Nuroniylardan har birimiz xabar olishimiz kerak — Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan faxriylarning ziyoratiga bordi. Xabar.uz muxbiri tomonidan ma’lum qilinishicha, davlat rahbari shuningdek OAV xodimlari bilan ham muloqotda bo‘ldi.
«Bugungi bayram bilan muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni tabriklayman. Faxriylarimizni asrash bizning burchimiz. Har birimiz borib ulardan xabar olishimiz lozim.
Shaxsan o‘zim ham, boshqa rahbarlar ham nuroniylarimizni ziyorat qilib kelyapmiz. Bugun 98 yoshli Abbos ota bilan suhbatlashdim. Ularning gaplarini eshitib, ko‘nglim ko‘tarildi! Berlingacha borgan otaning o‘zi jonli tarix», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari shuningdek jurnalistlar bilan uchrashuvda xalq manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi va OAV vakillaridan xalq bilan muloqotda yana-da faolroq bo‘lishni so‘radi.
«Bizning har bir harakatimiz xalqimiz manfaati yo‘lida amalga oshiriladi. Ko‘rib turibsizlar, iloji boricha yaxshiroq sharoit yaratishga harakat qilyapmiz. Obodonlashtirish ishlari olib borilyapti, har bir rahbardan avvalo xalqni rozi qilishni talab qilyapmiz. Albatta qilingan ishlar hali yetarli emas, ammo biz to‘g‘ri yo‘ldamiz.
Sizni yana ko‘rib turganimdan xursandman. Har doim aytganman, ommaviy axborot vositalari mening yelkadoshim. Maqsadimiz xalqimizni rozi qilish. Siz ko‘tarayotgan muammolardan rahbarlar ancha xushyor tortib qolgan. Biz belni mahkam bog‘lab, birgalikda ishlashda davom etamiz.
Olib borilayotgan ishlarni, amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqimizga yana-da kengroq yetkazsangiz yaxshi bo‘lardi. Shunda odamlarimiz bizning maqsadimizni to‘liqroq tushunardi va qabul qilardi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter