Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroilning keyingi nishoni qaysi davlat bo‘lishi aytildi

Isroilning keyingi nishoni qaysi davlat bo‘lishi aytildi

Eronga hujumdan keyin xalqaro jamoatchilik Isroilning keyingi harbiy nishoni qaysi davlat bo‘lishini muhokama qilmoqda.

Amerikalik sobiq diplomat Charlz Frimanning  fikricha, endilikda Tel-Aviv mintaqadagi eng kuchli davlat – Turkiyani sindirishga harakat qiladi. 

Isroil mintaqada mutlaq yetakchi bo‘lishga qaratilgan strategiyani bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. Frimanga ko‘ra, yahudiy davlati so‘nggi besh yil davomida Yaqin Sharqdagi yetti davlatni tiz cho‘ktirishga intildi va Eronga qarshi urush bilan bu ssenariy yakunlandi

“Ayni paytda Isroil doiralarida Eronga hujum shunchaki repetitsiya bo‘lgani, asl nishon esa Turkiya ekani haqidagi fikr qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ular Turkiyani mahv etish kerak deb hisoblashadi”, – deydi amerikalik sobiq elchi. 

Diplomat Isroil hozirda dunyodagi xalqaro huquqni namoyishkorona buzayotgan davlat bo‘lib qolayotgani, mintaqa davlatlari uyg‘onmaguncha uni to‘xtatib bo‘lmasligini ta’kidlagan. 

Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida amalga oshirayotgan qonli urushni Turkiya rahbariyati keskin tanqid qilib kelmoqda. Eronga uyushtirilgan hujumni ham Turkiya qattiq qoraladi

G‘azoda tinch aholi orasida qurbonlar soni oshib borishi fonida Anqara va Tel-Aviv diplomatik ziddiyati kuchaymoqda.

Isroilning keyingi harbiy nishoni Turkiya bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikr faqat Charlz Frimanga tegishli emas.

Yaqinda isroillik jurnalist Eyal Berkovich efirda SAXAL Eron va HAMASdan keyin Turkiyaga hujum qilishiga shama qildi.

“Bugun shunday latifa eshitib qoldim: chorak finalda HAMAS bilan durang o‘ynadik va penaltilar seriyasiga ko‘ra ular ustidan g‘alaba qozondik. Yarim finalda Eronni dog‘da qoldirdik. Finalda esa Turkiya bilan o‘ynaymiz”, – deya Isroil olib borayotgan harbiy harakatlarni futbol o‘yiniga o‘xshatgan jurnalist E.Berkovich.

“Bilsa hazil, bilmasa chin” qabilida aytilgan ushbu gap Turkiya jamoatchiligini darg‘azab qildi.

Isroil teleradioeshittirish korporatsiyasi sobiq raisi Yoni Ben-Menaxem ham “Bizning keyingi dushmanimiz – Turkiya. Turkiya kuchli armiya va qudratli davlatga ega. Turk xalqi bilan aloqalarni tiklash oson bo‘lmaydi va biz qat’iy harakat qilishimiz kerak”, – deya fikr bildirgan.

Yahudiy davlati Turkiyaga hamla qilishi mumkinligi haqida muhokamalarga bosh vazir Binyamin Netanyahuning bayonoti ham ma’lum ma’noda olovga moy sepgandek ta’sir ko‘rsatdi. 

Eronga qarshi hujum arafasida Binyamin Netanyahu Argentina prezidenti Xaver Miley bilan uchrashib, rasmiy Anqaraga o‘ziga xos mujda yo‘lladi.

“Imperiya (Usmoniylar davlati nazarda tutilmoqda – tahr.) yaqin muddatda tiklanishiga ishonmayman, ammo bu fikrimga qarshi chiqadiganlar ham bor”, – degan Netanyahu.

Tagdor bayonot Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga qaratilganini sezish qiyin emas.

Eronlik jurnalist Xayol Muazzin ham Tel-Aviv Tehrondan keyin Anqaraga hujum uyushtirishi haqidagi farazni ilgari surgan. 

“Turkiya ham ehtiyot bo‘lmog‘i lozim”, – deya ogohlantirgan u.  

Darvoqe, prezident Erdo‘g‘onning o‘zi ham o‘tgan yil oktyabr oyida Isroil Falastin va Livandan keyin Turkiya yerlari, Onado‘liga ko‘z tikishi mumkinligidan gap ochgandi.

“Isroil agressiyasi Turkiyaga ham qaratiladi. Biz vatanimiz uchun, mustaqilligimiz uchun kelgusida ham barcha vositalarni ishga solgan holda ushbu bosqinchilikka qarshi kurashamiz. Badali har qancha og‘ir bo‘lmasin, Turkiya Isroilga qarshi chiqadi va dunyo ahlini ham ana shu sharafli maqomda bo‘lishga undaydi”, – degan edi Erdo‘g‘on. 

Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Turkiyaning Yaqin Sharqdagi nufuzi oshib borayotgani Isroilga yoqmayotir. Joriy yil aprel oyida Netanyahu AQSh prezidenti Donald Trampga Suriyada Turkiyaning ta’siri oshib borayotganidan shikoyat qilgani va Anqaraga bosim o‘tkazishni so‘ragani ma’lum. Ammo o‘sha gal Tramp Netanyahuning ra’yini qaytargan

Ekspertlar fikricha, Isroil Turkiyaga hujum qilgan taqdirda ham mudofaa va harbiy jabhada ulkan qudratga ega bu davlat ustidan osonlikcha g‘alaba qozona olmaydi. Qolaversa, Turkiyaning NATO a’zosi ekani va mamlakat hududida AQSh harbiy bazasi mavjudligi masalani yanada murakkablashtiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring