Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Millionga yaqin abituriyentning shaxsiy ma’lumotlari «pullangan» bo‘lishi mumkin

Millionga yaqin abituriyentning shaxsiy ma’lumotlari «pullangan» bo‘lishi mumkin

Telefon raqamimga bir nechta xususiy universitetlardan «o‘qishga kirdingiz» degan SMS xabarlar kelmoqda. Xabarda hattoki ismimni ham yozishgan. Bunday xabarlarni siz ham olgan bo‘lsangiz kerak, deb yozmoqda huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

U barcha xabarlar my.uzbmb.uz saytidan abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan raqamiga kelayotganiga urg‘u bergan.

«Demak, mening telefon raqamim va boshqa shaxsiy ma’lumotlarim uchinchi shaxslar qo‘liga borib tushgan. Bo‘lib ham bitta universitetda emas, bir nechtasida bunday ma’lumot bor. Vaziyat jiddiy va qo‘rqinchli.

E’tiborli jihati, bunday xabarlar faqat joriy yildan kelishni boshlagani yo‘q. Avvalgi yillarda ham kelgan, lekin hech kim bunga qiziqmagan va chora ko‘rmagan», deydi bloger.

Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining ikki taxminini bildiradi:

1) Yoki uddaburon xakerlar UzBMB saytini buzib kirishgan va abituriyentlarning shaxsiy ma’lumotlarini o‘zlashtirishgan hamda uni ko‘chada pullamoqda;

2) Yoki sayt buzilmagan, ammo UzBMBdagi qaysidir xodimlarning o‘zi abituriyentlarning shaxsiy ma’lumotlarini ko‘chada pullamoqda.

«Shaxsan men 1-variantga uncha ishonmayman, 2-variant haqiqatga yaqinroq. Ikkalasidan qaysi biri bo‘lishidan qat’i nazar, kiberxavfsizlikka mas’ul organlar albatta buni o‘rganishi shart. Axir davlat tashkilotining bazasidan shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqishi hazil narsa emas.

Mening o‘zim tegishli organlarga nomimdan rasman ariza ham yuborib qo‘yaman, albatta. Buning tagiga yetishimiz kerak», qayd etadi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring