKning VI sammitida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter