Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Men ne deyman-u, qo‘bizim ne deydi... » – Surxondaryodagi hokimlikdan «antiqa» javob

«Men ne deyman-u, qo‘bizim ne deydi... » – Surxondaryodagi hokimlikdan «antiqa» javob

Joriy yilning 21-dekabrda saytimizda «Surxondaryo: mahalla raisi uzdirgan «gaz»ni butun mahalla ulatolmayapti» sarlavhali maqola e’lon qilgan va unda viloyatning Sariosiyo tumani markazidagi (markazidaki, shunday tuman hokimligi va prokuraturasining qarshisida joylashgan) mahallada bir necha yillar muqaddam mahalla raisining bir enlik xati sabab tabiiy gaz ta’minoti uzib tashlangani, bu «yangilik» hokimlik tomonidan darrovgina rasmiylashtirib ham qo‘yilgani va buning ortidan esa mingdan ortiq xo‘jalik qariyb 7 yildan buyon qishning sovuq kunlarida tezak-tappi yig‘ib kun ko‘rayotgani haqida hikoya qilingan edi.

Hokimlik yana «o‘z o‘rnida». Ya’ni bu safar maqolaga munosabatini ham kechiktirmadi. Ammo sarlavhada ta’kidlaganimizdek, uning «antiqa»ligi bor...

Munosabatning «antiqa»ligi shundaki, aholi murojaati asosida e’lon qilingan yuqoridagi materialimizda bot-bot mahalliy mutasaddi tashkilotlar murojaatchi aholiga bir necha yillardan buyon bir xil mazmundagi (hatto, matndagi) – shablon javob xatlarini berib kelgani, xalq esa bundan charchab, «bir sandiq» bo‘lgan bu javob xatlarini tahririyatga jo‘natgani haqida yozib, hokimlik va «Hududgaz Surxondaryo» gaz ta’minoti filiali bu borada qayta takrorga yo‘l qo‘ymasligidan va amaliy chora-tadbirlarga o‘tishidan umidvor edik.

Ammo bunday bo‘lib chiqmadi.

Har ikki tashkilot tezkorlikka urg‘u berib, arz qilingan murojaat matni bilan tanishib ham chiqmagan ko‘rinadi. Tanishib chiqanida esa hech bo‘lmaganida, tayinliroq, amaliy hal qilishga umid beruvchi, shablon javoblardan qochgan bo‘larmidi...

Biz bu yerda Sariosiyo tumani hokimligining rasmiy telegram kanalida berilgan munosabatni keltirib o‘tirmadik (u bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin). Chunki o‘quvchilarni takrordan zeriktirmaslikni lozim topdik.

Ushbu materialimizga qo‘shimcha sifatida esa, murojaatchi fuqarolarning kuyunib, 2022-yilning ikkinchi choragida mahallasi boshida «Metan zapravka» qurib ishga tushirishgani, «zapravka»ga topilgan gaz, nega aholiga kelganda yo‘q bo‘lishini tushunmayotganini keltirib o‘tishimiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring