Lazer nurlarini havo kemasiga yo‘naltirish holatlari ko‘payib boryapti – Uzbekistan Airports
Uzbekistan Airports aholini lazer nurlarining parvozlar xavfsizligiga salbiy ta’siridan ogohlantirmoqda.
Kompaniya axborot xizmatining ta’kidlashicha, havo kemalarining uchishi va qo‘nishi vaqtida lazer nurlarini havo kemasiga yo‘naltirish holatlari ko‘payib bormoqda. Shu munosabati bilan fuqarolarning bunday xatti-harakatlari uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1161-moddasida javobgarlik nazarda tutilganligi eslatilyapti.
«Ushbu moddaga asosan havo kemasidan foydalanish vaqtida havo kemasiga lazer nurini yo‘naltirish orqali xalaqit berish uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilab berilgan», – deyiladi kompaniya munosabatida.
O‘z navbatida, yo‘lovchilar va havo kemasi ekipaji a’zolarining hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazishi va xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida barcha fuqarolardan parvozlar xavfsizligini ta’minlash talablariga rioya etishlari so‘ralmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter