Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olimlar 17 ming COVID bemori o‘limini gidroksixloroxin bilan bog‘ladi. O‘zbekiston ham bu doridan keng foydalangandi

Olimlar 17 ming COVID bemori o‘limini gidroksixloroxin bilan bog‘ladi. O‘zbekiston ham bu doridan keng foydalangandi

Olimlarning fikricha, COVID pandemiyasining boshida bemorlarga gidroksixloroxin buyurilgan va bu oltita mamlakatda deyarli 17 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu dori samarasini qattiq himoya qilib chiqqandi.

Oltita davlatda – Fransiya, Belgiya, Italiya, Ispaniya, Turkiya va AQShda 16,9 mingga yaqin odam koronavirus pandemiyasining birinchi to‘lqini davrida gidroksixloroxin preparatini qabul qilish oqibatida halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Fransuz tadqiqotchilari shunday xulosaga kelishdi. Ularning tadqiqot natijalari Biomedicine & Pharmacotherapy jurnalida chop etildi.

Olimlarning ta’kidlashicha, gidroksixloroxin «uning klinik foydasini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligiga qaramay» buyurilgan. 2021 yilda Nature jurnalida chop etilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, gidroksixloroxindan foydalanish yurak ritmining buzilishi va boshqa nojo‘ya ta’sirlar tufayli o‘limni 11 foizga oshirgan. O‘lganlar soni sezilarli darajada yuqori bo‘lishi mumkin, chunki tadqiqot faqat gidroksixloroxin eng ko‘p buyurilgan 2020 yilning martidan iyuligacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.

JSST 2020 yil iyun oyida ba’zi bemorlarda yurak bilan bog‘liq muammolar aniqlanganidan keyin gidroksixloroxinni COVIDni davolash vositasi sifatida sinovdan o‘tkazishni to‘xtatdi. AQSh sog‘liqni saqlash vazirligi ham bezgakka qarshi gidroksixloroxin va xloroxinning favqulodda foydalanishga ruxsatini bekor qildi, chunki mutaxassislar ular xavfli yon ta’sirga ega bo‘lishi mumkinligini aniqlagandilar.

O‘zbekistonda SSV tomonidan 2020 yilning avgust oyida e’lon qilingan koronavirusni davolashda qo‘llanilayotgan dorilar ro‘yxatida gidroksixloroxin bor edi.

2020 yilning oxirlariga kelib O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi dunyo bo‘yicha davolashdagi samarasi isbotini topmagan, profilaktika bo‘yicha esa biror tadqiqot yakuniga yetmagan gidroksixloroxin preparatini yana katta hajmda sotib oladi. Nafaqat sotib oladi, balki majburiy tartibda talabalar va OTM o‘qituvchilari uchun sota boshlaydi. 

SSV vakili vazirliklar qo‘shma qarori talabalar va pedagoglar salomatligini o‘ylab qabul qilinganini aytadi. 

O‘zbekistonlik mutaxassis Klara Yodgorova gidroksixloroxinning samarasiz ekani haqida TV-ko‘rsatuvda fikr bildirgani uchun esa tahdidlarga uchraydi.

Ushbu dori vositasi atrofidagi mash-mashmashalar boshlangan vaqtda o‘tkazilgan anjumanda AOKA huzuridagi shtabda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibulla Oqilov O‘zbekistonda 12 mingga yaqin koronavirusga chalingan bemorlar «Plakvenil» (gidroksixloroxin) dorisi bilan davolanganini qayd etgandi. 

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov AQSh prezidenti maqtovidan keyin gidroksixloroxinni sotib olish boshlanganini eslagandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring