Janubiy Koreyaning yangi prezidenti Yun Sok Yol haqida bilganlarimiz
Bugun, 2022-yilning 10-may sanasida, Yun Sok Yol qasamyod qilib, Koreya Respublikasining prezidenti lavozimida ish boshladi.
«Bizning avlodning burchi — liberal demokratiya va bozor iqtisodiyoti rivojlanishi kafolatlangan, xalqaro hamjamiyatdagi o‘rniga va majburiyatlariga sodiq, o‘z xalqiga tegishli mamlakatni qurishdir», — dedi Yun Sok Yol bugungi inauguratsiya marosimida.
Janubiy Koreya ko‘plab global inqirozlar: pandemiya, logistikadagi uzilishlar, iqlim o‘zgarishlari, xorijdagi qurolli nizolar, jahon energetika, oziq-ovqat bozorlarida vaziyat tanglashgan bir sharoitda yashayapti. Biroq, ishonamanki, biz barcha muammolarni yengib o‘tamiz, dedi Yun Sok Yol.
Ma’lumot uchun: Yun Sok Yol — 1960-yilning 18-dekabrida Seulda o‘qituvchilar oilasida tug‘ilgan.
1983-yili Seul universitetining huquq yo‘nalishida bakalavr, 1988-yili magistr darajasini qo‘lga kiritgan. Advokat sertifikatiga ega bo‘lsa-da, 1994-yildan asosan prokuraturada — uzoq yillar Tegu, Chxunchxon, Suvon, Pusan, Seul va boshqa ko‘plab yirik shaharlar prokuraturalari va mamlakat Bosh prokuraturasida xizmat qilgan.
Juda yirik ishlarga, xususan, Milliy razvedka xizmatining jamoatchilik fikriga ta’siri bo‘yicha tergovga, ikki sobiq prezident — Li Myon Bak (17 yilga qamalgan) va Pak Kin Xe (25 yilga qamalgan) korrupsiyada ayblangan ishlarga bevosita rahbarlik qilgan.
2019-yilda mamlakat bosh prokurorligiga tayinlangan, 2021-yilning mart oyida Koreya Respublikasi prezidentligi uchun saylovda qatnashish uchun lavozimidan iste’foga chiqqan.
Yun Sok Yol 2022-yilning 9-mart kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida 48,56 foiz ovoz bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter