Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusni yenggan Yangi Zelandiyaga epidemiya qaytdi (video)

Koronavirusni yenggan Yangi Zelandiyaga epidemiya qaytdi (video)

Foto: «1news»

Yangi Zelandiyada koronavirusga chalingan oxirgi bemor tuzalib chiqqani haqida 9-iyunda xabar bergandik. Ammo koronavirusning so‘nggisi bo‘lmaydi, shekilli... Kuni kechagi bayonotida ushbu mamlakat bosh vaziri Jasinda Ardern 19 sentyabrga belgilangan parlament saylovlari 17 oktyabrga ko‘chirilishini ma’lum qildi. Sababi — koronavirus. Bu haqda «The New Zealand Herald» xabar bergan.

Bosh vazir ushbu qaror mamlakat siyosatchilari bilan bamaslahat qabul qilinganini aytdi. 

Mamlakatda oxirgi dam olish kunlari 29 kishida koronavirus aniqlandi. Kasallikning faol shakli bilan og‘irganlar soni 78 nafarga yetdi. Bulardan 58 nafari kasallikni mamlakat ichkarisida yuqtirgan, qolgan 20 kishi esa chetdan olib kelgan. Besh nafar bemor shifoxonaga yotqizilgan, 86 kishi esa tashxisi chiqquniga qadar karantinga olingan.

Yangi Zelandiyada birinchi kovid-bemor 28-fevral kuni ro‘yxatga olingandi. Pandemiya davrida mamlakat bo‘yicha 1532 kishi kasallikdan forig‘ bo‘ldi, 22 kishi esa kasallik qurboniga aylandi.

11-avgust kuni, 102 kunlik tanaffusdan so‘ng, Yangi Zelandiyada to‘rt kishida koronavirus topilganidan so‘ng mamlakat bo‘ylab sanitariya-epidemiya cheklovlari yana tiklana boshladi.

Xususan, oraliq masofani saqlash, begonalar bilan muloqot qilmaslik, ommaviy tadbirlar qatnashchilari soni 100 kishidan ortib ketmasligi kabi cheklovlar.

To‘rt bemor aniqlangan Oklendda esa qoidalar yanada qattiq: odamlarga uylarida qolish uqtirilmoqda, ko‘cha va jamoat joylarida imkon qadar niqobni yechmaslik shart. Korxonalar, muassasa va idoralar butkul yopilgan, ta’lim maskanlari to‘liq onlaynga o‘tkazilgan. Bir joyda 10 dan ortiq odam to‘planishi mumkin emas. Shaharga kirish-chiqishni politsiya qattiq nazoratga olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring