Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil vaziri Ahmad ash-Shar’ani o‘ldirishni talab qildi

Isroil vaziri Ahmad ash-Shar’ani o‘ldirishni talab qildi

Isroil davlatining diaspora masalalari bo‘yicha vaziri Amixay Chikli Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’ani o‘ldirishga chaqirdi. Bu haqda Isroil matbuoti xabar berdi.

Yahudiy davlati mulozimi Suriya yetakchisini HAMAS bilan aloqadorlikda ayblagan va uni “terrorchi” deb atagan.

“Agar u HAMASga o‘xshasa, HAMAS kabi gapirsa, HAMAS kabi harakat qilsa, demak, u HAMASning o‘zidir. Ahmad ash-Shar’ani qonuniy yetakchi deb hisoblayotganlar qattiq adashadi. U zudlik bilan o‘ldirilishi kerak”, – degan Amixay Chikli.

Ahmad ash-Shar’a “Turkiyaning odami” ekanini qayd etgan Isroil vaziri u ayni paytda kuchsiz ekanidan foydalanib yo‘q qilish lozimligini talab qilgan.

Isroil diaspora masalalari bo‘yicha vaziri Amixay Chiklining ushbu bayonoti Suriya janubidagi As-Suvayda muzofotida darziy qabilalarining hukumatga qurolli qarshiligi boshlangan kunlarda yangramoqda. Isroil yana bir karra Suriyaning ichki ishlariga aralashib, “darziylarni himoya qilish” bahonasi bilan Suriya armiyasi bo‘linmalariga aviazarbalar bergan.

Ma’lumot o‘rnida: “Hay’at tahrir ash-Shom” guruhi 2024 yil 8 dekabr kuni Bashar Asad hokimiyati ag‘darilishida muhim o‘rin tutgan edi. Shundan keyin guruh yetakchisi Ahmad ash-Shar’a Suriyaning amaldagi rahbariga aylandi.

Joriy yil 14 may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni poytaxti Riyoz shahrida Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazdi. Bu Suriya rahbarining xalqaro maydonda tan olinishi o‘laroq qabul qilindi.

Ikki hafta muqaddam prezident Tramp AQShning Suriyaga qarshi 2004 yildan beri amalda bo‘lgan iqtisodiy sanksiyalarini bekor qilish haqidagi farmonni imzoladi. Oq uy bu qarorni “barqarorlik va tinchlik sari qadam” deb atagan.

Damashqda hokimiyat alishgach, Isroil armiyasi Jo‘lon tepaligi osha Suriyaga hududiga kirdi. Asad rejimi qulashi ortidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriya bilan 1974 yilda imzolangan bitim ham o‘z kuchini yo‘qotganini iddao qildi va o‘z harbiylariga Suriya bilan chegara hududi va uni nazorat qiluvchi pozitsiyalarni egallashni buyurdi.

Isroil so‘nggi oylarda Suriya bo‘ylab o‘nlab aviazarbalar berdi.

Tahlilchilar Isroil vaziyatdan foydalanib Suriyani yanada zaiflashtirishga urinmoqda deb hisoblaydi.

Suriya tomoni Isroil armiyasining aviazarba va hujumlariga javob qaytarmayotir.

Damashq Tel-Aviv bilan xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash bilan bog‘liq masalalarda maxfiy muzokaralar o‘tkazgani ma’lum.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring