Jahon banki O‘zbekiston elektr energetikasi uchun imtiyozli kredit ajratadi

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlariga integratsiyalash va mamlakatning ustuvor hududlarida elektr energiyasi ta’minoti ishonchliligini oshirishga qaratilgan dasturni amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 100 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ ham mazkur dasturni amalga oshirish uchun o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda 50 million dollar ajratadi.
Hamkorlikda moliyalashtirilgan yangi dastur doirasida 150 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar kelgusi besh yil ichida muhim taqsimlovchi elektr tarmoqlari modernizatsiyasi uchun sarflanishi kerak. Bu ustuvor hududlar, jumladan, Qoraqalpog‘iston va Surxondaryo viloyatlarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyihaning asosiy faoliyati quyidagilardan iborat:
- 6000 km past kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini qurish va modernizatsiya qilish;
- umumiy quvvati 250 megavolt-amper bo‘lgan 1200 ta taqsimlovchi transformatorni almashtirish va o‘rnatish;
- HET tarmoqlarida tijorat elektr yo‘qotishlarini kamaytirishga yordam beradigan 150 mingta «aqlli» hisoblagichlarni ulash;
- taqsimlovchi tarmoqlarni avtomatlashtirish va raqamlashtirishni ta’minlash uchun 4000 ta ma’lumotlar konsentratorini o‘rnatish.
Jahon banki axborotida aytilishicha, O‘zbekiston energetika tizimi jiddiy muammolarga duch kelmoqda. 2024-yilga kelib, elektr energiyasini taqsimlashda texnik yo‘qotishlar taxminan 13 foizni tashkil qiladi. Bunga eskirgan va ortiqcha yuklangan infratuzilma sabab qilib ko‘rsatilgan. Taqsimlash tarmog‘i ob’yektlarining 50 foizdan ortig‘i 30 yildan ortiq vaqt davomida ishlaydi, bu ularning standart xizmat muddatidan sezilarli darajada oshadi va tez-tez avariyalar va elektr energiyasining uzilishiga olib keladi.
«O‘zbekiston 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarish hajmini 25 gigavattga (GVt) oshirishni rejalashtirmoqda. Biroq, taqsimlash tarmoqlarini zudlik bilan modernizatsiya qilmasdan turib, qayta tiklanadigan energiya yetkazib beruvchilarni ulash imkonsiz bo‘lib qoladi», – deyiladi axborotda.
2029-yilga kelib dastur quyidagi natijalarni berishi kutilmoqda:
- HET xizmatlari sifati bilan mijozlarning 90 foiz qoniqish darajasiga erishish;
- Kichik va o‘rta korxonalar, shuningdek, uy xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqariladigan energiyani 50 megavattgacha qabul qilish uchun taqsimlash tarmoqlarining quvvatini oshirish;
- Issiqxona gazlari chiqindilarini yiliga 450 ming tonna karbonat angidridgacha kamaytirish;
- HETda texnik va rahbar lavozimlardagi ayollar ulushini 9 foizdan (2025-yilda) 14 foizgacha oshirish.
«Jahon banki tomonidan ajratilayotgan moliyalashtirish O‘zbekistonning 2030-yilgacha taqsimlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish davlat dasturini amalga oshirishga xizmat qiladi. Hukumat dasturi bo‘yicha zarur bo‘lgan jami investitsiyalar qariyb 3 milliard dollarga baholanmoqda. Umid qilamizki, mamlakatning boshqa xalqaro hamkorlari va xususiy investorlar bizdan o‘rnak oladi va HETning energetika sektorini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter