Muhojirlikda sochlari oqargan o‘qituvchi hikoyasi
(Salkam 20 yillik faoliyati davomida o‘qituvchilik ortidan oilasini boqolmay, muhojirlikda 13 yil farroshlik qilgan qorovul qismati)
Ish soatlari tugab, xona kalitini qoldirish uchun qorovulxonaga kirdim. Bino qorovuli telefon orqali kim bilandir bo‘g‘ilib so‘zlashardi.
«E, bo‘ldi, ixtiyoring, senga boshqa gapim yo‘q!»—dedi-da, jahl aralash qo‘l telefonini o‘chirdi.
«Tinchlikmi, Komil aka?»
«Qayerda tinchlik bo‘lsin, jurnalist opa. Shu o‘qituvchi jiyanimga tushuntirib-tushuntira olmayapman. Alg‘ov-dalg‘ov paytida Rossiyaga ishlagani ketaman, deydi. Bugun o‘qituvchilarga e’tibor yaxshi, maoshlari oshgan bo‘lsa. Bizning davrimizda-ku, mayli, ko‘p o‘qituvchilar majburlikdan ketganmiz musofirchilik xaltamizni yelkaga ilib...»—dedi tajang kayfiyatda.
«Iya, Komil aka, asli kasbingiz o‘qituvchimi? Sizning ham boshingizdan musofirchilik o‘tganmi?»,—so‘rayman qiziqishim ortib.
«Eh-he-yeye, boshimdan nimalar o‘tmagan bu musofirchilikda...»—o‘yga toldi bino qorovuli.
Suhbatimiz o‘z-o‘zidan ochilib ketdi. U musofirchilikdagi hayoti haqida so‘zlar ekan, bir-da kulib, bir-da ko‘zda yosh bilan gapirardi.
«Musofirchilikdagi hikoyam uzun, jurnalist opa. O‘zi musofirlarning hikoyasi uzun bo‘ladi, asli. Osonmas...,-chuqur «uh» tortgan ko‘yi hikoyasini boshlagan suhbatdosh, salkam 20 yil Shofirkon tumanidagi 49-sonli Turdi Jalilov nomli maktabda fizika fanidan dars bergan ekan.
«Sovet davrining ayni qulashi davrlarida faoliyatimni boshlaganman. Og‘ir yillar edi-da. O‘qituvchi – ilg‘or terimchi, o‘qituvchi – quruvchi, o‘qituvchi –cho‘lquvar, to‘g‘rirog‘i, o‘qituvchi – qul davrlar edi. Mehnatimizga yarasha haq to‘lanmasdi. Hatto, qiziqchi aytganidek, traktorchidan ham obro‘yi tushib ketgan, eng past maoshga ko‘nib ishlar edi o‘qituvchilar. To‘rt qizim, bir o‘g‘lim voyaga yetmagan, ayni yeb-ichaman, kiyaman, degan yoshda edi. Kenjatoyim endigina yetti oylik. O‘qituvchilik ortidan na ro‘zg‘or yuritib, na boshqa tashvishni ko‘rib bo‘lardi. Otam erta vafot etgan. Onam keksa. O‘zim o‘shanda qirq yoshdamanu, na uy-joy qurganman, na oilani tuzuk tebrata olganman. O‘qituvchilikdan tashqari, kimningdir xizmatini qilishga harakat qilsang, ustingdan kulishardi, izzat-nafsingga tegib, majlislarda haqorat qilishardi... Oxiyri, nochorlik jon-jondan o‘tdi. Kasbingni sevganing bilan undan daromad topolmasang, paxta dalalarida tepkilansang, qurilishi tugallanmagan binolarda g‘isht «yesang», majlislarda «koptok» bo‘lsang, qo‘l siltar ekan odam.
Musofirchilik xaltamni yelkamga ildim-da, Rossiyada uzoq yillardan buyon ishlab yurgan hamqishlog‘imiz Akbarning chaqiruvi bilan avtobusga chipta oldim.
Shofirkondan naryog‘ini ko‘rmagan bo‘lsam, uzoq yo‘lga chiqmaganman. Yetmaganiga 5 kunlik yo‘l. Havo issiq. Dim. Oyoqlarimizning ostigacha yo‘lovchilar yotib olishgan. Safarimizning ikkinchi kun tun yarmi edi-yov, Qozog‘iston chegarasiga yetib borgan ekanmiz. Bir payt qiy-chuv, to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Shundoq ko‘z ochsak, boshimiz ustida barzangiday-barzangiday formali yigitlar turishibdi. Ular o‘z tillarida pul, oziq-ovqat talab qilishayotgan ekan. Qarshilik ko‘rsatganlarni urib, do‘pposlashayapti. Haydovchi bechora: «Shafqat qilinglar yo‘lovchilarga, hech bo‘lmasa, yetib borguncha, oziq-ovqatlari qolsin»,—deydi. Ortiqcha gapirgani uchun haydovchini ham «ship-shiydon» qilishdi. «Benzin pulini anu yo‘lovchilaringdan yig‘asan endi!»-deyishibdi. Onam yopib bergan nonu kulchalaru, ayolim paypog‘im ichiga tikib bergan bir-ikki dollarniyam qoldirishmadi.
Bir avtobusda 30 dan ortiq yo‘lovchimiz. Yo‘ldagi bunday bosqinchilikdan so‘ng manzilda davom etarkanmiz, oramizdan kimdir birov alam ustida: «Ular 6 kishi edi. Hammamiz bir bo‘lib yopishsak bo‘larkan»,—dedi. Yana kimdir: «Dev o‘lsa, sherlar ko‘payadi»,—dedi. Hamma bu gapdan qah-qaha otib kuladi. Kimdir achchiq aralash, kimdir zavq bilan kuladi.
«Har doim shu chegaradan o‘tayotganda, yuraklarimizni hovuchlab o‘tamiz. Ahvol shu, o‘zgarmaydi. Benzin ham tugay, deb qoldi. Kimdadir nimadir qoldimi?»-deydi. Yo‘lovchilar hammamiz pul izlashga tushdik. Har kimning «hech kim bilmas» joyida yashirgani bor ekan (kulib). Yarim-yorti qilib, yo‘l haqlarini chiqara boshladik. «O‘zbeklarni kim, deb o‘ylashgandi. O‘n marta talashsayam, ayoli pul yashirgan joyni topisholmaydi»,—dedi bir sherigimiz. Qah-qaha battar avj oldi. Men ham do‘ppimni boshdan olib, uning ichiga yamoq ostiga yashirilgan «xazina»ni olar ekanman: «O‘zbekning boshi omon bo‘lsin-da!»—deb yubordim. Ich-etimizni bosqinchilik bilan nafsoniyatimizga tegilgani yeb tursa-da, bir-birimizga hazil-mutoyiba orqali dalda bo‘lishga urinardik. Uzoq cho‘l oralab yurgan masofalarni o‘ttizdan ortiq yo‘lovchi qand-qursu, bir-ikki qolgan nonlar bilan «bir mayizni qirq bo‘lib» bosib o‘tdik.
Besh kunda og‘a-inidek bo‘lib ketgan yo‘lovchilar manzilga yetganda, turli yo‘llarga tarqalishdik.
Men hamqishlog‘im Akbar tayinlagandek, uni O‘risiyaning bir avtoboshbekatlaridan birida kutdim. Qo‘l telefonim yo‘q. Bir bo‘lak qog‘ozchada yozib olganim Akbarning telefon raqamini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqaman. U bilan ko‘rishishimiz belgilangan vaqtdan besh soatlar, chamasi, o‘tdi hamki, Akbardan darak bo‘lmadi. Kech tushayapti. Qorong‘u. Sovuq. Bekatda yengilroq kiyimlarimga o‘ranib yotarkanman, och bo‘lsak ham yo‘l davomida bosib o‘tganimiz cho‘lning issiq havosini sog‘ingandek bo‘laman. Bosh bekatda kutayotganimga yetti soatdan oshdi. Atrofga alanglayman. Turli millat odamlari. O‘z tilimizdan boshqasini bilmasam. Ancha kutdim. Bir payt o‘zimga o‘xshagan do‘ppi kiyib olgan yigitga ko‘zim tushdi. Xursand bo‘lib, oldiga yugurdim. Meni eshitib turdi-da, savollarimga tojik tilida javob qaytardi. Tojikistonlik ekan. Tojikchada so‘zlashdik. Hamqishlog‘imga qo‘ng‘iroq qildi. Akbar bilan gaplashdim. Ikki soatlardan keyin yetib kelishini, zarur ishi chiqib qolganini bildirdi. Hafsalam pir bo‘ldi. Tojik og‘a meni tushundi, shekilli, bir piyola choyga qo‘yarda-qo‘ymay olib ketdi. Shundoq bosh bekatning muyulishidagi barga kirdik. Kecha-kunduz ishlar ekan. Tanovul qildik. O‘zini Ahmadali, deb tanishtirgan tojikistonlik yigit talaba ekan. Meni o‘zining yotoqxonasiga bir kecha tunashga taklif qildi. Hamqishlog‘im halizamon yetib kelishini aytib, minnatdorlik bildirdim. Suhbatimiz yarim tungacha davom etdi. Ammo, Akbar kelmadi. Talaba yigitga boshqa tanishlarim bor, uy manzilini bilaman, sen ertaga o‘qishingga borishing kerak, deb uning tinchini o‘ylab, yolg‘on gapirgan ko‘yi manziliga bemalol ketaverishini bildirdim. Ahmadali men bilan qadrdonlardek quyuq xayrlashib, manziliga ravona bo‘ldi.
Tashqaridagi bekat va men yolg‘iz qoldik. Shu ko‘yi charchoqdan necha soat uxlab qolganman bilmadim. Bir payt boshimni ostiga qo‘yib yotganim sumkalarim tortqilanayotganidan cho‘chib uyg‘onib ketdim.
«Tur, yotaverarkan-da, bir mundoq qishloqdan olib kelgan patir-kulchalaringni chiqarsang-chi!»—qarshimda ishshayib turardi Akbar.
Undan jahlim chiqqan emasmi, salomlashib ko‘rishish davomida unga noroziligimni bildirib qo‘ya qoldim.
«Shunchayam bo‘lasanmi, odam, deb senga ishonib keldim. Hayhotday yetti yot notanish shaharda o‘zim bilan o‘zimni qoldirding... »-xo‘mraydim.
«Bo‘ldi, bo‘ldi, vaysama, tur. Bugun sahardan ishni boshlashing kerak»
«E-e, sani qara-yu, ishdan qochish uchun kelmadim, ammo hali charchoq jon-jonimni o‘ygan, tanimdan chiqib ketmagan»
«Ishlayversang, charchog‘ing chiqadi!»—yana ishshaydi Akbar.
Ikki-uch soat dam olib-olmay, Akbarning «podyomi»dan uyg‘onib ketdim. Nonushta paytida Akbar qayta-qayta qishloq kulcha-patirlarini so‘radi, unga yo‘ldagi voqeani aytib berdim.
«Xa-xa-xa, hali bundan battarlarini ko‘rasan. Bu hali holva. Nima, senga Rossiya «olma pish, og‘zimga tush»mi?»-dedi.
***
Bolalikdan loy qorib, zuvala tortib, qalama, bolorlarni yelkalagan bo‘lsak, qurilishi qiyin ekanmi, dedim o‘zimcha. Yo‘q. Beton, sement, g‘ishtu armaturalar bilan ishlash oson emas ekan. Ustiga-ustak, to‘yib ovqatlana olmaysan. Bir piyola choyingni ichmay turib, «podyom»lar boshlanadi. Salgina charchoqdan mizg‘ib qolsang, prorabning tayoqlaridan bellaring zirqirraydi. Olti oy shu ko‘yi ishladim. Biroq, oylikdan darak bo‘lmadi.
«Nima, sani hujjatli ishlaring, yeb-ichayotganing hisobmasmi, shoshma, olasan-da, o‘sha oyligingni»,— po‘pisaga o‘tgandi hamqishlog‘im.
«Uyga pul jo‘natishim kerak. Maktab boshlanayapti. Bolalarga maktab formalari olish kerak. Bir-ikki so‘m bersang-chi, insofingni yedingmi, yarim yil bo‘ldi kelganimga!”—dedim jahl ustida.
Akbar shu gapimdan so‘ng bolalar kiyim-kechagiga yetar-yetmas pul berdi. Tezda pulni uyga jo‘natdim. Shunday kunlarning birida boshqa manzilda kechayotgan qurilish ishlariga jalb etildik. U yerda Sobir, Chori, Matkarim, Ashur kabi hamqishloqlarimga duch keldim. Xazina topgandek, bir-birimiz bilan baqirishib ko‘rishibmiz. Bu hamqishloqlarimning Rossiyaga kelishganiga ikki yildan oshgandi, xuddi dom-daraksiz «yo‘qolishgan»di.
«Komil, pasporting qayerda?»
«Akbarda».
«Qayerda, kim bilan yashayapsan?»
«Akbar bilan».
«Unda nima qilasan, nima qo‘yasan, o‘zingniyam, bizning ham pasportlarni o‘g‘irlaysan! Ipsiz bog‘langanmiz. Ikki yildan buyon ishlagan pulimizni bermaydi. Majbur zahar yutib yashayapmiz!»-hamqishloqlarim boshlaridan o‘tgan kechinmalarni so‘zlab berishar ekan, yuragim orqaga tortib ketdi.
«Faqat biz bilan uchrashganingni, ko‘rishganingni Akbar, hatto, xayoligayam keltirmasin. Iloji boricha, o‘z ob’yektingda ishla. Bizning ob’yektga yaqinlashma. Sezib qolmasin. Sendan iltimosimiz ham, iltijoimiz ham shu! Seni bizga Xudoning o‘zi yubordi»,—ikki yildan buyon qiynalib, ochlik va og‘ir mehnatdan boshqasini ko‘rmagan bolalikdagi jo‘ralarimning ahvoliga achinib ketdim. Akbar o‘z hamqishloqlarini quldek ishlatar, o‘z vaqtida ovqatlantirmas, pasportini yashirib, boshqa davlatlarga sotib yuborish po‘pisasi bilan qo‘rqitar, kerak bo‘lsa, urib, kaltaklattirar ham ekan. Hayvondan ham battar vahshiylashib ketgan Akbarning ishlaridan nafratlanib ketdim.
Shu kuni ishdan horg‘in qaytdim.
«Kayfiyating buncha tirriq. Hm. It quvdimi?»—so‘radi Akbar.
«...»
«Manga qara. Bir-ikki kun ishga borma. Shu uyni tartibga keltir. Yuv-tozala. Kirlarim ham bijg‘ib yotibdi. Evaziga qorning to‘yib ovqatlanasan!»-xuddi itga suyak tashlagandek menga muomala qildi u.
Bir xayolim o‘rnimdan turib, abjag‘ini chiqarib, do‘pposlamoqchiyam bo‘ldim. Ammo, qishloqdosh jo‘ralarimniyam, o‘zimniyam uning zulmidan qutqarishim kerak. Shuni o‘ylab:
«Xay, shef, bajaramiz!»—dedim.
Bu gapim Akbarga moyday yoqib ketdi, shekilli, o‘zini viqor bilan tutib: «Sen bola, o‘sasan!»-dedi.
Ertasi sahar bilan Akbar uydan chiqib ketdi. Hammayoqni yuvdim, tozaladim. Pasportlarni izlamagan joyim qolmadi. Hech qayerda yo‘q. Faqat shkaf va uning ichida o‘rnatilgan qulflog‘liq seyf mani xayolimni olgandi. «Hujjatlar shuning ichida bo‘lsa kerak!» Ammo, kalit Akbarda bo‘lsa, uni olish o‘lim bilan barobar.
Kun kechga yaqinlashganda, eshik vajohat bilan taqilladi. Shoshib ochsam, Akbarning oyog‘i gipslangan, yuz-qo‘llari shilingan ko‘yi ikki barzangi tanishi bilan eshik oldida turardi.
Yigitlar Akbarni yotoqqa olib kirib ketishdi.
«Bolaga qaragandek parvarishlaysan—buyruqnamo so‘zlashdi yigitlar.
Akbar qurilish ob’yektiga borib, bir-ikki ishchini kaltaklayotib, o‘zining aybi bilan birinchi qavat tomidan qurilish chiqindilari uyumiga yiqilib tushibdi. Ichimdan «sal yuqoriroqdan yiqilib tushsang bo‘lmasmidi?»-degan kechinma o‘tdi. «Buni, asli, ishchilarning qarg‘ishi urgan»,—o‘ylandim.
Xayolimda faqat jo‘ralarimning iltijo bilan aytgan: «Seni bizga Xudoning o‘zi yetkazdi!»—degan so‘zlari qayta-qayta o‘tardi.
Barzangi yigitlar, mendan uy kalitini olib, eshikni ustimizdan qulflab ketishdi.
Akbar tun yarmida menga aynan o‘zim zabt etishni istayotganim – narigi xonadagi seyfning kalitini berib, ichidan dorilarni olib berishimni so‘radi.
«Seyfda pul ko‘p. Hammasi sanab qo‘yilgan. Tag‘in, aqling shoshib, ularni o‘g‘irlab, meni o‘ldirib ketma!»—shunday holatdayam sovuq so‘zladi Akbar.
«Agar bu pullar biz ishlagan pullar bo‘lsa ham, sani harom kuningga buyursin, deymanu, ammo o‘g‘irlik qilmayman. Puling boshingni yesin!»—dedim jahl ustida.
«Bo‘ldi, bo‘ldi, o‘zingni bos, hazillashdim. Senga ishonmasam, seni o‘zim bilan bir kun ham olib turmasdim»,—dedi sovuq irjayib Akbar.
Seyfning kaliti mening uchun katta imkon edi. Menga esa faqat pasportlar bo‘lsa, bas. Qishloqdoshlarimni bunday manfur kimsaning qutqunidan ozod qilishim kerak.
Shunday bo‘ldi ham. Seyfni ochishim hamono, uning ichidagi pachka-pachka o‘ris pullariyu dollarlarni ko‘rib, rosti aqlim shoshdiyam. Bunaqa pulni umrimda ko‘rmaganman. Bir xayolim rostdan buzilganiniyam yashirmayman. Ammo “Astag‘furulloh, Astag‘furulloh, Astag‘furulloh»,—deya kalimamni keltirdim.
«O‘-o‘, nima qilding buncha, bo‘la qol. Yoki rostdan ham aynidingmi? »
«Ha, aynidim, dori o‘rnida zahar qidiryapman senga, zahar qayerda?»—dedim men ham bo‘sh kelmay.
«Pullarning chap yoniga qara, qattaroq tortma bor yana. Sen aytayotgan zahar o‘sha yerda!»—qah-qah otib kulib so‘zladi Akbar.
Xuddi shu tortmada allambalo hujjat va ko‘plab pasportlar ham bir fayl papka ichida qalashib yotardi. U qanday hujjat, u kimlarning pasporti meni qiziqtirmasdi. Shoshilinchda, ammo ichki qo‘rquv va titroq bilan ularni shu xonadagi kravat ostiga tashlab yubordim. Va dorilarni Akbarga olib bordim.
«Ha. Buncha titraysan. Nima balo, jin quvdimi?»
«Yo‘q, pullaring «bizni o‘g‘irla!» deb quvdi»,—dedim ham hazil, ham chin aralash.
«Hmmm-mm...»—dedi Akbar.
U dorilarni ichdi. Og‘riqlari biroz bosildi, shekilli, so‘z qotdim:
«Akbar. O‘zing aytgandek, men ham hozir sening ojizligingdan foydalanib, seni o‘lasi qilib kaltaklab, pullaringni o‘marib ketishim mumkin. Ammo, bunday pastlik qilolmayman. Sandan iltimos, ishchilaringning, mening pullarimni ber. Adashmasam, senga bizning ish haqilarimizni qurilish tashkiloti rahbari o‘z vaqtida yetkazib turgan ko‘rinadi»,—dedim maydalashmay.
«...»
«Bu jarohatingni bekorga olmagansan. Allohni jazosidan qo‘rq! Bundan ham battari bo‘lishi mumkin edi»
Akbar bu gapimdan sergak tortdi. So‘ng uxlab qoldi. Men esa bu paytda barcha hujjatlarni yashirib, eshikdan olib chiqib ketishim uchun qulay qilib qo‘ygandim...
Hali tun g‘ira-shirasi ko‘tarilmay turib, Akbar anu barzangi yigitlarni uyga chaqirdi. Ich-etim suv bo‘ldi. Pasportlar yo‘qolganini sezib qolishsa bormi, uyni ag‘dar-to‘ntar qilib, bir deganda topishadi va o‘zimni o‘lasi qilib jazolashadi. Shu o‘ylar bilan turgandim, eshikni tashqaridan ochib kirishdi.
Yigitlar na salom, na alik Akbarning xonasiga kirib ketishdi.
«Ko‘ringlar-chi, hammasi joyidami?»
Oradan birmuncha vaqt o‘tmay, seyf «o‘rganilayotgan» xonadan javob keldi:
«Ha, hammasi joyida. Rusdan 14, Amerikadan 8 pachka. Taxi buzilmagan!»
«Vo-o, o‘zimning hamqishlog‘im... Qani yigitlar, shu Komil jo‘ramning halolligi uchun ishchilarga bugun bir pachka tarqatinglar!»—dedi.
«Bir pachkang nima bo‘lardi? Senda ikki yildan ortiq vaqtdan beri ishlab kelayotganlar bor. Vijdoningni yema!»—dedim.
«Bo‘ldi. Ikki pachka tarqatlaring. Ammo, Komilga bir chaqayam bermalaring. Uyam ikki yildan keyin oladi maoshini!»—dedi jiddiy va qat’iy!
Mening ko‘zimga pul ko‘rinmas, qanday qilib bo‘lsayam, hujjatlarni olib, shu eshikdan chiqib ketish edi maqsadim.
Haligi yigitlar birmuncha pullarni olib, eshikni yana ustimizdan qulflab ketishmoqchi edi, ichkaridan Akbarning ovozi eshitildi:
«Kalit eshikda qolaversin. Man Komilga ishonaman!»
Shu kuni kechgacha Akbarni parvarishladim. Ovqatlantirdim. Yuvdim-taradim. Dorilarini berdim. Og‘riq qoldiruvchi dorisidan birmas, ikkita berdim. Men uchun toshday qotib uxlab qolsin edi. Shunday bo‘ldi ham.
Tun yarmida hujjat va pasportlarni oldim-da, eshikni ochiq qoldirgan ko‘yi taqdirga tavakkal qilib, juftakni rostladim.
Bu paytda qurilishi tugallanmagan binoning «podvali»dagi hamqishloqlarim ham uxlab yotishardi. Xuddi o‘g‘ri mushukka o‘xshab, podvalga kirdim. Va ularni sekin uyg‘otdim. Men faqat to‘rtovlon hamqishloqlarimning emas, balki yana 7 nafar andijonlik, 3 nafar tojikistonlik va 2 nafar toshkentlik musofirlarning ham pasportlarini qo‘shib olib chiqqan ekanman. O‘z pasportini qo‘lga kiritgan hamqishloqlarim boshqa sheriklarini ham tanishlarini aytishdi. Bu orada Akbarga insof berib, kecha ozroqdan mehnat haqlarini bergani haqidayam so‘zlashdi. Men esa indamadim. O‘sha kecha xuddi izquvarlardek yo‘l tutdik. Akbarning qiynoqlaridan ikki yildan buyon jabr ko‘rib kelayotgan jami 16 nafar go‘yo qutqundagi musofirlarning pasportlarini yetkazdik. Bilganim, o‘sha kechaning o‘zidayoq, 15 nafar musofir pasportini olib, o‘zlari istagan tarafga qochishgan.
Biz beshovlon esa bir taraf. Hamqishloqlarim tong otishi bilan yurtga qaytish uchun chipta olishdi. Ularni o‘zim bosh bekatdan kuzatib qo‘ydim.
Qo‘limda pasportim va jo‘ralarim menga to‘rt-besh so‘m pul va Chorining shaxsiy qo‘l telefonini qoldirishdi.
«Qaytishni istamas ekansan, bu telefonni ol-da, ertagayoq raqamini o‘zgartir. Keyin bizga yangi raqamdan qo‘ng‘iroq qil!»—deyishdi.
Men ham o‘sha kechaning o‘zida Rossiyaning Sank-Peterburg shahridan Nijniy Novgorod shahriga qarab yo‘l oldim. Bu paytda tilni ancha-chuncha o‘zlashtirib olgan va odamlar bilan bemalol muloqotga kirisha olardim...
«Nijegorodskiy metropoliten»dan Burnakovskaya bekatiga keldim. Mutlaqo holim qolmagandi. Ishonasizmi, shundoq bekatda gitara chalib, qo‘shiq kuylab turgan o‘ris fuqarosining yoniga kelib, cho‘kkaladim-da, uxlab qolibman.
Oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmadim, ikki kishining tortishuvidan uyg‘onib ketdim. Bir yigit va qiz. Adashmasam, fizika faniga oid bir masalada tortishishardi. Ularni eshitib turdim-da, har ikkisiyam xato qilayotganini miyig‘ida kulib, tushuntirdim. Avvaliga bekatda yotgan «gado»ning bilimidan hayratga tushishdi, keyinrok esa internetdan allambalolarni tekshirib ko‘rgan bo‘lib, chehralari ochilib ketdi. Ammo, fizika fani o‘qituvchisining xor bo‘lib, metro bekatlarida tunab yurganiga achinishdi. Qizning buvisi Nadya Nikolayevna, degan ayol bir paytlar shu metro bekatida ishlagan ekan. Yoshlar bilan bir pasda til topishdik. Uylarigayam olib ketishdi.
Nadya Nikolayevnaning ko‘magi bilan Burnakovskaya bekatida farrosh bo‘lib ishga kirdim. Meni esa shu yaqin atrofdagi uylardan birida ijaraga qo‘yishdi. Ko‘p o‘tmay, Nadya Nikolayevnaning nevarasi Marina ota-onasining oldiga – Irkutskka ko‘chib ketibdi. Nadya Nikolayevna esa turmush o‘rtog‘i Andrey Timarov bilan ijara uyimga kelishdi. Ular yolg‘iz zerikishganini, ular bilan birga yashashimni taklif qilishdi. Men esa ular yashaydigan manzil Burnakovskaya bekatidan ancha yiroqdaligi, har kuni qatnob ishlashda qiynalib qolishim mumkinligini aytdim, tushuntirishga urindim.
Ular esa o‘z xonadonlariga olib kelishdi. Qatnab ishlay boshladim. Metrodagi ishim uchun katta miqdorda maosh to‘lashardi. Ammo, ko‘lami ham shunga yarasha, masalan, soat 06:30 dan 06:30 gacha, 08:00 dan 08:30 gacha, yoxud 16 soatgacha ham ish bor edi. Eng og‘iri, bu siyosat faqat migrantlar uchun edi. Oradan ko‘p o‘tmadi, qish chillasi kunlaridan biridan Andrey Timarov vafot etdi. Uni so‘nggi manzilga kuzatdik. Endi har kuni ishdan charchab kelganim yetmagandek, bu xonadonning bog‘idagi ishlar ham o‘zimga qolib ketgandi. Non-tuz berishdi, joy berishdi, mehr ko‘rsatishdi. Shunday vaziyatda 70 yoshli keksa kampirni yolg‘iz qoldirib ketolmadim. Kun-uzun metro atroflarini tozalash, qor kurash, ko‘mir tashish... suyaklarim zirqirrab uyga qaytardim, uzoq masofa bosib.
Yana oradan ikki yilcha o‘tib, surunkali og‘ir jismoniy mehnat ta’sirimi, to‘shakka yiqildim. Ertalab tursam, chap qo‘l va oyog‘im uvishgan, ishlamaydi. Hatto, barmoqlarim ham harakatdan to‘xtagan. Qo‘rqib ketdim. Hali qishloqda imorat bitmagan. Bolalar ulg‘ayishyapti. O‘zbekchilik qursin, shunday paytda ham tez tuzalib ketishni emas, bolalarimni uyli-joyli qilishni o‘ylabman.
E, ishonasizmi, falaj bo‘lib qolgan ekanman. Afsuski, aynan shu falaj bo‘lib yotgan kezlarimda onajonimning vafot etgani xabari kelgandi. Bu qanday ko‘rgulikki, o‘z volidamni oxirgi manzilga kuzata olmadim. Besh singlim o‘g‘il o‘rnida o‘g‘il bo‘lgan. Endi hammasi tamom, shu yerlarda o‘lib ketaman, deb o‘ylagan edim. Yo‘q, Nadya Nikolayevna xuddi bolasiga qaragandek meni parvarishladi. To‘rt oy, deganda muolajalari bilan meni oyoqqa turg‘izdi. Yana ishga kirishdim, harakatga, kuchga to‘ldim. Ammo, ishimdan ayrilib bo‘lgandim. Nadya Nikolayevnaning bog‘-rog‘iga qaradim, daraxtu ko‘chatlarini parvarishladim. Kunlar suvdek o‘tardi. To‘ng‘ichimning talaba bo‘lganini eshitib, quvondim. Uyga talpindim. Buni sezgan Nadya Nikolayevna barcha xarajatlarimni ko‘tarib, sovg‘a-salomu yirik pul bilan meni qishloqqa jo‘natdi. «Ammo, qaytib kelgin-a, o‘g‘lim. Seni kutaman»,—dedi...
5 oy, deganda va’daga vafo qilib, Nadya Nikolayevnaning hovlisiga qaytdim. Meni uning qizi Marina qarshi oldi. Onasining og‘ir betob bo‘lgani, kasalxonada ekanini aytdi. Birgalikda kasalxonaga bordik. Besh-olti kun o‘tar-o‘tmas, Nadya Nikolayevnaning ham joni uzildi.
Shundan so‘ng bir muddat Nijnegorodskiy metropolitenining Kanavinskaya bekatida ishlay boshladim. Ayni shu yerda meni Akbarning qo‘l ostida ishlaydigan muhojirlardan biri uchratib qoldi. Lekin uni ko‘rib, ko‘rmaslikka oldim. Chunki farg‘onalik bu yigit Akbarning yugurdaklaridan biri edi. U mening oldimga kelmagan bo‘lsa ham, negadir, yuragim taka-puka bo‘ldi. Xuddi Akbar keladi-yu, meni o‘zimdan tashqari, yana 15 nafar musofir bolani pasportini o‘g‘irlab berib qochirganimning alamini oladi. Shu boismi, bir-ikki kun ishda ko‘rinmadim. Afsuski, uchinchi kun falokat oyog‘im ostidan chiqdi. Tun yarmida ishdan qaytayotganimda metro bekatidan chiqib, daraxtzor oralab ijara uyimga borayotganimda, notanish kimsalar meni o‘lasi qilib do‘pposlashdi. Qo‘l-oyoqlarim lat yegan, lablarim yorilgan, yuzlarim timdalangan holda muzday ariqqa otib ketishdi. Qo‘limga “Akbardan salom” degan yozuvli xat qoldirib ketishibdi. Shu ko‘yi sudralgacha, o‘zim yashaydigan ko‘p qavatli uylarning podvaliga bordim. O‘n-o‘n beshtacha muhojir shu yerda kun kechirardik. Shularning ko‘magi bilan sog‘ligimni tikladim. Akbarning bu harakatidan achchiqlanib, 6 kishi o‘zaro kelishdik-da, aynan u ishlaydigan Sank-Peterburgga borib ishlashga qaror qildik. Ikki-uch kun, deganda Sank-Peterburgga joylashdik. Ishlab chiqarish zavodlaridan biridan ish topdik. Afsuski, bu vaqtda biz, 6 kishining Rossiyada «yurish» patentimiz tugab qolgan ekan. Endi u hujjatsiz bir qadam jilolmaymiz. Rossiya politsiyasi ushlaydi-da, qamab qo‘yadi yoxud deport qilib yuboradi. «Bos»imiz toshkentlik edi, u ham «patenti»miz tugaganidan jahllandi. Bizni e’tiborsizlikda, vaqtida ogohlantirmaganlikda aybladi.
“Bo‘ldi, o‘zim senlarni muammolaringni hal qilaman. Pulini to‘lab qo‘yasanlar. Buning uchun birrovga bo‘lsayam, Qozog‘istonga kirib chiqishlaring kerak!»-dedi.
Biz esa buni tushunmaymiz. Bos o‘zining «inomarka»sini guvillatib yoqdi-da, mashinaga o‘tirishga chaqirdi. Sankpeterburg-Moskva masofa 600 kilometrdan uzoq. Moskva-Qozog‘iston, qariyb, 3500 kilometr.
«Patentni yangilash uchun Moskva-Buxoro qilishlaring shartmas, Qozog‘istonga kirib chiqamiz!»- «arlondo»sini yelday uchirardi bos.
7 kishi bir avtoulovda, oson emas! Oyoqlar uvishgan. Hatto, tuz tatib olish uchun ham mashinani to‘xtatmaydi. Faqat hojatgagina bir muddat to‘xtab olish mumkin. Bosning «temir qoidasi»dan qo‘l-oyoq tomirlarimiz uvishdi. Oyoqlarimiz shu qadar shishib ketganki, aytish qiyin. Yonimdagi yigitlar-ku, yosh-yalang, men qariyb, ellikka kirayapman, ustiga-ustak, Akbarning kaltaklari hali to‘la bitmagan. Qozog‘iston chegarasiga shundoq kirdigu, hujjatlar muhrlangach, yana shundoq qaytdik. Jarlikdan o‘tar ekanmiz, hushim boshimdan oshdi. Xuddi yosh boladek baqirib yig‘lab yuboribman. Dalda berishdi-yu, mashinani to‘xtatishmadi. Ishonasizmi, uch kecha-kunduz bosimiz na uxlab, na tin olib, mashinasini surdi. Jonim azobda qolganidan unga shikoyat qilsam-da, kuchiga, chidamliligiga tan bergandim...
Ijara uyga kelib, patentni qo‘lga oldim. Bir enlik qog‘oz uchun chekkan azoblarimiz o‘laroq, xo‘rligim kelib, yana yig‘lab yubordim.
«Komil aka, bu bolalaringizning sog‘inchi, biroz keksayib charchaganingiz ta’siri. Agar qarshi bo‘lmasangiz, yangi patentingiz muddati tugashi bilan sizni o‘z hisobimizdan yurtingizga jo‘natamiz»,-dedi bosimiz.
Oilam ancha tinch, o‘zini tiklagan, hovli-joylar havas qilarli, 4 farzandim ilm etagidan tutishgan edi bu paytda.
Taxminan, o‘n uch yildan ko‘p vaqtim xorijda, musofirchilikda kechdi. 2020 yilda butun dunyo pandemiyadan aziyat chekdi. Jumladan, o‘zim ham. 40 yoshida yurtidan chiqib ketgan navqiron yigit sochlari oqargan, erta keksaygan, sog‘ligini yo‘qotgan 53 yoshli cholga aylanib qoldim. Pandemiyaning ta’siri o‘laroq, ancha hol yo‘qotgandim. Yana qariyb, bir yilni jonim azobda, kasalchilik bilan o‘tkazdim. 2021 yilda bosimiz o‘zi aytganidek, o‘z hisobidan charter samolyotda O‘zbekistonga qaytardi.
Hali pensiya yoshimga yetmaganim uchun yana o‘zim salkam yigirma yil faoliyat ko‘rsatganim maktabga ishga chaqirishdi. Endi tasavvur qiling, ta’lim tizimidan chiqib ketgan, lozim bo‘lsa, fizik bilimlarniyam ancha esdan chiqargan bo‘lsam. Bu holda o‘quvchi-yoshlarga qanday ta’lim bera olaman. Vijdonim yo‘l qo‘ymadi. Maktabda, o‘zim sevgan va yoqtirgan kasb bo‘lishiga qaramay, yillar selida bor bilimlarimni yo‘qotganim evaziga menga farzandini ishonib topshirgan ota-onalarga xiyonat qila olmasdim.
Meni yana o‘qituvchilikka undagan farzandlarim oxiyri otasining taqdirning achchiq qismati bilan «yaroqsiz o‘qituvchi»ga aylanib qolganini tushunib yetishdi. Yana takror aytaman, bizda o‘tish davrining og‘ir damlarida muhojirlikda mehnat qilishdan boshqa chora qolmagan edi. Biroq, bugungi kun o‘qituvchisi musofirchilikka kun o‘tkazishga majbur emas va ular uchun imkon juda katta. Shu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanishlari kerak. Qolgani Xudodan.
Ha, aytmoqchi, qishloqqa qaytib, xuddi yoshlardek entikdim. Shunday kunlarning birida Akbarni o‘zining hovlisi yonida uchratib qoldim. U bir oyog‘i va bir qo‘li kesilgan ahvolda nogironlik aravachasida xomush o‘tirardi. Ichkaridan farzandining: «Oyi, otamizni o‘zingiz olib kiring, men ishga shoshyapman, vaqtim yo‘q. Tekintomog‘ingizni o‘zingiz ovqatlantiring!»—degan ovozi eshitildi...
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter