Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lukashenkodan navbatdagi fitnakor bayonot. Bu gal uzr so‘raladimi?

Lukashenkodan navbatdagi fitnakor bayonot. Bu gal uzr so‘raladimi?

A.Lukashenko Toshkent aeroportida. 2018 yil. Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Rasmiy Toshkent O‘zbekistonning Rossiya va Belarusni o‘z ichiga olgan Ittifoq davlatiga qo‘shilishi mumkinligi haqidagi bayonotga javob berganidan xabaringiz bor.

TIV rasmiy munosabatida hodisalarni yoritishda xolislik va betaraflikni da’vo qiladigan ba’zi chet el nashrlari ayrim xorijiy davlatlar rahbarlarining Ittifoq davlatini kengaytirish va unga O‘zbekistonning qo‘shilishi haqidagi asossiz fikrlarini tarqatishda davom etayotgani ta’kidlanadi. Shunga ko‘ra, O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan do‘stona munosabatlariga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan ig‘vogarona harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik uqtiriladi.

Xo‘sh, «xolislik da’vo qiluvchi chet el nashri» deganda qaysi OAV nazarda tutilgan? «Ayrim xorijiy davlat rahbarlari» deganda-chi?

Gap shundaki, joriy yil 28 aprel kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiyaning Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev bilan uchrashuvda sobiq Ittifoq respublikalari ham Ittifoq davlatiga qo‘shilishiga ishonch bildirgan edi.

Buning ortida Kremlning asosiy propaganda jarchilaridan sanalgan «Sputnik» nashri Lukashenko O‘zbekiston va Tojikistonning Ittifoqqa qo‘shilishini bashorat qilgani haqida xabar tarqatdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi esa bunga javoban yuqorida eslab o‘tilgan bayonotni berdi. Ijtimoiy tarmoqda ham Lukashenkoning boshqa davlatlarga siyosiy bosim deb baholash mumkin bo‘lgan bayonoti hamda «Sputnik»ning «nog‘ora chalgani» qizg‘in munozara uyg‘otdi. Telegramdagi «Platforma» kanali esa bu borada kechirim so‘rash lozimligini ham qayd edi.

«Tashqi ishlar vazirligining kechagi bayonoti garchi hiyla bosiqlik va xotirjamlik bilan bitilgan bo‘lsa-da, mohiyat e’tiboriga ko‘ra ko‘p qalblarda gumburlagan aks-sado berdi. Vatan, millat, ozodlik va hurlikni istagan, mustabidlikning har qanday ko‘rinishiga qalban qarshi bo‘lgan, O‘zbekistonning, xalqimizning sha’nini baland tutuvchi yurtdoshlarimiz bundan ko‘ngli xotirjam bo‘lgani shubhasiz. Biroq xo‘jasining haligisi bilan maqtanadigan bichilgan qul kabi o‘zini mustaqil atovchi «arkoni davlat»lar yoki dezinformatsiya tarqatayotgan fitnagir saytlar va manbalar bizdan kechirim so‘rashadimi, yo‘qmi? Xuddi Putin Lavrovning siyosiy xatosi uchun Isroildan kechirim so‘ragandek... Endi shu tomonini ham o‘ylashimiz kerak bo‘ladi. Toki, biz uchun hech kim, hech qachon hukm chiqarmasin!» – deb yozdi «Platforma» kanali.

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko joriy yil fevral oyida rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyovga bergan intervyusida ham O‘zbekiston sha’niga nomaqbul fikr aytgan edi. Markaziy Osiyo davlatlarining 10-15 yildan keyin istiqboli xususida fikr yuritaturib u O‘zbekistonning Ittifoqqa qo‘shilmasdan boshqa iloji qolmasligini iddao qilgandi.

«Rossiya va Belarus shaxsiy junni aralashtirib yubormayaptimi, mabodo?.. Bular navbatdagi axborot hujumini uyushtirishibdi. Maqsad ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Bir amallab eski imperiyani tiklab olish va hammani yagona davlatga birlashtirish. Avval aytganimdek, ilgari bunga yashirin da’vatlar qilingan bo‘lsa, endi surbetlarcha ochiq targ‘ibot va ba’zi joylarida tahdidga o‘tishmoqda. Ular tushunmayaptiki, O‘zbekistonning o‘z tanlagan yo‘li va prinsiplari bor. O‘zbekiston u xoh sharq bo‘lsin, xoh g‘arb bo‘lsin, boshqa davlatlar bilan teng sheriklikdagi o‘zaro manfaatlar yuzasidan hamkorlik qiladi», – deya kuyunib yozgandi o‘shanda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Belarus rahbari joriy yil yanvar oyida KXShT (ODKB) yig‘ilishida ham o‘ziga xos uslubda «fol ochgan».

«Qozog‘istondagi voqealar saboq bo‘lishi kerak deganimiz, kechirasiz-u, hammadan ham avval O‘zbekistonga taalluqli. Agar saboq olinmas ekan, bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, ularning nigohi O‘zbekistonga ham qaratilgan», – degan u.

O‘shanda ham Lukashenkoning bu chiqishi O‘zbekistonni KXShT tarkibiga kiritish harakatining tahdidli ko‘rinishi sifatida baholangan va jamoatchilikda keskin e’tiroz uyg‘otgan edi.

Pirovardida esa «Yevropaning so‘nggi diktatori» deb baholanadigan siyosatchining bahsli fikriga prezident Shavkat Mirziyoyev munosabat bildirgandi.

«Kuni kecha ba’zi davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealardan saboq chiqarishi lozimligi haqida asossiz bayonot berildi. Biz mintaqadagi vaziyatni, xavfsizlikka bo‘lgan barcha xavf-xatarlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz», – degan edi davlat rahbari.


Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring