Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nobel laureati, yozuvchi Mario Vargas Losa vafot etdi

Nobel laureati, yozuvchi Mario Vargas Losa vafot etdi

Foto: Grupobbc

Perulik yozuvchi, dramaturg, publitsist va siyosiy arbob, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Mario Vargas Losa 89 yoshida Limada vafot etdi. Yozuvchining o‘limi haqida uning o‘g‘li Alvaro Vargas Losa ma’lum qildi.

Uning nomi ispanzabon adabiyotini yuksak rutbaga ko‘targan Xuan Rulfo, Karlos Fuentes, Xorxe Luis Borxes, Gabriel Garsia Markes singari so‘z san’atkorlari qatorida e’tirof etiladi. Zamonaviy va tarixiy mavzudagi romanlari Lotin Amerikasi fikr ahliga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.

Adib «Shahar va ko‘ppaklar» (1963) deb nomlangan ilk romani bilanoq tilga tushgan. «Yashil rangli uy» (1966), «Kapitan Pantaleon va hojatbarorlar rotasi» (1973) asarlarida hokimlar va tobelar, zolimlar va mazlumlar mavzusi qalamga olingan. «Ibodatxonadagi muloqot» (1969), «Qiyomat qo‘pganda» (1981), «Takaning bayrami» (2000) romanlarida esa mustabidlik tuzumlarining anatomiyasi badiiy mahorat bilan chizib berilgan.

Adib 1990-yillar boshida siyosiy arbob sifatida maydonga chiqib, «Demokratik front»dan Peru prezidentligiga nomzodini ko‘rsatdi. Biroq saylovda muhandis Alberto Fuximoriga imkoniyatni boy bergach, yozuvchi yana qizg‘in ijodga qaytadi. Keyingi yillardagi izlanishlar mevasi sifatida «Satang qizning sarguzashtlari» (2006), «Keltning tushi» (2010) romanlari dunyo yuzini ko‘rdi.

Mario Vargas Losa (1936–2025) — Ispaniya qirollik akademiyasi a’zosi, bir qator nufuzli universitetlar faxriy doktori. Romulo Galegos (1967), Shahzoda Asturiyskiy (1986), Servantes (1994), Chino del Duka (2008) nomidagi xalqaro mukofotlar sohibi. Hokimiyat tuzilmasini hamda insonning isyon, kurash va mag‘lubiyatini tasvirlashdagi mahorati uchun 2010 yili unga adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti berilgan.

Manba: ziyouz.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring