Mug‘om festivali g‘oliblari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 18–25 iyun kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida «Mug‘om olami» VI xalqaro festivali o‘tkazildi va unda yurtimiz vakillari munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Ushbu xalqaro festivalda Ozarbayjon, O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Misr kabi 20 dan ortiq davlatlardan 70 nafardan ortiq qatnashchilar ishtirok etishdi.
Mazkur festival ikki turdan iborat bo‘lib, tur yakunlariga ko‘ra, festivalda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti «Maqom xonandaligi» kafedrasi o‘qituvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mohichehra Shomurodova Gran-Pri, mazkur institutning «Maqom cholg‘u ijrochiligi» kafedrasi 2-bosqich talabasi Shohjahon Yoriyev 2-o‘rinni hamda Buxoro namunali maqom ansambli xonandasi Do‘stmurod Negmurodov 3-o‘rinni egalladi.
Xalqaro festivalda g‘olib bo‘lgan O‘zbekistonlik ishtirokchilarni 2023 yil, 27 iyun kuni, soat 02:30 da Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportda tantanali kutib olindi.
Tantanali kutib olish marosimida madaniyat va turizm vaziri O.Nazarbekov va boshqa ijodkorlar, maqom ansambli, raqqoasalar, karnay-surnay jamoasi ommaviy axborot vositilari vakillari qatnashdi.
Ma’lumot uchun: «Mug‘om olami» VI xalqaro festivali mug‘om va unga yaqin bo‘lgan musiqalar (maqom, muqam va boshqalar) ijrochilari o‘rtasida har ikki yilda o‘tkaziladi. Festivalning tashkilotchilari Haydar Aliyev jamg‘armasi, Ozarbayjon madaniya va turizm vazirligi va Ozarbayjon kompozitorlar uyushmasi hisoblanadi. Mazkur festival birinchi marta 2009 yil 15-25 mart kunlari Boku shahrida o‘tkazilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter